Rossiya prezidenti Vladimir Putin 18 va 19 iyun kunlari «do‘stona davlat tashrifi» bilan Shimoliy Koreyada bo‘ladi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati 17 iyun, dushanba kuni. KXDRga tashrif Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning taklifiga binoan amalga oshiriladi.
Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov so‘zlariga ko‘ra, Pxenyanga safar dasturi «juda voqealarga boy» bo‘ladi. Turli formatdagi muzokaralarda «eng muhim, eng nozik masalalar» muhokama qilinadi, dedi Ushakov jurnalistlarga. Rossiya delegatsiyasi tarkibida yangi mudofaa vaziri Andrey Belousov ham bor.
Bundan tashqari, Ushakovning ta’kidlashicha, Pxenyanda Rossiya va KXDR «xalqaro siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik masalalari bo‘yicha keyingi hamkorlikni» nazarda tutuvchi keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolashni rejalashtirmoqda. Hozir bu hujjat tayyorgarlik bosqichida, biroq «agar u imzolansa, 1961, 2000 va 2001 yillarda imzolangan asosiy hujjatlar o‘rnini bosadi», dedi Ushakov.
Yangi kelishuv harbiy-texnik sohadagi hamkorlikni nazarda tutadimi, degan savolga Putinning yordamchisi shunday javob berdi: «Agar kelishuv imzolansa, u kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab beradi va u, tabiiyki, barchasini hisobga olgan holda imzolanadi. U mamlakatlarimiz o‘rtasida so‘nggi yillarda xalqaro siyosat, iqtisodiy soha, barcha yo‘nalishdagi munosabatlar, shu jumladan xavfsizlik masalalarini ham hisobga oladi».
KXDR qurollarini Rossiyaga yetkazish va muzokaralar ehtimoliy mavzulari
Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy hujum boshlanganidan beri Rossiya yadroviy dasturi tufayli xalqaro miqyosda yakkalanib qolgan Shimoliy Koreya bilan hamkorlikni kuchaytirdi. G‘arb davlatlari vakillarining fikricha, Pxenyan Moskvani artilleriya snaryadlari va raketalar bilan ta’minlaydi. Rossiyada bu ma’lumot na tasdiqlandi, na inkor etildi.
«Vedomosti» qayd etishicha, Putinning KXDRga tashrifi chog‘ida Shimoliy Koreya ishchilarini Rossiyaga yuborish masalasi ham muhokama qilinishi mumkin. Reuters agentligining eslatishicha, Ukrainaga qarshi urush tufayli Rossiya iqtisodiyoti o‘tkir ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda, chunki ko‘plab erkaklar frontga jo‘natilgan, ularning bir qismi harbiy xizmatdan qochish uchun mamlakatni tark etgan.
Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In 2023 yil sentabrida Rossiyaga tashrif buyurib, zirhli poyezdda Uzoq Sharqqa kelgan edi. Tashrif davomida u Vladimir Putinni Shimoliy Koreyaga taklif qildi, Rossiya prezidenti bunga rozi bo‘ldi. Fevral oyida Kim Chen Inning tug‘ilgan kunida RF Shimoliy Koreya yetakchisiga Rossiyada ishlab chiqarilgan limuzin sovg‘a qilgan va shu bilan BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan KXDR yadroviy dasturi tufayli Pxenyanga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni buzgan edi.
Shu paytgacha Putin KXDRga faqat bir marta – Shimoliy Koreyani Kim Chen Ir boshqargan 2000 yilda, birinchi prezidentlik muddatining borgan.
Putin 19 va 20 iyun kunlari Vetnamga tashrif buyuradi
Kreml matbuot xizmati, shuningdek, 19 va 20 iyun kunlari Vladimir Putin Vetnamga ushbu mamlakat Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Nguyen Fu Chong taklifiga binoan kelishini ma’lum qildi. Xanoyda Putin prezident To Lam, bosh vazir Fam Min Tin va Milliy assambleya raisi Chan Txan Man bilan uchrashadi. Rossiya va Vetnam o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni muhokama qilish rejalashtirilgan. Ma’lum qilinishicha, muzokaralar natijasida bir qancha ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi.
2024 yilda bu Putinning to‘rtinchi va beshinchi rasmiy xorijiy tashriflari bo‘ladi. 16-17 may kunlari Rossiya prezidenti Xitoyga, 23-24 may kunlari Belarusga, 26-27 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.