50 ming kishidan 250 mln kishigacha – dunyodagi eng yirik ish tashlashlar qaysi davlatlarda sodir bo‘lgan?

Jahon 14:35 / 17.06.2024 10499

Iyun oyining boshlarida Janubiy Koreyaning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Samsung Electronics xodimlari kompaniyaning 55 yillik tarixida birinchi marta ish tashlash o‘tkazgan.

Ish tashlashni 28 mingga yaqin a’zosi bo‘lgan Samsung Electronics milliy ittifoqi (NSEU) tashkil qilgan. Kompaniya xodimlari Seuldagi Samsung ofisi oldiga yig‘ilib, rahbariyatdan ish haqi oshirilishini va yillik ta’tilga qo‘shimcha kun berilishini talab qilgan.

Turli kompaniyalar xodimlari yoki ma’lum bir sohaga tegishli ishchi-xodimlarning ish tashlash uyushtirib, turli namoyishlarga chiqishi iqtisodiyotni erkin bozor munosabatlari asosida yurituvchi davlatlar uchun normal holat hisoblanadi.

Sobiq SSSR va undan ajralib chiqqan respublikalaridan farqli ravishda ularda ish tashlash uyushtirib namoyishga chiqqan ishchilarni hech kim quvib solmaydi.

Ishchilar o‘z talablarini rahbariyatga yetkazishadi va o‘rtada muzokaralar boshlanadi. Oxirida tomonlar o‘zaro kelishuvga erishadi va shu bilan jarayon tugaydi.

Foto: REUTERS

Jumladan, Samsung Electronics’da ham ish tashlash va kompaniya ofisi oldida namoyish boshlangach, uni uyushtirgan kasaba uyushmasi hamda kompaniya rahbarlari muzokaralarga tayyorligini bildirgan.

Quyida tarixdagi eng yirik ish tashlashlar haqida ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Hindiston

2020 yil 26 noyabr kuni Hindistondagi kasaba uyushmalari bir kunlik umummilliy ish tashlash o‘tkazadi. O‘shanda bu ish tashlashni ko‘plab yirik kasaba uyushmalari bilan birga Hindistondagi So‘llar va Hindiston milliy kongressi partiyalari ham qo‘llab chiqadi. Shuningdek, Hindiston dehqonlari uyushmasi ham ish tashlagan ishchilarni qo‘llashini aytib chiqadi.

Bu ish tashlash inoniyat tarixidagi eng yirik ish tashlash bo‘lib, unda 250 mln kishi qatnashadi. Ishchilar bu tadbirni “Dehliga qarab marsh” deb atashadi.

Foto: IndustriALL Global Union

Hind ishchilari hukumat oldiga shunday talablar qo‘ygan edi:

1. Aholining kam daromadli qismiga, har bir oila uchun 7 500 rupiydan tarqatish (o‘shanda bu summa 100 AQSh dollariga teng bo‘lgan);

2. Muhtojlar uchun har oy 10 kilogrammdan bug‘doy tarqatish;

3. Ishchilarga qarshi qonunlarni bekor qilish va qishloq xo‘jaligida dehqonlar zarariga ishlayotgan islohotlarni to‘xtatish;

4. Davlat qaramog‘ida bo‘lgan turli iqtisodiy tashkilotlarni xususiylashtirish jarayonini, davlat unitar korxonalarini hissadorlik jamiyatlariga aylantirishni to‘xtatish;

5. Sug‘urta bo‘yicha qabul qilingan qonunlarni soddalashtirish;

6. Barchaga birday pensiya to‘lash tartibini o‘z ichiga olgan eski pensiya haqidagi qonunni qayta qabul qilish;

7. Hindiston qishloqlarida yangi ish o‘rinlari tashkil etib, ishsizlarni kamaytirish.

Yuz millionlab odamlarning ish tashlash uyushtirishini kutmagan hukumat ishchilar qo‘ygan shartdan faqat ishchilarga qarshi qabul qilingan qonunlarni bekor etishni qabul qiladi.

Polsha

1981 yil 27 mart kuni Polshada ishchilar tomonidan Butunpolsha ogohlantirish ish tashlash tadbiri o‘tkaziladi. Unda 13 milliondan 17 million nafargacha odam qatnashadi.

Polshaning aholisi kamligi inobatga olinsa, o‘shanda Hindistondagidan farqli ravishda mamlakatdagi katta yoshli aholining aossiy qismi ish tashlashda ishtirok etadi.

Foto: Alamy 

Ish tashlash tadbirlarini mamlakatdagi “Birdamlik” harakati tashkillashtiradi. Ishchilar va dehqonlar avvalroq qabul qilingan, dehqonlarga o‘z kasaba uyushmalarini tuzishni taqiqlovchi qonunni bekor qilishni talab etadi.

Polshada o‘tkazilgan ish tashlashlar tarixi 1980 yilga borib taqaladi. O‘sha yili ishchilar yil davomida mustaqil kasaba uyushmalarini tuzishga ruxsat berilishini so‘rab namoyishlar, kichik ko‘lamda ish tashlashlar o‘tkazadi.

Avgust oyiga borib Polsha kommunistik partiyasi yon beradi va ishchilarga mustaqil kasaba uyushmalarini tuzishga ruxsat beradi. “Birdamlik” mustaqil kasaba uyushmasi ham o‘shanda tashkil etiladi.

1981 yil bahorda endi ishchilar va dehqonlar birgalikda hukumat oldiga dehqonlarga ham mustaqil kasaba uyushmalarini tashkil etishga ruxsat berishni talab qilib chiqadi.

Keng ko‘lamdagi ish tashlashdan so‘ng hukumat yon beradi va dehqonlar ham o‘zlarining mustaqil kasaba uyushmalarini tashkil etadi.

AQSh

AQShdagi eng yirik ish tashlash 20-asr boshlarida yuz bergan. 1919 yil 6 fevraldan 11 fevralgacha Vashington shtatidagi Sietl shahrida qariyb 100 ming odam ishtirokida ish tashlash tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

O‘sha paytda Rossiyada oktyabr to‘ntarishi sodir bo‘lgan va uning aks sadosi Amerikagacha yetib borgandi. Bolsheviklarning “hammani teng qilish” haqidagi g‘oyalari okean ortidagi ishchilarni ham ruhlantirib yuboradi.

Foto: Alamy 

Amerikalik ishchilar bu yolg‘on g‘oyalarga ishonib, zimdan bolsheviklarni qo‘llay boshlaydi. Sietldagi ish tashlash tarixi ham shunga borib taqaladi. Ular 1918 yilda bir necha marta Rossiyada bolsheviklarga qarshi kurashayotgan kuchlarga yuborilayotgan qurol-yarog‘larni kemaga ortishdan bosh tortishadi.

Birinchi jahon urushi tugagandan keyin bir muddat o‘tgach ishchilar maoshlarini oshirishni talab qilib chiqadi. Sietlda ham shunday bo‘ladi. O‘shanda AQSh rahbariyati Sietldagi ish tashlashlarda bolsheviklarni ayblab chiqadi. Politsiya ko‘chaga namoyishga chiqqan odamlarni hibsga ola boshlaydi.

Ish tashlash davom etgan kunlarda Sietl ko‘chalari bo‘ylab varaqalar tarqatiladi. Ularda odamlarga ish tashlash tadbirlariga qo‘shilishga chaqiruvlar bilan birga Rossiya ishchilaridan o‘rnak olish haqidagi gaplar ham bor edi.

Ish tashlash ko‘lami kengaygach Sietl meri ishchilarga shaharga 3 ming harbiyni chaqirishini aytib tahdid qiladi. Shundan so‘ng 11 fevral kuni ish tashlash to‘xtaydi.

Yangi davrdagi eng yirik ish tashlashlar

AQSh, General Motors kompaniyasi xodimlarining ish tashlashi. 2007 yil 24-26 sentabr kunlari avtomobilsozlik sanoatida tashkil etilgan United Auto Workers Union kasaba uyushmalari ittifoqining 73 ming a’zosi General Motors kompaniyasiga qarshi ish tashlash uyushtiradi.

Foto: cnbc.com

Oqibatda kompaniyaning AQSh va Kanadadagi bir nechta korxonasi faoliyati to‘xtab qoladi. Ishchilar kompaniya rahbarlari oldiga boshqalarda bo‘lgani kabi mehnat sharoitini yaxshilash, kompensatsiya miqdorini oshirish kabi oddiy talablarni qo‘yadi.

Ikki kundan so‘ng tomonlar kelishuvga erishadi va ishchilar ish tashlashni to‘xtatadi. Korxonalar ishi qayta tiklanadi. Bu ish tashlash yangi davrdagi eng yirik ish tashlash hisoblanadi.

Britaniya, pochta xodimlarining ish tashlashi. 2009 yil yozda Britaniya pochtasiga bo‘ysunuvchi RoyalMail kompaniyasining 80 mingga yaqin xodimi ish tashlaydi va bu jarayon 2010 yil bahorigacha davom etadi.

Oqibatda Britaniyada 30 milliondan oshiq maktublar va turli jo‘natmalar o‘z manziliga yetib bormaydi.

Foto: dailymail.co.uk

Bu ish tashlashga Britaniya qirollik pochtasining pochta xizmatini modernizatsiya qilish haqida e’lon qilishi sabab bo‘ladi. Unda pochta xodimlarning qariyb yarmini ishdan bo‘shatish, ish haqi to‘lash tartibini o‘zgartirish nazarda tutilgandi.

Bir necha oy davom etgan ish tashlashlardan so‘ng pochta xizmati rahbariyati va xodimlari kelishuvga erishadi. Unga ko‘ra kompaniya 75 foiz ish o‘rinlarini saqlab qolish va maoshlarni oshirishga rozi bo‘ladi. Shundan so‘ng ish tashlash to‘xtatiladi.

Janubiy Afrika Respublikasi, konchilar ish tashlashi. 2007 yil 27 noyabr kuni Afrika qit’asida joylashgan Janubiy Afrika Respublikasida konchilar milliy ittifoqi mamlakat bo‘ylab tog‘-kon sanoatida ishlovchi barcha shaxtyorlar ish tashlaganini e’lon qiladi.

Gap shundaki, 2006 yilda konlarda shaxtyorlarning o‘limi bilan bog‘liq hodisalar ko‘payadi. Shunda hukumat konlarga egalik qiluvchi kompaniyalarga bosim o‘tkazib, mehnat sharoitlarini yaxshilash va shu yo‘l bilan o‘limlar sonini kamaytirishga va’da beradi.

Foto: IndustriALL Global Union

Biroq amalda hech ish qilinmaydi va 2007 yilning birinchi yarmida ham ko‘plab shaxtyorlar shunchaki texnika xavfsizligi choralari ko‘rilmagani uchun halok bo‘lishadi. Shundan so‘ng shaxtyorlar umummilliy miqyosda ish tashlashga qaror qilishadi.

Bir necha kundan so‘ng JARdagi 60 ta konda ishlayotgan qariyb 250 ming odam ish tashlagani ma’lum bo‘ladi. Ish tashlovchilarning asosiy talabi mamlakatdagi 700 dan oshiq shaxtada mehnat sharoitlarini yaxshilash va texnika xodimlari xavfsizligi qoidalarini yaxshilashni talab qiladi.

O‘shanda shaxtyorlar ish tashlash bilan cheklanib qolmaydi. Yoxannesburg shahri ko‘chalarida qariyb 30 ming shaxtyor yig‘ilib, namoyishlar ham o‘tkaziladi.

O‘shanda hukumat ish tashlovchilarga mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha yana va’dalarni beradi va ish tashlash to‘xtaydi.

AQSh, Verizon kompaniyasi xodimlarining ish tashlashi. 2016 yil aprelda AQShda yirik ish tashlashlardan biri bo‘lib o‘tadi. Verizon Communications Inc kompaniyasining 40 mingdan oshiq xodimi ish tashlaydi.

Oqibatda telekommunikatsiya sohasida faoliyat olib boruvchi kompaniyaning ko‘plab korxonalarida ish to‘xtab qoladi.

Foto: nyti.ms

Bu ish tashlashni Workers of America va International Brotherhood of Electrical Workers nomli kasaba uyushmalari tashkil etadi. Kompaniya xodimlari rahbariyatdan tibbiy sug‘urta pulini to‘lashni, mehnat xavfsizligi, pensiya va davolanish varaqalarini berishni talab qiladi.

Oxir-oqibat kompaniya rahbariyati xodimlar qo‘ygan talablarni bajarish majburiyatini oladi va shundan so‘ng ish tashlash to‘xtatiladi.

AQSh, jamoat transporti xodimlarining ish tashlashi. 2005 yil 20 dekabr kuni Nyu-York shahridagi jamoat transporti haydovchilari va boshqa xodimlar ish tashlaydi.

Oqibatda shahar ko‘charida avtobuslar va yer ostida metro harakati to‘xtab qoladi. Bu ish tashlashni transport sohasida ishlovchilarni o‘zida jamlagan Transport Workers Union deb nomlangan kasaba uyushmasi tashkil etadi. Ish tashlash tadbirlarida qariyb 50 ming odam qatnashadi.

Foto: Alamy 

Ish tashlovchilarning asosiy talablari pensiya yoshini ko‘tarmaslik va maoshlarni oshirish bo‘yicha edi. O‘shanda ishchilar pensiya yoshini 55 dan 50 yoshga tushirishni talab qilib chiqishadi.

22 dekabr kuni rahbariyat haydovchilarning talablarini qabul qiladi. Avvalroq transport sohasida ishlovchilarning pensiyaga chiqish yoshini 62 yoshga ko‘tarmoqchi bo‘lgan shahar ma’muriyati uni eski holida 55 yoshda qoldirishga va maoshlarni oshirishga rozi bo‘ladi.

Shundan so‘ng uch kunlik tanaffusdan keyin Nyu-Yorkda avtobuslar va metro harakati qayta tiklanadi.

AQSh, ssenariychilarining ish tashlashlari. 2007 yil 5 noyabr kuni AQShda so‘nggi 30 yildagi eng yirik ish tashlash boshlanadi. Uni Ssenariychilar gildiyasi tashkil etadi va mamlakat telekanallari va Hollivudda ishlovchi ssenariychilar qo‘shilishadi.

Ish tashlovchilar asosan prodyusserlar tomonidan o‘zlariga ajratilayotgan gonorar miqdorini oshirishni talab qilib chiqishadi.

Gap shundaki, 2007 yil yozda Prodyusserlar alyansi va Ssenariychilar gildiyasi o‘rtasidagi shartnoma tugaydi. Yangi shartnomada Prodyusserlar alyansi ssenariychilarga to‘lanadigan ganorar miqdorini oshirishni xohlamaydi. Shundan so‘ng ssenariychilar ish tashlashga qaror qilishadi.

Foto: REUTERS

Ish tashlash boshlangach, telekanallarda juda ko‘plab mualliflik ko‘rsatuvlari, Hollivudda suratga olinishi rejalashtirilgan filmlar va hujjatli filmlarni suratga olish ishlari to‘xtab qoladi.

Oqibatda turli telekanallar va Hollivuddagi kinokompaniyalar katta miqdorda zarar ko‘ra boshlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra o‘shanda ish tashlash 2007 yil 5 noyabrdan 2008 yil 12 fevralgacha davom etadi va umumiy zarar miqdori bir necha mlrd dollarni tashkil etadi.

Ish tashlash qariyb 100 kun davom etgach Prodyusserlar alyansi ssenariychilar qo‘ygan talablarga rozi bo‘ladi. Shundan so‘ng ular ish tashlashni to‘xtatadi.

2023 yilning eng yirik ish tashlashlari

AQSh, ssenariychilarining ish tashlashlari. 2023 yil 2 may kuni amerikalik ssenariychilar navbatdagi marta ish tashlash e’lon qiladi. 14 iyulga borib ish tashlashga aktyorlar ham qo‘shiladi.

Oqibatda yana Hollivudda filmlarni suratga olish jarayoni, telekanallarda mualliflik ko‘rsatuvlari namoyishlari to‘xtab qoladi. Ish tashlash 148 kun davom etadi.

Bu safar ham xuddi 2007 yilda bo‘lgani kabi Prodyusserlar alyansi va Ssenariychilar gildiyasi o‘rtasidagi shartnoma muddati tugaydi. Tomonlar yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmaydi.

Foto: Forbes.ru

Oxir-oqibat Prodyusserlar alyansi hamda kinostudiyalar ssenariychilar va aktyorlarga yon beradi, ular o‘rtaga qo‘ygan shartlarni qabul qiladi.

AQSh, avtosanoat xodimlarining ish tashlashi. 2023 yil 15 sentabr kuni o‘zida 50 mingdan oshiq avtosanoat xodimlarini jamlagan kasaba uyushmasi AQShning uchta yirik kompaniyasida ish tashlash e’lon qiladi.

Ish tashlashlar bir vaqtning o‘zida Ford’ning Michigandagi General Motors’ning Missuridagi va Stellantis kompaniyasining Ohayodagi zavodlarida boshlanadi.

Ishchilar maoshlarni 46 foizga oshirishni va ish vaqtini haftasiga 32 soatga qisqartirishni, mehnat sharoitlarini yaxshialashni va pensiya dasturini yaxshilashni talab qiladi.

Foto: Alamy 

Rahbariyat avvaliga bu talablarga ko‘nmaydi va ish tashlash oktyabr oyining oxirigacha davom etadi. Oqibatda har uchala kompaniyaning ishlab chiqarish hajmi keskin pasayadi. Buyurtmalar vaqtida yetkazib berilmagani uchun uchta kompaniya bir yarim oyda 1 mlrd dollar zarar ko‘radi.

30 oktyabrga borib kasaba uyushmasi har uchala kompaniya rahbariyati bilan kelishuvga erishadi va o‘sha kuni ish tashlash to‘xtatiladi.

Britaniya, temiryo‘l xodimlarining ish tashlashi. Britaniyada temiryo‘l xodimlarining ish tashlashi aslida 2022 yil bahorda boshlangandi. Ishchi-xodimlar rahbariyat oldiga mehnat sharoitlarini yaxshilash, ish haqlarini oshirish va ish o‘rni uchun kafolat berish talablarini qo‘yadi.

Bundan tashqari, kasaba uyushmalari chiptaxonalarni saqlab qolish orqali ularda ishlayotgan xodimlarning ish o‘rinlarini saqlash talabini ham qo‘yadi.

Rahbariyat bu takliflarga ko‘nmaydi va ish tashlashlar 2023 yilda ham yanada kengroq ko‘lamda davom ettiriladi. Oqibatda poyezdlar harakatida ko‘plab uzilishlar yuz beradi va temiryo‘l kompaniyalari katta zarar ko‘ra boshlaydi.

Nihoyat 2023 yil 30 noyabr kuni temiryo‘l kompaniyalari va ish tashlovchilar o‘zaro kelishuvga erishishadi. Unga ko‘ra kompaniyalar bitta talabni bajarishga – faqat ish haqlarini oshirishga rozi bo‘lishadi. Shundan so‘ng ish tashlash to‘xtatiladi.

Foto: Alamy 

Shuningdek, Germaniyada budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlar maoshlarni oshirishni, Avstraliyada gazni qayta ishlash zavodlari ishchilari mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilib, Fransiyada pensiya yoshining oshirilishiga qarshi umummilliy (hukumat pensiya yoshini 62 dan 64 yoshga oshirmoqchi bo‘lgandi) ish tashlashlar bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, 14 dekabrda Finlandiyada ish tashlashlarni taqiqlash haqidagi qonun loyihasiga qarshi 100 ming odam, 2 sentabrda Janubiy Koreyada pedagoglarni himoya qilib 200 ming o‘qituvchi, Gretsiyada dahshatli poyezd halokatidan so‘ng (hodisada 57 kishi halok bo‘lgan) minglab temiryo‘lchilar, Bangladeshda maoshlarni oshirishni talab qilib 100 ming ishchi ish tashladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: