Navoiyda 43 km pulli yo‘l quriladi

O‘zbekiston 19:43 / 20.06.2024 8239

Navoiy viloyatida pulli yo‘l qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi Normat Tursunov rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytgan. Tashrif chog‘ida ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan bir qancha kelishuvlarga erishilgan.

Jumladan, Xitoyning Sian shahrida Navoiy-Sian hududlari o‘rtasida investitsiyalar, sanoat va savdo hamkorligiga bag‘ishlangan ishbilarmon doira vakillari uchrashuvi o‘tkazilgan. Unda Sian shahri ishbilarmon doira vakillariga viloyatning investitsion va sanoat salohiyati, viloyatda zamonaviy turar joy majmualari va avtomobil yo‘llari qurilishining istiqbollari hamda viloyatning drayver sohalari hisoblangan kimyo, qurilish materiallari, elektrotexnika, tekstil va boshqa sanoat tarmoqlarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan 50 dan ortiq investitsion loyiha takliflari yuzasidan taqdimot qilingan.   

Uchrashuv davomida Sian shahrining bir qator kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

Xususan, Shaanxi Roenter International Supply Chain Co., Ltd kompaniyasi bosh menejeri Sara Xe bilan viloyatning M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘liga parallel ravishda 43 kmlik pulli yo‘l qurish konsepsiyasi muhokama etilgan. Xitoy tomoni kompaniya mutaxassislaridan iborat bo‘lgan ishchi guruhi tuzilib, Navoiy viloyatiga tashrif buyurishi hamda loyihani amalga oshirish yuzasidan texnik-iqtisodiy asosnomasi ishlab chiqilishi bo‘yicha kelishib olingan. 

Shuningdek, Xiangshui Changyang Chemical Co Ltd kompaniyasi ta’sischisi bilan viloyatda kimyo texnoparki tashkil etish yuzasidan, Dongguan Huaxin Laser Technology Co., Ltd kompaniyasi mas’ullari bilan viloyatda har xil quvvat va o‘lchamdagi energiya tejamkor elektrodvigatellarini ishlab chiqarish borasida kelishuvlarga erishilgan.

Viloyat delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasida qator yirik kompaniya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.  

Qayd etilishicha, safar chog‘ida Xitoy kompaniyalari bilan viloyatda zamonaviy biznes-markaz, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlarini qurish, 100 gektar maydonda “O‘zbekiston – Xitoy” sanoat zonasini tashkil etish, mebelchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish hamda viloyatda charmni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish, viloyatda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish va hududdagi konlarni o‘zlashtirish, misni qazib olish va qayta ishlash kabi qator sohalarda kelishuvlarga erishilgan.

Ko‘proq yangiliklar: