Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya harbiy samolyoti tomonidan Shvetsiya havo hududi buzilgani sababli Rossiya elchisi Viktor Tatarinsevni chaqirtirdi. Bu haqda 18 iyun, seshanba kuni TIV saytida xabar berildi.
Avvalroq Shvetsiya qurolli kuchlari 14 iyun kuni Rossiyaning Su-24 bombardimonchi samolyoti Boltiq dengizidagi Gotland oroli sharqida Shvetsiya havo hududini qisqa muddatga buzib kirganini ma’lum qilgandi. Samolyot ogohlantirish oldi, biroq unga javob bermadi, deyiladi bayonotda. Shundan so‘ng, Shvetsiyaning ikkita JAS-39 Gripen qiruvchi samolyoti Su-24ni tutib olish uchun havoga ko‘tarildi, keyinroq u Skandinaviya mamlakati havo hududini tark etdi.
Rossiya samolyoti bilan bog‘liq hodisalar
Bir necha kun avval Finlandiya Mudofaa vazirligi tomonidan Rossiya harbiy samolyoti bilan sodir bo‘lgan shunga o‘xshash hodisa haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, Rossiya samolyotining mamlakat havo hududiga ehtimoliy kirishi 10 iyun kuni ertalab Finlandiya ko‘rfazi osmonida, Loviysa shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Helsinkidagi elchixonasidan voqea yuzasidan tushuntirish talab qildi.
Rossiya bu ayblovlarga hozircha izoh bermadi. Biroq, Rossiya Mudofaa vazirligi 10 iyun kuni tushdan keyin Boltiq, Barens va Norvegiya dengizlarining «neytral suvlari ustidagi» havo hududida uzoq masofali aviatsiya samolyotlarining «rejalashtirilgan parvozlari» haqida xabar berdi.