Hayit kuni osilgan Saddam Husayn. Iroq tanazzuli qanday ro‘y bergandi?

Jahon 08:21 / 19.06.2024 19966

Bu ikki urushning kelib chiqish sabablari Iroqning hududiy da’volari, Eronning islom inqilobini eksport qilishi va albatta, neftga boy mamlakatning yana neft ilinjidagi ochko‘zligiga borib taqaladi. Zotan, Iroqdagi neft aktivlarini milliylashtirib, aholi turmushini yaxshilagani sabab katta obro‘ qozongan Saddam endi Eron va Kuvaytdagi neftga boy hududlarni ham egallab olmoqchi bo‘lgandi.

1980-1988 yillarda ro‘y bergan Eron–Iroq urushi 1979 yilgi chegaralarga qaytish bilan yakunlandi. Iroq tomonidan 1990 yilda bosib olingan Kuvayt esa ko‘p o‘tmay xalqaro koalitsiya kuchlari tomonidan ozod etiladi, shundog‘am urushlar sabab og‘ir ahvoldagi Iroq iqtisodiyoti sanksiyalar ostida qoladi.

2003 yilga kelib, Iroqda ommaviy qirg‘in qurollari bor degan vaj bilan, AQSh boshchiligidagi koalitsiya Iroqqa bostirib kirib, Saddam Husayn rejimini ag‘dardi, lekin Vashington da’vo qilgan qurollar topilmadi, urushdan keyingi barqarorlik va demokratiya va’dalari ham ushalmadi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi bugungi sonida Yaqin Sharqdagi bugungi status-kvoning shakllanishida asosiy o‘rin tutgan davlatlardan biri – Iroq haqida so‘z yuritamiz. Ekspertlarimiz – siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov, Bektosh Berdiyev va Shavkat Ikromov.

— Saddam Husaynning hukmronligi davridagi Eron-Iroq urushi nima sababdan boshlandi?

Bektosh Berdiyev: — Buning uchun oldin 80-yillardagi Yaqin Sharqdagi vaziyatni tahlil qilish kerak. Eronda Islom inqilobidan keyin bu inqilob butun Yaqin Sharqda tarqalishi ehtimoli bor edi. Fors ko‘rfazi arab davlatlari bu inqilob eskalatsiyasidan qo‘rqar edi. Eron diniy rahnamosi ham arab davlatlaridagi siyosiy rejimlar Islom shariatiga to‘g‘ri kelmaydi, deb aytardi. Ayniqsa, Iroqdagi Baas partiyasi faoliyati islomga zid, degan.

O‘sha payt ayni hokimiyatga kelgan Saddam Husayn ba’zi holatlarda bosar-tusarini bilmay qoladigan darajada kuch-qudrati bor edi. Iroq va Eron o‘rtasida doimiy nizolar bor edi, chunki Saddam Husayn sunniylardan, Iroqning ko‘pchilik aholisi esa shialar. Bu esa Eronga yoqmasdi, bundan tashqari, chegaraviy muammolar, orollarga talashishlar. Eronning janubi-g‘arbida yashovchi arablar bor, ulardan ham Saddam Husayn o‘z yo‘lida foydalanishga harakat qiladi. O‘rtadagi nizo ma’lum ma’noda pishib yetilgan edi. Saddam Husaynga agar Eronga qarshi hujum qilsang, bemalol bosib ololasan degan maqsadli yolg‘on axborotlar beriladi. Bundan ilhomlangan Saddam o‘z kuchiga ishonib, Iroq-Eron urushi boshlanadi. U paytda inqilobdan keyin Eronni ko‘plab harbiylar va sanoatchilar ham tark etib, krizis holatida edi, buni ham ko‘rgan Saddam.

Ammo urush ko‘rsatdiki, Eron u darajada zaif emas. Ikki tomonning ham qo‘llovchilari bor edi. Saddam Husaynga boshida barcha arab monarxiyalari yordam berdi, sovet ittifoqi ham boshida ikkilanib, keyin Iroqqa yordam bera boshladi, chunki Eronda kommunistik partiya taqiqlab qo‘yilgandi. Eron ham yolg‘iz qolmagan, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh tavsiyasi bilan Isroil qurollar yetkazgan Eronga. Chunki Iroq va Isroil munosabatlari yomon edi, sababi Isroil Iroqda Fransiya qurib bergan yadro obektiga zarba beradi, Iroq ham Falastin ozodlik tashkilotini qo‘llay boshlagandi. AQSh esa bu urushda vaziyatni kuzatdi. Henri Kessinjyer bizga ikki tomonning ham g‘alaba qozonmasligi muhim, degandi.

Urushda 1 mln odamning yostig‘i quridi. Lekin tarixda bu urush doim ham fojia sifatida yoritilmaydi, shunchaki statistikasi berib ketiladi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ikki tomon 1 trln dollar zarar ko‘rgan, bu juda katta summa, ayniqsa, hozirgi pulga chaqsa. Umuman olganda, ikki birodar xalqning fojiasi bo‘ldi bu urush.

— 1979 yilgi Islom inqilobi bu urushni tezlashtirdi deyish mumkinmi?

Shavkat Ikromov: — Inqilob ta’sirini o‘tkazgan, albatta. Bu urush musulmon dunyosida sunniylar va shialar o‘rtasidagi eng katta urush hisoblanadi. Eronlik ayrim tarixchilar bu urush Eron uchun xato edi, deyishadi.

Inqilobdan so‘ng «Bugun Eronda, ertaga Iroqda» degan chaqiriqlar paydo bo‘ladi. Bu narsa Iroq va Ko‘rfaz arab davlatlarini xavotirga qo‘yadi. Inqilobdan keyin urush bo‘lishi, nimadir o‘zgarish bo‘lishi aniq edi. U paytda Yaqin Sharqda eng kuchli armiya Iroqniki edi, o‘z ambitsiyalari bilan urushga moyil ham edi. Eron bilan chegara muammosi ham mavjud edi. Iroqdagi shialarning Eron tomonidan qo‘llanishi, bir nechta partiyalar moliyalashtirilishi sabab Eronning Iroq ichki ishlariga aralashish darajasi kuchayib borayotgani vaziyatni keskinlashtirayotgan edi. Ko‘rfaz arab davlatlari ham Iroqni qo‘llashini bildirib, Eronni to‘xtatuvchi yagona kuch Iroq ekaniga ishontirgan edi. Inqilob davrida AQShning 50 dan ortiq elchixona vakillari Eronda asirda qolib ketgan edi bir yilga yaqin. AQSh shundan so‘ng Eronga qandaydir javob berishni xohlardi va buni Iroq orqali qilish ma’qul edi. AQSh ikki tomonning ham g‘alabasini istamagan, urush oqibatida iqtisodi, harbiy imkoniyati pasayishidan manfaatdor edi. Manbalarga ko‘ra, AQSh vositachilar orqali Iroqni qo‘llagan.

Urush natijasida 1 mln odam halok bo‘ldi, 150 mlrddan ortiq zarar ko‘rildi, Yaqin Sharqda vaziyat o‘zgardi. Urushdan keyin Yaqin Sharqqa Eron kirib kelishi boshlandi, Eron urushda to‘la g‘alabaga erishmagan bo‘lsa ham, Yaqin Sharqqa kirish uchun zamin tayyorladi o‘ziga. Iroqdagi vaziyat o‘nglanmadi urushdan keyin, Kuvaytga bostirib kirdi, AQShning sahrodagi bo‘ron operatsiyasi boshlandi, AQSh kirib keldi, siyosiy vaziyat izdan chiqib ketdi. Natijada Eron Yaqin Sharqdagi shialarga rahnamolik qila boshladi, Livanda, Suriyada mustahkamlandi.

— Kuvayt bilan ziddiyatga ham to‘xtalsak.

Kamoliddin Rabbimov: — Eronning mintaqada ta’siri kuchayishining bir nechta to‘lqini bor. Iroq-Eron urushi 8 yil davom etdi (1980-1988), tarixdagi eng oxirgi total urushlardan biri bo‘ldi. Total urush degani davlat va jamiyat qarshi tarafga zarba berish uchun qo‘lidan barcha resurslarni ishlatsa, barcha safarbar qilinsa, bu total urush bo‘ladi, xuddi jahon urushlari, Vetnam urushi kabi.

Saddam Husaynning yiqilishi, arab bahori kabilar Eronni mintaqada kuchaytirdi. Saudiya va Eronning ta’sir o‘tkazish kurashida Eron ta’siri kengayib boryapti. 8 yillik urush Saddam Husaynning yiqilishiga qo‘shimcha zamin yaratdi. Urush ikki davlatni ham holsizlantirdi, Yaqin Sharqdagi yangi tartibotni shakllantirgan asosiy voqelik bo‘ldi.

Saddam Husayn qattiqqo‘l diktator sifatida atrofdagi davlatlar bilan ziddiyatga ega edi. Kuvayt va Iroq o‘rtasida shunday masala bor ediki, Saddam Husayn Kuvayt amirlariga, siz bizning yerning tagidagi neftni ham tortib olyapsiz, buning uchun o‘lpon to‘lashingiz kerak, degan. Shu masalalar sabab 1989 yilda Kuvaytga bostirib kiradi, amir Saudiyaga qochib ketadi. Arab monarxiyalari AQSh bilan birga Saddam Husaynga qarshi urush boshlaydi. 11 sentabr voqealaridan keyin qulay vaziyat paydo bo‘ladi va Afg‘onistonga bostirib kiradi shu yili, keyin BMT roziligini ololmasa ham, noqonuniy ravishda Iroqqa kiradi, 2003 yilda.

Shavkat Ikromov: — Kuvayt Iroq-Eron urushida Iroqni moliyaviy qo‘llovchi asosiy davlatlardan edi. Iroq tomoni bu qizlardan Kuvayt voz kechishi kerak, chunki biz butun Ko‘rfaz arab davlatlari uchun urushdik, deydi. Bu paytga kelib Kuvayt Saudiya bilan mustaqil neft siyosatini olib borayotgan edi. Neft narxi tushib borishi Iroq uchun katta moliyaviy zarar keltirayotgan edi. Iroq Kuvayt hududi Iroqning bir viloyati deb tarixiy da’vo bilan chiqadi. Iroqning hozirgi chegaralanishi ham sun’iy tashkil qilingan o‘zi. Iroq Kuvaytni to‘liq egallaymiz, degandi. Bu narsani AQSh va boshqa arab davlatlari to‘xtatib qolishi mumkin edi. Ammo Isroil Iroqning urushga kirib holsizlanishini xohlardi. Shu sabab Isroil bu urush sodir bo‘lishiga harakat qildi. Natijada Iroq urushga kirib, yana bir muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Saddam Husayn bizni urushdan urushga yetaklab o‘ldirdi, degan gap ham bor iroqliklarda. 8 yil Eron bilan urushdi, Kuvayt bilan urushdi, keyin arab davlatlari blokada qildi uni, mamlakatda non qolmadi hatto, yetishmovchilikdan minglab odamlar o‘ldi.

— 2003 yilgi Iroq urushi boshlanishi uchun asosiy dalillar va sabablar nimada edi?

Bektosh Berdiyev: — Asosiy sabab geosiyosiy motivlar bo‘lgan, lekin buni amalga oshirish uchun bahona kerak edi. 11 sentabr voqealaridan keyin Saddam Husaynning bayonotlari o‘zining boshiga yetdi, deyish mumkin. Hamma tinch bo‘lib turganda u biz bu teraktni qo‘llaymiz, dedi. Bu esa AQSh uchun bahona edi, ikkinchi bahona esa Iroqda kimyoviy va biologik qurollar mavjud, katta xavf tug‘diradi deb axborot siyosati olib bordi AQSh. Bunga ba’zi asoslar ham bor, Saddam Husayn kurdlarga nisbatan kimyoviy qurollardan foydalangani haqida ma’lumotlar bor. Lekin keyinchalik Iroq tomoni bu qurollarni yo‘q qilganini bir necha bor xalqaro hamjamiyatga ta’kidladi, ammo bu yetarli dalil bo‘lmadi. Natijada AQSh Britaniya va Italiya bilan birga BMT roziligisiz Iroqqa kirdi. Ba’zi geosiyosiy motivlarda Isroilning ham roli bor edi. Iroq atrofidagi arab davlatlarida ham dushmanlik paydo bo‘lgandi Iroqqa nisbatan. Masalan, Eron bilan urushda Suriya bilan munosabatlar yomonlashib bo‘lgandi, chunki Suriyada shialar hukmron, Iroqning kuchli bo‘lishini ham istamas edi. Iordaniya bilan ham munosabat yaxshi emas edi, Saudiya ham qo‘llamay qo‘ygandi Kuvaytga bostirib kirgani uchun. Aslida arab davlatlari urushda Iroqqa 40 mlrd dollar yordam bergandi, ayniqsa Kuvayt uning tom ma’nodagi yaqin hamkori edi. Ammo Saddam Husayn uzoqni o‘ylamay, o‘ziga ortiqcha baho berib, atrofidagi davlatlarni o‘ziga dushman qilib olgandi.

AQSh va ittifoqchilari Iroqqa kirib kelganda Rossiya uni qo‘llaydigan darajada emasdi, Putin endi hokimiyatga kelgan. Shu sabab bu AQSh uchun qulay muhim davr bo‘ldi. Lekin AQShlik ba’zi generallarning tan olishicha, bu katta tarixiy xato bo‘lgan, biz faqat hukumatni almashtiramiz, degandik, lekin shia va sunniylar bir-biriga bunday dushman bo‘lishi xayolimizga kelmagandi, bu ish bilan Eron ham kuchaydi, deb aytgan. Hozir ham Eronning ta’siri katta Iroq shialariga.

Shavkat Ikromov: — Jorj Bush biz Iroq xalqini o‘zlarining zolim hukmdoridan ozod qilish uchun kelyapmiz, degan bayonotlar bilan chiqadi. Lekin AQSh xalqaro hamjamiyat roziligisiz bosqinchi sifatida kirdi baribir. Misli ko‘rilmagan vayronagarchilikka, urush jinoyatlariga yo‘l qo‘ydi. Umuman, Iroqni o‘nglab bo‘lmas holatga solib qo‘ydi deyish mumkin.

Birinchi urushda arab davlatlarida yakdillik bor edi, hamma Iroqni qo‘llayotgan edi Eronga qarshi. Faqat Suriya va Livan pozitsiya bildirmagan. Iroq Kuvaytga bostirib kirganda arab davlatlari ikkiga bo‘lindi: jim turganlar va Iroqqa qarshi urishayotgan davlatlar.

Bu urushlarning barchasida Falastin masalasi ham bor edi. Iroq Isroilga qarshi ochiqdan ochiq kurashga tayyor bo‘lgan yagona arab davlati edi u paytda. Bir necha marta raketalar ham uchirgan Isroilga. Isroil Iroqni zaiflashtirish uchun barcha ishlarni amalga oshirdi. Kuvaytga bostirib kirishida ham yahudiy lobbisining o‘rni bo‘lmagan deyish qiyin. AQShning Iroqqa bostirib kirishi ham AQSh Kongressida ko‘tarilgan, u yerda esa ko‘plab yahudiy lobbisi bor. Iroq zaiflashishi Yaqin Sharqdagi kuchlar nisbatini o‘zgartirardi. Iroq zaiflashsa, Falastin ozodlik tashkilotini ochiqdan ochiq qo‘llovchi davlat qolmasdi. Boshqa arab davlatlari esa allaqachon Isroil-Arab urushi degan qarashni qo‘yib, Isroil-Falastin urushi deb qarayotgan edi allaqachon.

Eron esa shialik omili bilan Falastin orqali Yaqin Sharqqa kirib bormoqchi bo‘lgan. Lekin to‘g‘ridan to‘g‘ri Falastin uchun kurashayotgan yagona davlat Iroq edi. Shu sabab Iroqni maydondan olib tashlash kerak edi Isroil, oxir-oqibat AQSh kirib bordi Iroqqa. Yadro quroli, kimyoviy qurollar borligi haqidagi vajlar isbotlanmadi. AQSh harbiy xatolik deb qancha tinch aholi qirilishiga sabab bo‘ldi, natijada Iroq o‘nglanib bo‘lmas holatga keldi. Umuman, Yaqin Sharqdagi barqarorlik yo‘q bo‘ldi. 2003 yildan beri Yaqin Sharq yonmoqda.

Arablardan chiqqan 2 ta qahramon bor edi, ularning salbiy tomonlari bilan tan olishimiz kerak: biri Muhammad Kazzofiy bo‘lsa, ikkinchisi Saddam Husayn. Ular arablar yerida arablar hukmronlik qilishi kerak, degan pozitsiyada bo‘lishgan. To‘g‘ri, ular ichkarida ko‘plab noto‘g‘ri harakatlar qildi, kurdlarga nisbatan noinsoniy harakatlar amalga oshirdi. Bir guruh odamlar biz Saddam Husayn davrida ijtimoiy, iqtisodiy yaxshi yashadik, desa, boshqa tomon Saddam Husayn ketishi Iroq xalqiga ozodlik olib keldi, deydi. Lekin nima bo‘lganda ham mintaqada milliy davlatchilik uchun kurashgan ikki odam Kazzofiy va Saddam Husayn edi.

— AQShning Iroqqa kirishida qaysi motiv birlamchi bo‘lgan?

Shavkat Ikromov: — 90-yillardagi Oslo, Madrid tinchlik harakati jarayonlaridan xulosa qilsak, 90-yillar Falastin davlati tashkil topishiga juda yaqin kelgan. Isroildagi sionistlar bundan xavotirda edi, shu sababdan ayish mumkinki, Falastin masalasi ustuvorroq bo‘lgan. Ya’ni Falastin davlatchiligiga zarba berish, Isroil pozitsiyalarini saqlab qolish, unga real raqibni maydondan olib tashlash uchun bo‘ldi. Neft va boshqa resurslar masalasi keyingi o‘rinda.

— O‘sha paytda dunyo tartiboti bir qutbli edimi?

Kamoliddin Rabbimov: — Sovet ittifoqi qulagach, ayniqsa, Klinton davrida AQSh dunyoning mutlaq qudrati edi. Rossiya endi o‘zini o‘nglagan, Putin AQShga yo‘nalish olgan (2007 yilgacha) payt. Xitoy esa o‘zining ichki ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan. AQShga nisbatan chaqiriq tashlaydigan, e’tiroz bildiradigan birorta kuch yo‘q edi. 11 sentabrdan keyin Bjyejinskiy tili bilan aytganda Vashington dunyo hukmdorlarining Ka’basiga aylangan edi. AQShda kolassal ma’naviy resurs paydo bo‘ldi va 11 sentabrdan keyin Dik Cheyni va Jorj Bush Yaqin Sharqni qayta transformatsiya qilmoqchi edi, Iroqdan boshlanib Saudiyada tugashi kerak edi bu.

Afg‘onistonga kirishi bilan toliblar tarqalib ketdi, xuddi shunday Saddam Husayn tizimi ham tezda quladi. Bundan boshida amerikaliklar ilhomlandi, lekin muammo keyin boshlandi. Ya’ni partizanlik urushi boshlandi. 2004-2005 yildan keyin AQSh musulmon dunyosida partizanlik urushi nima ekanini anglab, musulmon dunyosiga bostirib kirib bo‘lmas ekan, demokratiya olib kirish xavfli ekan, degan xulosaga keldi.

Diktaturalarda siyosiy madaniyat diktaturaga xos bo‘ladi. Qon favvora bo‘lib otildi, jamiyat faqat kuch ishlatish, jabru zulm tili orqali gaplashadi. Bjyezinskiy ham Jorj Bushni qattiq tanqid qildi o‘sha paytda. Iroqqa kirdinglar, oxirigacha o‘ylamadinglar, Eron esa kuchayib ketdi deb deb tanqid qilgan. Iroqning 60 foiz aholisi shialar, Iroqda demokratiya bo‘lishi Eron ta’sirini kuchaytirib yubordi. Natijada AQSh barcha frontlardan zarba ola boshladi.

AQShning global loyihalaridan biri neft edi baribir. O‘sib kelayotgan Xitoyni tiyib turish uchun to‘rtta (Rossiya, Eron, Iroq, Venesuela) mustaqil neft sotuvchi davlatdan birini o‘ziga xayrixoh qilib olmoqchi edi. To‘rtta davlatdan boshqalari AQSh va G‘arb ta’siridagi davlatlar edi. Iroqning yiqilishi boshida AQShni quvontirdi, lekin uning global qudratiga katta zarbalar olib keldi. AQSh Afg‘oniston va Iroq urush kampaniyasi uchun taxminan 2-3 trln dollar sarfladi, minglab amerikalik harbiylar qurbon bo‘ldi, lekin bu AQShning global qudratini oshirmadi.

Obama hokimiyatga kelgach, Qohiraga tashrifida butun musulmon dunyosiga murojaat qilib, «Afg‘onistonga kirishi adolatli bo‘lgan, lekin Iroqqa kirishi katta tarixiy xato bo‘lgan, bunga sabab yo‘q edi. AQSh Yaqin Sharq bilan o‘ralashib qolganda Xitoy o‘sib ketdi, biz bor kuchimizni Xitoyga qaratishimiz kerak edi, endi Afg‘oniston va Iroqdan chiqib, butun kuchimizni Xitoyni o‘rab olishga qaratamiz», dedi.

Shavkat Ikromov: — Eron Iroqda qilolmagan ishini AQSh orqali amalga oshiryapti, degan gaplarni yozadi ekspertlar. Ya’ni o‘sha Iroq hokimiyatni yiqitish orzusiga erishdi Eron AQSh sabab. Shundan so‘ng Eron Yaqin Sharqda tinimsiz o‘sib bordi va Livan, Suriya, Yamanda nazoratni deyarli qo‘lga oldi.

— Saddam Husayn davridagi Iroqning Falastin himoyachisi rolini bugun Eron egalladi deyish mumkinmi?

Shavkat Ikromov: — Bir jihatdan mumkin.

Bektosh Berdiyev: — Eronning asosiy maqsadi Falastin emas, uning katta strategiyasi Isroilni yo‘q qilish. Falastinning asosiy aholisi sunniylar, Eron hech qachon sunniylarni qo‘llash hisobiga geosiyosiy vazifalarini amalga oshirmaydi. Shunchaki Isroilni yo‘q qilmoqchi Eron. Chunki mintaqada yanada katta kuch bo‘lishiga to‘siq bo‘lyapti Isroil. U sunniy monarxiyalar bilan kelishyapti, Eronga zarba berish uchun ba’zi sunniy davlatlar ustidan uchib o‘tish uchun ruxsat olgan. Asosan uchib o‘tadigan davlati Saudiya hisoblanadi. Isroil allaqachon F35 qiruvchilari bilan zarba berishi mumkin edi Eronga, lekin o‘rtada yoqilg‘i tugab qolish ehtimoli katta, masofa uzoq. Shu sabab Qatar va Saudiya osmonida yoqilg‘i quyishi kerak, buning uchun ma’lum ma’noda ruxsat ham olgandi Isroil. Buni ko‘rib turibdi Eron. Shu sabab Eronning maqsadi Falastin emas, faqat Isroilni yo‘q qilish deb o‘ylayman.

Shavkat Ikromov: — O‘zi bu masala bahsli. 1980-1988 yildagi urushda Eron Isroildan qurol-yarog‘ sotib olgan yashirincha, lekin bu bugun ochiq ma’lumot. G‘azodagi konflikt bo‘yicha Eron allaqachon nimadir qilishi mumkin. Eron 1948 yildan beri tiyilib kelyapti. Shu birinchi marta o‘z hududidan turib to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilga raketa uchirdi. Qaytarilishi aniq bo‘lgan zarba edi bu. Eron uchun Isroil emas, Falastin orqali arab davlatlariga kirib borish muhimroq bo‘lishi mumkin.

Go‘yoki Falastin arab davlatlari tomonidan yakkalatib qo‘yilgan, Eron esa «Hizbulloh» orqali siz bilanmiz, arablar tashlab qo‘yganda ham deyapti. Shu orqali arab davlatlariga birin-ketin kirib kelish emasmi? Hozir Eron va Saudiya munosabatlari ham yaxshi doimgidan. Ummon va Bahrayn bilan ham yaxshi, Yamanda deyarli o‘zi hokimiyatda o‘tiribdi, Qatar bilan ham yaxshi. O‘ylashimcha, Eronning ishi Isroil bilan emas, arab davlatlari bilan.

Kamoliddin Rabbimov: — 1980-1988 yilgi urushda geosiyosiy vaziyat shu qadar chigal ediki, qudratli davlatlar urushda yengilayotgan tomonga yordam berardi, AQSh ham, SSSR ham, Isroil ham. Maqsal mintaqa musulmon davlatlarini zaiflashtirish bo‘lgan, AQSh ham, SSSR ham bir necha bor pozitsiyalarini o‘zgartirgan.

— Iroq tarixida Saddam Husayn hukmronlik yillarining o‘rnini qanday baholash mumkin va bu davrning kelajakka qoldirgan merosi nima?

Kamoliddin Rabbimov: — Saddam Husaynning qoldirgan merosi Iroq davlatchiligi uchun katta fojia, aslida. Dunyoda avtokratik davlatlar kam emas, lekin avtoritar bo‘lib ichki-tashqi siyosatda ehtiyotkor bo‘lishadi, masalan, Xitoy ham, Rossiya ham avtoritar davlat. Xitoydagi ratsionalizm, ehtiyotkorlik,byurokratik madaniyat Saddam Husayn rejimidan fundamental farq qiladi. Saddam Husayn fojiasi faqat avtoritarligida emas, balki yakka hokimiyat, o‘ta emotsional, keskin tarixiy xato qarorlar qabul qilishida bo‘ldi. Natijada Iroq davlatchiligi inqirozga yuz tutdi. Iroqning davlatchiligi eng qadimiy davlatchilik hisoblanadi.

Shavkat Ikromov: — Hozirgi Iroq davlatchiligi sun’iy bo‘lgan, chunki aytganimizdek, davlat chegaralari Usmonlilar imperiyasi qulagach, Britaniya tomonidan belgilangan.

Kamoliddin Rabbimov: — Hech bir xalq bitta joyda muqim yashamaydi tarixan, tabiiy narsa bu. Lekin Saddam Husayn davrida qattiq avtoritarizm sabab Iroq davlatchiligi tarixiy fojiaga yuz tutdi. Haligacha Iroq normal davlat emas. 2015 yilda boshlangan fuqarolar urushi elementlari hali ham bor. Shia va sunniylar, kurdlar, turkmanlar va qolgan bo‘linishlar, Eron va Saudiya ta’siridagi bo‘linishlar yuzaga kelgan va bu ichki parokandalikka sabab bo‘ldi. Qattiq avtoritarizm oqibatda davlatchilikni ichkaridan yemirishiga yaqqol misol Saddam Husayn hokimiyati bo‘ldi.

Saddam Husayn oilasiga ham fojia bo‘ldi bu. Uning farzandlari, nabiralari o‘ldi. Saddam Husayn diktaturasi o‘z oilasi uchun ham fojia bilan tugadi.

Shavkat Ikromov: — Saddam Husayn qatli 2006 yil Qurbon hayiti kuni bo‘lgan edi. Musulmonlar yetakchisi uchun adolatsiz qatl bo‘lgandi bu diniy prizmadan qaralsa. Bu qatlni Iroq shialari amalga oshirgandi.

Iroqliklarning o‘zida Saddam Husayn masalasida ikkiga bo‘linish bor. Bir tomon Saddam Husayn davrida juda yaxshi iqtisodiy holatda yashadik deydi, bir tomon qiynalib yashaganmiz, deydi. Saddam Husayndan keyin Iroq o‘zini o‘nglolmadi, bu — fakt. Saddam Husayn faoliyatiga qanday baho berish kerak, Iroq xalqi uchun kim, degan masala uzil-kesil hal qilinmagan.

Eronda Iroq-Eron urushining tugashi sanasida bayram tadbirlari nishonlanadi, 250 dan ortiq kino olingan bu urush haqida. Umuman, Eron tomoni bu urushni o‘z tizimini, mustaqilligini saqlab qolish uchun bo‘lgan urush sifatida eslaydi. Ammo Iroqda bu urush deyarli eslanmaydi. Kuvaytga bostirib kirishni esa sharmandali kun sifatida eslaydi iroqliklar.

Umuman, iroqliklar Saddam Husayndan keyin iqtisodiy, ijtimoiy barqarorlikka erishmadi. Saddam Husayn yaxshi edi, yomon edi deb aynan bitta xulosa berib bo‘lmaydi.

Bektosh Berdiyev: — Saddam Husayn oldida katta imkoniyat bor edi. Iroq 80 yillarda Yaqin Sharqning eng qudratli davlati edi. Shu qudratni iqtisodiy farovonlik, qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatda davom ettirganda edi, bugun biz boshqacha Iroqni ko‘rayotgan bo‘lishimiz mumkin edi. Isroil-Falastin masalasida ham boshqacha holat bo‘larmidi. Ammo uzoqni o‘ylamagan qarorlar Iroqni mintaqadagi eng qudratli davlatdan fojialarga to‘la davlatga aylanib qoldi. Bugun yerda ochlik, kambag‘allik, beqarorlik, vayronagarchilik. Saddam Husaynning o‘rni katta edi, agar u qo‘shnilar bilan do‘stona siyosat olib borganda, boshqacha Iroq davlati bo‘lardi.

Shavkat Ikromov: — Tarix agar shunday bo‘lsa edi degan narsani qabul qilmaydi, tarix o‘tib ketdi. Saddam Husayn yashagan davri shunday davr ediki, u shunday qarorlar qilishga, atrofdagi davlatlar shunday munosabat qilishga majbur edi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Saddam Husaynni tushunish mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: