Maxsus iqtisodiy zonalarda yerni onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi bekor qilinadi

O‘zbekiston 08:13 / 21.06.2024 1442

Prezidentning «Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha bilan maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, sanoat zonalarini boshqarish tizimini takomillashtirish orqali tadbirkorlik muhitiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish bo‘yicha yagona regulyator (vakolatli organ) etib Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi belgilanmoqda, sanoat zonalarini boshqarish mahalliy hokimliklar, Savdo sanoat palatasi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Loyihaning ijrosi bilan bog‘liq kutilayotgan natijalar:

  • maxsus iqtisodiy zonalarda joylashtirish uchun loyihalarni tanlash va investorlarga yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha vakolatlar hukumat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalarda yer uchastkasini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi bekor qilinadi;
  • sanoat zonalarida investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni aniq belgilagan holda yer uchastkalarini elektron auksionga chiqarish hamda loyihalarni joylashtirish mahalliy hokimliklar tomonidan tashkil etiladi;
  • maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish direksiyalari (farmon qabul qilingunga qadar xususiy boshqaruvga berilgan maxsus iqtisodiy zonalar bundan mustasno) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuriga o‘tkaziladi;
  • maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million AQSh dollari ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi.
Ko‘proq yangiliklar: