Qishloq xo‘jaligi vazirligi vazirlik huzuridagi “Ma’muriy xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi MIBdan 1,6 mlrd so‘m qarzdorligi bo‘lgan holda 585 mln hamda 420 mln so‘mga ikkita mashina xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagani haqidagi xabarga rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, vazirlik huzuridagi “Ma’muriy-xo‘jalik xizmati” davlat muassasasi va pudratchi o‘rtasida tuzilgan 2 ta shartnoma bo‘yicha bajarilgan ta’mirlash ishlari natijasi yuzasidan “Ipoteka bank” ATIB xodimlari ishtirokida nazorat o‘lchovi o‘tkazilgan. Jarayonda pudratchi tomonidan 1,65 mlrd so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarilmasdan, hujjatlarga qo‘shib yozilgani, shuningdek, shartnomalar bo‘yicha majburiyatlar to‘liq bajarilmagani, ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmagani hamda ta’mirlash ishlari o‘z muddatida yakunlanmasdan, shaharsozlik norma-qoidalariga muvofiq foydalanuvchiga topshirilmasdan qolinganligi holatlari aniqlangan.
“Shu munosabat bilan, Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining qaroriga nisbatan taftish tartibida shikoyat kiritilib, suddan hozirgi vaqtda Yashnobod tumani MIB ish yurituvidagi ijro hujjatlariga asosan “Ma’muriy-xo‘jalik xizmati” davlat muassasasiningg 1,6 mlrd so‘mdan ziyod qarzdorligi bo‘yicha qarorni bekor qilish hamda pudratchiga ta’mirlash ishlarini nihoyasiga yetkazish va obektlarni foydalanuvchiga topshirishni yuklatish, shuningdek, bajarilmagan ishlar, qo‘shib yozish va obektlarni o‘z muddatida topshirmaslik holatlari bo‘yicha hisoblangan 0,83 mlrd so‘mlik penyani undirib berish so‘ralgan”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Vazirlik avtomobil xarid qilish ma’lum shaxs ehtiyoji yoki manfaati uchun emas, balki ish unumdorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini qo‘shimcha qilgan.