Germaniya kansleri Olaf Shols noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda federal hukumat va Germaniyaning sharqiy yerlari bosh vazirlari o‘rtasida to‘liq birdamlik ko‘rmoqda. 18 iyun, seshanba kuni Vittenbergda oltita federal yer hukumati rahbarlari bilan uchrashuvdan so‘ng Shols «uzoqqa mo‘ljallangan qarorlar» o‘tgan yili qabul qilingani va tez orada kuchga kirishini aytdi. «Biz bu tendensiya davom etishini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz», dedi federal kansler Germaniyadagi immigrantlar sonining pasayish tendensiyasiga ishora qilib.
Hozirda Germaniyaning sharqiy yerlari hukumat rahbarlari konferensiyasiga rahbarlik qilayotgan Saksoniya-Anxalt bosh vaziri Rayner Xaseloff kanslerning muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tgani haqidagi so‘zlarini to‘liq tasdiqladi. Siyosatchi uchrashuvda ko‘tarilgan barcha mavzular bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
Bosh vazir bildirganidek, o‘tgan hafta Magdeburg yaqinidagi Volmirshtedtda sodir etilgan pichoqli hujum deportatsiya amaliyoti bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatdi. Odamlar hozir o‘zlarini xavfsiz his qilishmayapti, dedi Xaseloff. Shuningdek, u o‘ng qanot populist «Germaniya uchun muqobil» (GuM) Germaniyaning sharqiy qismida eng nufuzli partiyaga aylangani qabul qilib bo‘lmas ekanligini aytdi.
Saksoniya-Anxaltda pichoqli hujum sodir bo‘ldi, qurbon va yaradorlar bor
Der Spiegel jurnali xabar berishicha, 14 iyun kuni kechqurun Germaniyaning Volmirshtedt shahrida 27 yoshli afg‘onistonlik Germaniya va Shotlandiya o‘rtasidagi Yevro-2024 ochilish o‘yinini tomosha qilayotgan odamlar shaxsiy bazmiga bostirib kirgan. U 50 yoshli nemis ayol va 75 yoshli nemis erkakni pichoqlagan. Yana bir 56 yoshli erkak yengil jarohat olgan. Keyinroq ayol olgan jarohatlaridan vafot etgan.
Jinoyatchi chaqiruv bo‘yicha kelgan politsiyaga «pichoqqa o‘xshash narsa» bilan hujum qilgan va ikki zobit unga qarata o‘q uzgan. Biroz vaqt o‘tgach, hujumchi kasalxonada vafot etdi. Erkak avvalroq shu shahardagi ko‘p qavatli uylardan birida 23 yoshli afg‘onistonlik yigitga hujum qilgani ma’lum bo‘ldi. Jabrlanuvchi olgan jarohatlaridan o‘sha kuni kechqurun vafot etgan.
Der Spiegel nashrining yozishicha, hujumchi avvalroq terrorchilik yoki radikal faoliyat bilan bog‘liq holda Germaniya xavfsizlik organlari e’tiboriga tushmagan. Saksoniya-Anxalt Ichki ishlar vazirligi rahbari Tamara Tsisxang shahar ko‘chalarida sodir etilgan hujumdan so‘ng yer politsiya kuchlari kuchayishini, Volmirshtedtdagi voqea «har tomonlama va maqsadli» tekshirilishini aytdi.
Afg‘onistonliklarning hujumlari Germaniyada tizimli tus olmoqda
11 iyun kuni Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida pichoq bilan qilingan hujum natijasida 41 yoshli ukrainalik ayol jarohat oldi, deb xabar berdi Bild. Jinoyatda gumonlanuvchi 19 yoshli afg‘onistonlikdir. Politsiya uni jinoyat sodir bo‘lganidan keyin ko‘p o‘tmay qo‘lga oldi - u huquq-tartibot xodimlaridan butalar orasida yashirinishga harakat qildi. Hujum qilgan shaxs hibsga olindi.
Bundan oldin Mannxaym shahrida afg‘onistonlik Pax Europa tashkiloti mitingi ishtirokchilariga pichoq bilan hujum qilgan. 31 may kuni sodir bo‘lgan hujumda bir necha kishi yaralangan. Politsiyachi Ruven L. boshiga bir necha marta pichoq urilgan va 2 iyun kuni u shifoxonada vafot etgan. Politsiyachining o‘limi va tinch aholiga qilingan hujum bilan bog‘liq fojia nemis jamiyatini larzaga soldi va afg‘on qochqinlarini qabul qilishni to‘xtatish, ularni o‘z vatanlariga deportatsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qilishga turtki berdi.