AQSh korporatsiyasi Ukrainada o‘q-dorilar ishlab chiqaradi

Jahon 11:34 / 20.06.2024 2867

Amerikaning Northrop Grumman harbiy-sanoat korporatsiyasi Ukrainada o‘rta kalibrli o‘q-dorilar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda kompaniya vakili Deyv Bartellga tayanib, 19 iyun, chorshanba kuni Breaking Defence xabar berdi. «Northrop bilan hamkorlikda ishlab chiqarish shartnomasi AQShning yirik mudofaa pudratchisi va Ukraina hukumati o‘rtasida Ukrainada ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ochiq tasdiqlangan birinchi kelishuvdir», — deyiladi nashrda. 

Parijda bo‘lib o‘tgan Eurosatory 2024 xalqaro ko‘rgazmasida so‘zga chiqqan Bartellning so‘zlariga ko‘ra, loyiha kelajakda 155 mm kalibrdagi tank va artilleriya o‘q-dorilari, shuningdek, boshqa snaryadlarni ishlab chiqarishni qamrab olishi rejalashtirilgan. Northrop vakili rejaning tafsilotlarini keltirmadi. 

Davlat kotibining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Stenli Braun, o‘z navbatida, Davlat departamenti Ukraina mudofaa sanoati bazasiga 2 milliard dollar sarmoya kiritishni nazarda tutuvchi yangi dasturi AQSh-Ukraina qo‘shma ishlab chiqarishini yanada kengaytirish uchun eshik ochishi mumkinligini ta’kidladi. 

Northrop Grumman shtab-kvartirasi Virjiniya shtatida joylashgan. Korporatsiya mudofaa daromadlari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi, bu yiliga taxminan 32,5 milliard dollarni (30 milliard yevrodan ortiq) tashkil etadi. 

Ukrainada Rheinmetall va «Ukroboronoprom» qo‘shma sexi ochilgan

Ukrainada «Ukrainskaya oboronnaya promyshlennost» davlat kompaniyasi (sobiq «Ukroboronprom») va Germaniyaning Rheinmetall konserni zirhli transport vositalarini ta’mirlash va ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi qo‘shma sexi ochildi, deya ma’lum qildi 10 iyun kuni Ukraina strategik sanoat vaziri Aleksandr Kamishin. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ukrainalik mutaxassislar sexda Germaniyadan kelgan hamkasblarining texnik nazorati ostida ishlaydi» va «Ukrainada soliqlar to‘lanadi».

O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Dmitriy Klimenkov «Ukrainskaya oboronnaya promyshlennost» va Rheinmetall birinchi qo‘shma sexining ochilishi Ukraina mudofaa salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. «Bu bizga nemis texnikasini to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina hududida tezkor ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash imkonini beradi, bu esa Qurolli kuchlarimiz samaradorligini sezilarli darajada oshiradi», — deya uning so‘zlarini keltiradi «RBK-Ukraina» internet-nashri. 

Rheinmetall har yili o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukrainada 155 mm kalibrdagi NATO artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, Kiyev ularni hozircha faqat import qilishi mumkin. Dastlabki snaryadlar 2025 yilning yozida Ukrainadagi ishlab chiqarish liniyasidan chiqishi kutilyapti. 

Ko‘proq yangiliklar: