Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat hozircha ogohlantiruvchi yadroviy zarba berish imkoniyatiga muhtoj emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yadroviy doktrinadagi o‘zgarishlar haqida o‘ylamoqda. Putin Rossiya xavfsizlik sohasidagi global o‘zgarishlarga e’tibor qaratayotganini qo‘shimcha qildi.
«Biz hozir yadro doktrinasida nimani o‘zgartirish mumkinligi haqida o‘ylayapmiz. Har holda, biz ehtimoliy dushman buning ustida ish olib borayotganini, yadro qurolidan foydalanish chegarasini pasaytirish bilan bog‘liq yangi elementlar ustida ishlayotganini bilamiz», dedi Putin.
Rossiya rahbari so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari hozir «o‘ta kam quvvatli portlovchi yadroviy qurilmalar»ni ishlab chiqmoqda. Putinning ta’kidlashicha, G‘arb ekspertlari bunday qurollardan foydalanishni maqbul deb bilishadi va doktrinani o‘zgartirish ehtimoli aynan shu bilan bog‘liq.
Avvalroq, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyans «dushmanlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri signal» berish uchun o‘zining yadroviy arsenalini dunyoga namoyish qilishi kerakligini aytgan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, NATO maqsadi - yadroviy qurolsiz dunyo. Kreml Stoltenbergning so‘zlarini «keskinlikning kuchaytirilishi» deb atadi.