Makkada jazirama tufayli halok bo‘lganlar soni mingdan oshdi

Jahon 20:16 / 20.06.2024 9365

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Makkada Haj vaqtida halok bo‘lgan ziyoratchilar soni ming  kishidan oshgan. Bu haqda AFP xabar berdi. 

O‘lganlar sonining ko‘payishiga havo haroratining 50 darajadan oshib ketgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Qayd etilishicha, minglab insonlar Haj ziyoratiga kiruvchi Arofat tog‘ida turganida quyosh urishi qurboni bo‘lgan. Ko‘pchilik shifoxonaga yotqizilgan. 

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi ziyoratchilarga quyosh ta’siri ostida qolmaslikni, ko‘p miqdorda suv ichishni va havo haroratining eng yuqori cho‘qqilarida imkon qadar pana joylarda bo‘lishni tavsiya qilgan. 

Xabarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida misrliklar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shuningdek, Tunis, Iordaniya, Eron, Senegal, Indoneziya va boshqa mamlakatlar fuqarolari bor. 

Bu yil butun dunyodan 1 million 800 mingdan ortiq ziyoratchi Makkaga Haj ziyorati uchun borgan. O‘tgan yili iyun oyi oxiridagi Haj ziyorati chog‘ida jazirama va tashnalik tufayli kamida 240 kishi halok bo‘lgan edi. 

Saudiya Arabistonidagi g‘ayritabiiy yuqori harorat global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liqligi ta’kidlanmoqda. Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Makkada o‘rtacha harorat har o‘n yilda muntazam ravishda 0,4 darajaga ko‘tarilib boryapti.

Ko‘proq yangiliklar: