Rossiya YeXHT PAdagi ishtirokini to‘xtatmoqchi

Jahon 13:01 / 20.06.2024 3737

Rossiya Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi (YeXHT PA) a’zoligini to‘xtatib, ushbu organga to‘lovlarni amalga oshirmoqchi emas. Davlat dumasi bilan birgalikda shunday qaror tayyorlanishi haqida 19 iyun, chorshanba kuni Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko ma’lum qildi. Xalqaro ishlar qo‘mitasiga 3 iyulga belgilangan navbatdagi yig‘ilish uchun tegishli hujjat loyihasini tayyorlash topshirildi. 

Matviyenko Rossiyaning YeXHT PA a’zoligi to‘xtatilishi sababini yaqinda Ruminiya rasmiylari assambleya navbatdagi sessiyasi uchun Rossiya delegatsiyasiga kirish vizalarini berishdan bosh tortgani bilan izohladi va buni oxirgi chiziq deb atadi. 

Tolstoy: Rossiya endi yig‘im to‘lamaydi 

Delegatsiya rahbari, Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Petr Tolstoy har ikki palata Rossiyaning YeXHT Parlament assambleyasidagi ishtirokini to‘xtatib turishni qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi. Unga ko‘ra, Rossiya allaqachon a’zolik badallarini o‘tkazishni to‘xtatib qo‘ygan. «Bu masala hal bo‘lgan, biz endi to‘lamaymiz, xalq pullarini tejaymiz», dedi Tolstoy «Interfaks»ga bergan intervyusida. 

Davlat dumasining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy, o‘z navbatida, bunday qaror qabul qilinishi anchadan beri kutilganini aytdi. «Bu biz YeXHTning o‘zidan chiqib ketamiz degani emas, lekin uning parlament tarkibiy qismiga kelsak, afsuski, Rossiya delegatsiyasining u yerda faoliyatini davom ettirishi uchun boshqa sharoit yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi Slutskiy.

Ruminiya rossiyaliklarga viza berishdan bosh tortdi

YeXHT PAning navbatdagi yillik sessiyasi 29 iyundan 3 iyulga qadar Buxarestda bo‘lib o‘tadi. Rossiya Federatsiya kengashi Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Grigoriy Karasinga ko‘ra, Ruminiya TIV nota yuborgan, unda RF delegatsiyasi a’zolarining birontasiga Ukrainaga qarshi urush tufayli mamlakatga kirish uchun viza berilmasligi aytilgan.

Shu bilan birga, Rossiya delegatsiyasi avvalroq YeXHT PAning kamida ikkita sessiyasida ishtirok etishdan bosh tortgan edi - 2023 yil kuzida Yerevanda va 2024 yilning qishida Vena shahrida, deb xabar qildi RBK agentligi assambleya kotibiyatiga tayanib. 2022 va 2023 yillarda Britaniya va Kanadada bo‘lib o‘tgan assambleyalarda rossiyalik parlamentariylar viza olish bilan bog‘liq muammolar tufayli qatnashmagan. 

2023 yil iyul oyida YeXHT Parlament assambleyasi terrorchilik tashkiloti deb tan olingan «Vagner» XHK moliyalashtirilishi munosabati bilan Rossiyani tanqid ostiga oldi. 2023 yil fevralida bo‘lib o‘tgan YeXHT PA yig‘ilishida Rossiya delegatsiyasi keskin tanqidlarga uchradi. «Ba’zi parlamentariylar jinoiy tajovuzning sheriklaridir», dedi assambleya raisi Margareta Sederfelt va rossiyalik hamkasblarini fuqarolik huquqlari, ommaviy axborot vositalari erkinligi va adolatli saylovlarga putur yetkazayotganlikda tanqid qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: