To‘qayev Ukrainada qozog‘istonlik jurnalistga uyushtirilgan suiqasdga izoh berdi

Jahon 22:38 / 19.06.2024 8642

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qozog‘istonlik jurnalist Aydos Sodiqovga Ukraina poytaxti Kiyev shahrida uyushtirilgan suiqasdga munosabat bildirdi. 

U Ostonadagi tantanali tadbirda aytganidek, Qozog‘iston qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘lidan boradi. 

«Siz mening prinsipial pozitsiyamni bilasiz: mamlakatda qonun va tartib hukmron bo‘lishi kerak. Jamiyatimizdagi barcha nizo va kelishmovchiliklar faqat qonunchilik doirasida, amaldagi qonunchilik asosida, asosiy xalqaro standartlarga muvofiq hal etilishi kerak. Kecha Kiyevda Qozog‘iston fuqarosi Aydos Sodiqovga nisbatan sodir etilgan jinoyatni aynan shu nuqtai nazardan, ko‘rib chiqish zarur», dedi u. 

To‘qayev diplomatik departament va huquq-tartibot idoralariga ushbu jiddiy voqea yuzasidan Ukraina tomoniga rasmiy so‘rov yuborishni topshirganini aytdi. Agar kerak bo‘lsa, Qozog‘iston rasmiylari haqiqatni aniqlashda yordam berish uchun tergovga qo‘shilishga tayyor, deb qo‘shimcha qildi u. 

18 iyun kuni Kiyevda Aydos Sodiqovga hujum qilingani haqida xabar tarqalgan edi. Ukraina Milliy politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxs to‘xtab turgan mashinaga yaqinlashib, ichidagi Sodiqovni o‘qqa tutgan va qochib ketgan. 

Jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan, uning ahvoli og‘ir ekani aytildi. Kiyev politsiyasi qotillikka urinish bo‘yicha jinoiy ish ochdi. 

Aydos Sodiqov bir necha bor Qozog‘iston hukumatini tanqid qilgani, shuningdek, 2022 yil yanvaridagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagani, shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevni rossiyaparastlikda ayblagan keskin tanqidlari bilan tanilgan. U 2014 yilda qochqin maqomini olgan va Ukrainaga oilasi bilan ko‘chib o‘tgan. 

Ko‘proq yangiliklar: