Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘lining moliyaviy taqsimoti ma’lum qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Keneshining 19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishidagi ma’lumotlarga tayanib, Spot xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyihaning umumiy qiymati 4,7 mlrd dollarni tashkil etadi. Shundan 2,35 mlrd dollar ishtirokchi davlatlar tomonidan ularning loyihadagi ulushlariga muvofiq taqsimlanadi. Xususan, Xitoy 1,18 mlrd dollar, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning har biri 573 mln dollardan sarmoya kiritishi lozim.
Qolgan 2,35 mlrd dollar Xitoy tomonidan ajratiladigan notijorat kredit hisobidan moliyalashtiriladi. Hozirda bu borada Xitoy Eksimbanki va XXR Milliy banki bilan muzokaralar olib borilyapti. Temiryo‘l qurilishi 6 yil davom etishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 6 iyun kuni Pekinda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi bo‘yicha bitim imzolangandi.
Bitimga muvofiq, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi joriy yil oktyabr oyida boshlanishini aytgandi.