«Ukrenergo»: Ukraina energetika tizimidagi vaziyat yanada qiyinlashadi

Jahon 10:11 / 17.06.2024 2504

Kelgusi haftalarda Ukraina energetika tizimidagi vaziyat yanada qiyinlashadi, deya ogohlantirdi «Ukrenergo» milliy energetika kompaniyasi boshqaruvi rahbari Vladimir Kudritskiy 16 iyun, yakshanba kuni «Suspіlne» telekanali efirida. Unga ko‘ra, soat 11:00 dan 23:00 gacha uzilishlar kunning qolgan qismiga qaraganda uzoqroq bo‘ladi va bu taxminan iyul oyining oxirigacha davom etadi.

«Bu atom elektr stansiyalarining energetika bloklarini ta’mirlash o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq, shuning uchun bunday grafik taxminan bir yoki bir yarim oy davomida bo‘lishiga tayyor turish kerak. Va ular, ayniqsa kechki vaqtda, iste’molning eng yuqori soatlarida kuzatilishi mumkin», dedi Kudritskiy.

«Ukrenergo» rahbari ta’kidlaganidek, uzilishlar davomiyligiga atom elektr stansiyalarini yozgi an’anaviy ta’mirlash ishlaridan tashqari, boshqa omillar ham ta’sir qiladi, xususan, chet eldan elektr energiyasi importi hajmi va aholining elektr energiyasini iste’mol qilishiga ta’sir etuvchi ob-havo. 

Rossiya zarbalari tufayli elektrni tejash rejimi joriy etildi 

Ukrainaning barcha hududlarida sanoat va uy xo‘jaliklari uchun rejali elektr ta’minotidagi uzilishlar Rossiya Federatsiyasining so‘nggi oylarda energetika infratuzilmasiga qilgan ommaviy hujumlari fonida joriy etildi. Iyun oyi boshida bosh vazir Denis Shmixal Rossiya Ukraina elektr stansiyalarining 9 GVtdan ortiq quvvatini yo‘q qilganini aytdi. Dpa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Ukraina energetika tizimining 2014 yilgacha bo‘lgan quvvati taxminan 1/6 qismini tashkil qiladi. 

Shu munosabat bilan Kiyev nafaqat shikastlangan uskunalarni ta’mirlashni, balki Ukraina havo mudofaasi va dronlardan himoya qilishni kuchaytirish, energiya tizimini markazsizlashtirish va elektr energiyasini tejashni o‘z ichiga olgan energetika strategiyasini ishlab chiqdi, Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, tejash «keyingi yillarda ukrainaliklar kundalik hayotining bir qismiga aylanadi». Bundan tashqari, Ukraina hukumati Yevropadan elektr energiyasi importini hozirgi 1,7 gVtdan 2,2 gVtgacha kengaytirish ustida ishlamoqda. 

Ukrainaning hamkor davlatlari unga energiya ta’minotidagi inqirozdan chiqishda yordam berishga harakat qilmoqda. Xususan, AQShning 1,5 milliard dollarlik yangi yordam paketining muhim qismi, xususan, Ukraina energetika tizimini tiklashga yo‘naltiriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: