Shvetsiya parlamenti AQSh bilan mudofaa bo‘yicha kelishuvga ovoz berdi

Jahon 08:41 / 19.06.2024 2672

Shvetsiya parlamenti Vashington bilan mudofaa bo‘yicha bahsli kelishuvga ovoz berdi, deb xabar qilmoqda 18 iyun, seshanba kuni kechqurun qator mahalliy OAV. Besh soat davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng kelishuvga 266 deputat ovoz berdi, 37 nafari qarshi chiqdi, qolgan 46 deputat esa majlisda ishtirok etmadi. Qonun loyihasi qabul qilinishi uchun 75 foiz ovoz olish zarur edi.

Qabul qilingan rezolyutsiya muxoliflari bu Shvetsiyada yadro qurolining joylashtirilishiga va bu mamlakatda AQSh doimiy harbiy bazalari joylashishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. «Kelishuv Shvetsiya tuprog‘ida yadroviy qurolga yo‘l ochadi. Biz yadroviy qurol nishoniga aylanamiz», - dedi muxolifatdagi «yashillar» partiyasi yetakchilaridan biri Daniel Xelden. Partiya Vashington bilan kelishuvga keskin qarshi chiqdi.

AQSh Shvetsiyada o‘z qonunlariga amal qilmoqchi 

Dekabr oyida Stokholm va Vashington o‘rtasida imzolangan kelishuv Qo‘shma Shtatlarga Shvetsiyadagi 17 ta harbiy baza va o‘quv poligonlariga kirish hamda o‘z qurol-yarog‘i, harbiy texnikasi va o‘q-dorilarini mamlakatda saqlash imkonini beradi. Shartnoma kuchga kirishi uchun Shvetsiya parlamenti AQSh harbiy xizmatchilari Shvetsiya hududida bo‘lganlarida Amerika qonunlariga bo‘ysunishlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishi kerak. 

Shvetsiyaning Dagens Nyheter gazetasiga ko‘ra, Norvegiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi kelishuvda Norvegiya yadro qurolini saqlash yoki qo‘llash mashqlarini qabul qilmaydi, degan band bor. Biroq Shvetsiya-Amerika kelishuvida bunday band yo‘q, deya qayd etadi nashr, ammo Shvetsiya zarur deb bilsa, ayrim mudofaa materiallarini saqlashdan bosh tortishi mumkin. 

Harbiylar: Rossiyaning Su-24 samolyoti Shvetsiya havo hududini buzdi 

Rossiya harbiy samolyoti 14 iyun kuni Boltiq dengizidagi Gotland oroli sharqida Shvetsiya havo hududini qisqa muddatga buzdi. Shvetsiya Qurolli kuchlari bayonotida Su-24 ogohlantirish olgani, biroq unga javob bermagani, shundan so‘ng Shvetsiyaning ikkita JAS-39 Gripen qiruvchisi uni tutib olish uchun ovora bo‘lgani, ular hamrohligida Rossiya samolyoti Skandinaviya mamlakatini tark etgani aytiladi.

Gotland Rossiyaning Kaliningrad shahridan 300 kilometrdan kamroq masofada joylashgan bo‘lib, u yerda Rossiya HDFning Boltiq floti shtabi joylashgan. Shvetsiya harbiy doktrinasiga ko‘ra, bu orolni kim nazorat qilsa, u Boltiq dengizidagi havo va dengiz harakatini ham nazorat qilishi mumkin. 

Shvetsiyaning NATOga kirishi 

Shvetsiya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi fonida Finlandiya bilan bir vaqtda NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi. Biroq, Finlandiya allaqachon Shimoliy Atlantika mudofaa ittifoqining a’zosi bo‘lsa, Turkiya va Vengriya Shvetsiyaning NATOga kirishini uzoq vaqtdan beri to‘sib qo‘ygan. Anqara Stokholmni migratsiya siyosatida haddan tashqari yumshoqlikda hamda Turkiya va boshqa mamlakatlarda taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a’zolarini himoya qilishda aybladi. Budapesht Shvetsiyani Vengriyadagi huquqiy tizimning cheklovlarini tanqid qilgani munosabati bilan «tuhmat»da aybladi. 

AQSh Turkiyaga uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishni boshlaganidan keyingina Anqara o‘z pozitsiyasini yumshatdi. Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson Budapeshtga tashrif buyurib, bu davlat bilan harbiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olganidan keyin Vengriya qarshiligi yengib o‘tildi. Yanvar oyi oxirida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiyaning alyansga kirishini tasdiqlovchi protokolni tasdiqlagan edi. Fevral oyi oxirida Budapesht parlamenti Stokholm arizasini ratifikatsiya qildi. 2024 yil 7 martda Shvetsiya NATOga rasman a’zo bo‘ldi. 

Ko‘proq yangiliklar: