Kanada Navalniyning o‘limi munosabati bilan yangi sanksiyalar kiritdi

Jahon 11:38 / 19.06.2024 2416

Kanada hukumati muxolifatchi Aleksey Navalniyning «o‘limiga aloqador» bo‘lgan o‘n uch nafar yuqori martabali rossiyalik amaldor va tergov idoralari, qamoqxona xizmati va politsiya xodimlariga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda 18 iyun, seshanba kuni kechki payt Kanada hukumati saytida xabar berildi.

Gap 2020 yilda Navalniyning «Novichok» moddasi bilan zaharlanishi, 2021 yilda aeroportda qo‘lga olinishi, huquqlarini buzgan holda axloq tuzatish koloniyasiga tashlanishi, shuningdek, «uning o‘limi sabablari o‘rganilmaganligi va jasadni oilaga topshirishning kechikishi» haqida ketmoqda, deyiladi hujjatda.

«Kommersant» gazetasining qayd etishicha, Kanada Tashqi ishlar vazirligi inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq maxsus choralar to‘g‘risidagi nizomda 111 kishini sanab o‘tgan. E’lon qilingan so‘nggi 13 ism orasida Federal jazoni ijro etish xizmatining to‘rt nafar vakili, uch prokuror, uch sudya, ikki tergovchi va Navalniy qamoqqa olingan axloq tuzatish koloniyasi rahbari bor. Ushbu shaxslarning ba’zilari 2023 yilda Kanada sanksiyalariga duchor bo‘lishgan, deya aniqlik kiritadi nashr.

Sanksiyalar urush va inson huquqlari mavzularini qamrab oladi

«Rossiya bilan bog‘liq sanksiyalar Rossiya tomonidan Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini jiddiy buzish, shuningdek, Rossiyada sodir etilgan inson huquqlarining jiddiy buzilishiga javoban «Iqtisodiy maxsus choralar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq joriy etildi», — deyiladi Kanada hukumati hujjatida.

Uning qoidalari aktivlarni muzlatish va sanksiyalangan shaxslar uchun operatsiyalarni taqiqlashni o‘z ichiga oladi, xususan, har qanday mulk bilan operatsiyalarni amalga oshirish, bunday operatsiyalar bilan bog‘liq moliyaviy yoki boshqa tegishli xizmatlarni ko‘rsatish, har qanday tovarlarni taqdim etish man etiladi.

Yevropa Ittifoqi Navalniyning o‘limi tufayli sanksiyalarni ma’qulladi

22 mart kuni Yevropa Ittifoqi kengashi Aleksey Navalniyning hibsdagi o‘limi sababli yangi sanksiyalarni ma’qulladi. Ular 33 nafar jismoniy va ikki yuridik shaxsga nisbatan inson huquqlari buzilgani uchun joriy qilingan. Endilikda ayblanuvchilarga Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan va ularning Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi.

«Aleksey Navalniyning Kreml rejimi tomonidan asta-sekin o‘ldirilishi uning inson hayotiga to‘liq e’tibor bermasligini yaqqol eslatib turadi», dedi Yevropa Ittifoqi oliy vakili Jozep Borrel. U Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasida fuqarolik jamiyati va mustaqil ovozlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini qo‘shimcha qildi

Sanksiya choralari koloniyaning ko‘plab xodimlari va turli yillarda Navalniyning ishlari bo‘yicha qaror qabul qilgan Moskva Basmanniy sudining ikki sudyasi, shuningdek, Navalniyni 19 yilga maxsus rejimli koloniyaga hukm qilgan sudyani o‘z ichiga olgan. O‘z bayonotida Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiya rasmiylarini mamlakat qamoqxonalaridagi barcha siyosiy mahbuslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Navalniyning o‘limi

Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha jazoni ijro etish xizmati 16 fevral kuni tushdan keyin Aleksey Navalniy Xarpdagi koloniyada vafot etgani haqida xabar berdi. Uning o‘limi haqidagi xulosada aytilishicha, siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: