Sirdaryoda hokim o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olindi

O‘zbekiston 17:28 / 20.06.2024 13498

DXX respublikaning bir nechta hududida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlarini fosh qildi.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorga qo‘shni Sardoba tumani hududidan 6 gektar yer maydoni olib berish evaziga 20 ming AQSh dollari hamda viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan va Sayxunobod tumani hududida joylashgan 50 sotix yer maydonini yengil konstruksiya ko‘rinishida qurilish qilishi uchun ijara shartnomasi asosida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSh dollari, jami 25 ming AQSh dollari talab qilgan. U DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan fermer xo‘jalik rahbari xo‘jalikning 3,37 gektar yerini hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan qo‘shimcha yer maydonini – jami 7 gektar yer maydonini sirdaryolik xaridorga 2 mln AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 200 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zining o‘g‘lini nomida bo‘lgan MChJga investitsiya kiritish sharti bilan issiqxona qurish uchun tuman hududidan ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali 50 ta kottej qurmoqchi bo‘lgan xaridor nomiga o‘tkazib berish evaziga 500 ming AQSh dollari, turmush o‘rtog‘ining nomidagi  MChJga qarashli, Yangiyo‘l shahrida joylashgan bino va uning 486 metr kvadrat maydonini ham xaridorga sotish va u yerda 12 qavatli uy qurishi uchun mas’ul idoralardan ruxsat olib berish evaziga 440 ming AQSh dollari, jami 940 ming AQSh dollari talab qilgan. U so‘ralgan pul mablag‘idan 400 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga “Xalq banki”ning viloyat filiali balansida turgan va “Ye-Auksion” portali orqali savdoga chiqarilgan – Quyichirchiq tumanidagi 13,05 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali olib berish evaziga 260 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 130 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. 

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari tuman hokimining 2015 yildagi qarori bilan paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida foydalanish uchun ajratib berilgan yer maydonining 5,5 gektar qismini xaridorga 150 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, kelgusida yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan 190 ming dollardan 120 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan. 

Qayd etilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: