Isroilning hukumat doiralarida aytilishicha, 9 iyun kuni kabinetni uning ikki muhim a’zosi — general Benni Gans va Bosh shtabning sobiq rahbari, Netanyahuning siyosiy raqibi general Gadi Ayzenkot tark etganidan so‘ng bu kutilayotgan holat bo‘lgan.
Ularning har ikkisi markazchi siyosatchi bo‘lib, mamlakatdagi favqulodda harbiy vaziyat sharoitida Netanyahuning harbiy kabinetiga kirishga rozilik berishgan. Umuman, harbiy kabinet olti kishi — sobiq va amaldagi oliy rutbali harbiylardan iborat bo‘lgan.
Gansning bayonot berishicha, u Netanyahuda G‘azodagi HAMS rejimini o‘zgartirish bo‘yicha birorta strategiya yo‘qligi uchun kabinetni tark etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bosh vazirini garovda ushlab turilganlarni qutqarish emas, ko‘proq o‘zining siyosiy kariyerasi tashvishlantiradi.
Bugunga kelib Netanyahu AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan ikki haftacha avval o‘t ochishni to‘xtatish va garovda ushlab turilganlarni qaytarish bo‘yicha taklif etishgan rejani qo‘llab-quvvatlamagan.
Isroillik ekspertlarga ko‘ra, Bibining koalitsiyadagi hammaslaklari ultrao‘ng millatchi siyosatchilar Betsalel Smotrich (moliya vaziri) va Itamar Ben-Gvir (milliy xavfsizlik vaziri) agar u G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatsa hukumatni barbod qilish bilan tahdid qilishgan.
Benni Gans shu yilning kuzida navbatdan tashqari umummilliy saylovlar o‘tkazish va hokimiyatdagi mo‘’tadil o‘nglar va markazchilarni (bundaylar unchalik ko‘p emas) uning taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Xususan, u Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallantga murojaat qilib, uni ham o‘zi kabi harbiy kabinetga tark etishga chaqirgan. Biroq Netanyahu voqealarning kelgusidagi rivojlanishining oldini olib, kabinetni o‘zi tarqatib yuborgan.
U nega bunday qildi?
Netanyahu o‘zining nuqtayi nazarini qabul qilmaydigan Benni Gans va boshqaralarni mag‘lublar kayfiyatida ekanlikda ayblab keladi..
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gans xalqaro bosimga bardosh bera olmagan va kabinetni tark etishi bilan murakkab qarorlar qabul qilishdan qochib qolgan.
«Urush kampaniyasiga rahbarlik qilayotgan, to‘liq g‘alabadan boshqa har qanday shartga murosasiz bosh vazir Netanyahuga aql o‘rgatish Gansga qolgani yo‘q», — deyiladi «Likud» partiyasi bayonotida.
Benni Gansning hamda uning mo‘’tadil yondashuvi tarafdorlari uzoq muddatli istiqbolda biror bir aniq tasavvuri bo‘lmagan Netanyahu buni tushunishi va shu sababli «jazavaga tushayotgani»ni aytishgan.
«Kelajakda urush bayonnomalari ochiladi va jamoatchilik kim depsinib qolgani, kim haqiqiy g‘alabaga intilganini bilib oladi», — deya bayonot bergan muxolifatdagi siyosatchilar guruhi.
Umuman olganda, harbiy kampaniya maqsadlariga turlicha nuqtayi nazarlar tufayli harbiy kabinet tarkibi avval boshdan samarali ish ko‘rsatishi shubha ostiga olinayotgan edi.
Biroq, isroillik tahlilchilarda Bibining kabinetni tarqatiyu yuborish qaroriga yana bir ehtimolli tushuntirishi bor.
Ularning fikricha, Netanyahu bo‘shab qolgan o‘ringa o‘zining koalitsiya bo‘yicha ultrao‘ng hamkorlari Smotrich va Ben-Gvir o‘tirib olmasligi uchun bu ishga shosha-pisha qo‘l urgan.
Netanyahu hukumati mavjudligining o‘ziyoq ularning erkaliklarini nechog‘lik ko‘tarishiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Bu ishni u hukumatda ular so‘ragan portfellarni berishdan boshlagan.
Shunday qilib, moliya va ichki xavfsizlik masalalari Falastin hududlarida yahudiy manzilgohlarini kengaytirish hamda har qanday hududiy yon berish va ichki siyosiy murosani rad etish tarafdorlari qo‘liga o‘tib qolgan.
Lekin urush — bu boshqa masala. Bu yerda Netanyahu ultrao‘nglar unga harbiy strateglarni bosib o‘tib, harakatlar ketma-ketligini buyurib turishiga yo‘l qo‘yib bera olmaydi.
Bundan tashqari, Bibi Vashingtonning aytganlari unga chikor ekanini ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘rsa-da, aslida so‘nggi haftalarda kuzatila boshlagan AQSh bilan munosabatlar sovuqlashishini aslo istamaydi.
Netanyahuning ultrao‘ng millatchi maslahatchilari bu sovuqlashishda asosiy rolni o‘ynab kelishmoqda, shu sababli Bibining harbiy kabinetni tarqatib, ularni harbiy sohaga yaqinlashishini istamaganligi ishonchga sazovor.
Urush tugagani yo‘q. Endi-chi?
Dushanba kuni Binyamin Netanyahu mudofaa vaziri Ioav Gallant va boshqa vazirlar bilan yig‘ilish o‘tkazib, uning yakunlariga ko‘ra muhim harbiy qarorlar qanday qabul qilishini aniqlashtirib olgan.
Aftidan, shu paytgacha harbiy kabinet yurituvida bo‘lgan masalalar bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha maxsus kengash, G‘azodagi urushning borishi bo‘yicha asosiy qarorlarni tor maslahat kengashi qabul qiladigan ko‘rinadi.
Taxminlarga ko‘ra, unga mudofaa vaziri Yoav Gallant, Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Tsaxi Hanegbi, strategiya ishlari bo‘yicha vazir Ron Dermer va ShAS ortodoksal partiyasi yetakchisi ShAS Ariye Deri kiradi. U harbiy kabinetda ham kuzatuvchi edi.
Nima bo‘lganda ham, Netanyahu va uning tarafdorlari shu yilning noyabrigacha radikal harbiy qarorlar qabul qilishmaydi, barcha kuchlarini garovda ushlab turilganlarni izlab topish va qutqarishga qaratishadi.
O‘tgan haftada garovda ushlab turilgan to‘rt kishining HAMAS asirligidan qutqarilishi Isroilda katta xursandchilik bilan kutib olindi va ko‘pchilikda Netanyahu nima qilishni o‘zi biladi, degan taassurot uyg‘otdi.
Keyingi harakatlar AQShdagi saylovlar natijalariga juda bog‘liq bo‘ladi. Agar Donald Tramp Oq uyga qaytsa (buni Netanyahu va uning atrofidagilar juda kutishmoqda) Isroilning harbiy taktikasi yanada qat’iylashadi, strategiyasi esa yanada ambitsiyali ko‘rinish oladi.