O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Xorazm viloyati Savdo sanoat palatasi rahbari Qudrat Egamberganov, viloyat hokimligi investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Do‘stjonov boshchiligidagi delegatsiyaning Latviyaga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Tashrif davomida Rigadagi "O‘zbekiston savdo uyi"da biznes-forum o‘tkazildi. Unda savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kelgusida Riga shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan iqtisodiy ko‘rgazmalarda Xorazm viloyati vakillari ishtirokini tashkil etish muhokama qilindi.
Ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida kechgan muzokaralar natijasida Latviya portlari orqali o‘zbek milliy mahsulotlarini YeI davlatlariga eksport hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xususan, Monex Inevi tekstil kompaniyasi mahsulotlarini Boltiqbo‘yi davlatlaridagi eng yirik Rimi va Maxima savdo markazlariga joylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.
V2V uchrashuvlar doirasida, shuningdek, O‘zbekistonning, jumladan, Xorazm viloyatining sarmoyaviy va eksport salohiyati bo‘yicha ma’lumotlar berildi. O‘tkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar natijasida Latviya bozoriga tekstil va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha ahdlashib olindi.
Bundan tashqari, tomonlar Riga shahridagi "O‘zbekiston savdo uyi"da Xorazm viloyati mahsulotlari shou-rumini tashkil qilish to‘g‘risida ham kelishuvga erishdi.