Temiryo‘llar qurilishi XIX asr boshlarida boshlangan bo‘lsa-da, keyinchalik avtomobil transporti rivojlanganda ham uning ahamiyati pasaymadi. Hanuzgacha u turli yuklarni va yo‘lovchilarni tashishda muhim transport vositasi bo‘lib qolmoqda.
Bugun dunyoning 140 davlatida temiryo‘llar bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda dunyo bo‘ylab tashilgan yuklarning 23 foizi temiryo‘llar orqali tashilgan.
Temiryo‘llarda yuk va yo‘lovchi tashishda AQSh, Xitoy, Rossiya, Kanada, Hindiston, Germaniya, Fransiya, Argentina, Avstraliya va Braziliya kabi davlatlar yetakchilik qiladi.
XX asr va XXI asrning boshlarida dunyodagi eng uzun temiryo‘l yo‘nalishi Transsibir yo‘nalishi edi. Bu yo‘nalish Moskvadan Uzoq Sharqdagi Vladivostok shahrigacha borardi.
2014 yilda Xitoy tomonidan “Yangi ipak yo‘li” nomi bilan yangi temiryo‘l yo‘nalishi ochildi. Bu yo‘nalishda poyezd Xitoyning Iu shahridan Ispaniya poytaxti Madridgacha boradi. Uning umumiy uzunligi 13 052 kilometrni tashkil etadi.
“Yangi ipak yo‘li” bir muddat dunyodagi eng uzun temiryo‘l yo‘nalishi bo‘lib turdi. 2021 yilga kelib Laosning Boten va Viyentyan shaharlari o‘rtasida 414 kilometrlik temiryo‘l uchastkasi foydalanishga topshirildi.
Shundan so‘ng Singapurdan Portugaliyagacha bo‘lgan masofada dunyoning eng uzun temiryo‘l liniyasi paydo bo‘ldi. Biroq “Yangi ipak yo‘li” liniyasidan farqli ravishda Singapur-Portugaliya yo‘nalishida poyezdlar qatnamaydi.
The Times nashrining xabar berishicha, Laosdagi temiryo‘l uchastkasi bitgandan so‘ng Lissabondan Singapurgacha bo‘lgan 18,6 ming kilometrlik yo‘lni poyezdda Parij, Moskva va Pekin orqali 3 haftada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Laosdagi yo‘lni “Bir kamar bir yo‘l” dasturi doirasida Xitoy qurib bergan. Qurilish ishlari 5 yil davom etgan va unga 6 mlrd dollar mablag‘ sarflangan.
Quyida dunyoning eng uzun temiryo‘l yo‘nalishlari haqida ma’lumot beramiz.
10. Shanxay – Lxasa 4 373 kilometr
Xitoy sharqidagi Shanxay shahridan uning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan Tibet poytaxti Lxasa shahriga yuradigan poyezd Xitoyning sakkizta provinsiyasidan o‘tadi.
Shanxaydan yo‘lga chiqqan poyezd Lxasaga yetib borishi uchun vaziyatga qarab 47-50 soat vaqt kerak bo‘ladi.
Shanxay – Lxasa yo‘nalishida yuradigan poyezddan asosan sayyohlar foydalanadi. Tibetni tomosha qilishga kelayotgan xitoylik va xorijlik sayyohlar asosan shu poyezdda yuradi.
Xitoy hukumati Lxasaga temiryo‘l yo‘nalishi qurib, Tibetni iqtisodiy rivojlantirish va hududda sayyohlikni rivojlantirishni maqsad qilgandi.
Bu loyiha o‘z samarasini berdi. Keyingi yillarda Tibetga xorijiy va ichki sayyohlar kelishi keskin oshdi.
9. Chikago – Los-Anjyeles: 4 390 kilometr
Chikago shahri AQShning shimoliy-sharqida, Los-Anjyeles mamlakat g‘arbida joylashgan. Bu ikki shaharni bog‘lovchi temiryo‘lning uzunligi 4 390 kilometrni tashkil etadi va u AQShdagi eng uzun yo‘nalish hisoblanadi.
Bu yo‘nalishda poyezd manzilga yetguncha o‘rtacha 60-65 soat harakatlanadi. U AQShning yettita shtatini kesib o‘tadi va yo‘lda 40 ta bekatda to‘xtaydi.
Ushbu poyezdda asosan sayyohlar tashiladi. Ular bu yo‘nalishda AQShning noyob va xilma-xil tabiatini tomosha qilishga muvaffaq bo‘ladi.
Chikago-Los-Anjyeles yo‘nalishida yo‘lovchi tashish bilan asosan davlatga qarashli Amtrak kompaniyasi shug‘ullanadi. Kompaniya uzoq davom etadigan sayohatda yo‘lovchilarni zeriktirmaslik uchun vagonlarni tarixiy ashyolar bilan jihozlagan.
Bundan tashqari, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar ham grim qilgan holda Gollivud aktyorlari qiyofasida yo‘lovchilarga xizmat qiladi.
AQSh temiryo‘l tarmoqlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Mamlakatda tortilgan temiryo‘l liniyalarining umumiy uzunligi 250 000 kilometrni tashkil etadi.
8. Xarbin – Xaykou: 4 458 kilometr
Xeylunszyan provinsiyasi markazi Xarbin shahrini Xaynan orolidagi Xaykou shahri bilan bog‘laydigan temiryo‘l Xitoydagi eng uzun yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalishda muntazam qatnovlar 2013 yilda boshlangan. Poyezdlar manzilga yetguncha 66 soat yuradi va 52 ta bekatda to‘xtab o‘tadi.
Yo‘nalish Xitoyning shimoliy va sharqiy qismini janubiy qismi bilan bog‘lash uchun ochilgan.
Xaynan oroli o‘zining dam olish maskanlari bilan juda mashhur. Yangi temiryo‘l liniyasining ochilishi mahalliy dam oluvchilarning orolga yetib olishini ancha qulaylashtirdi.
7. Toronto – Vankuver: 4 466 kilometr
Xuddi Chikago – Los-Anjyeles temiryo‘li kabi Toronto – Vankuver yo‘nalishi ham Kanada sharqidan uning g‘arbiy qismigacha davom etadi.
Toronto mamlakat sharqida, Vankuver esa uning g‘arbida joylashgan. Har ikki shaharni 4 466 km uzunlikdagi temiryo‘l yo‘nalishi bog‘lab turadi.
Bu yo‘nalishda asosan VIA Rail kompaniyasining poyezdlari qatnaydi va Torontodan Vankuvergacha Kanadaning tabiati bilan tanishib ketish mumkin bo‘ladi. Yo‘llarda hatto turli yovvoyi hayvonlar ham uchraydi.
Bu yo‘nalishda temiryo‘l baland tog‘lar, tog‘ o‘rmonlari, tik qoyali daralar oralab tortilgan. Poyezdlar manzilga yetguncha yo‘lovchilar umuman zerikib qolishmaydi.
Toronto – Vankuver yo‘nalishida poyezdlar qariyb 4 sutka, 85-90 soat yuradi va yo‘llarda 66 ta bekatda to‘xtab o‘tadi. Ular orasida Vinnipeg, Saskatun va Edmonton shahri vokzallari ham bor.
6. Urumchi – Guanchjou: 4 684 kilometr
Urumchi – Guanchjou temiryo‘l marshruti Xitoyning g‘arbiy va sharqiy qismlarini bog‘laydi. Ushbu yo‘nalishda uch turdagi poyezdlar qatnaydi.
Bular Z138/Z135, T38/T35, L908/L905 reyslaridir. Z turdagi poyezdlar tezyurar hisoblanadi. Ular 31 ta bekatda to‘xtaydi va 49,5 soatda manzilga yetadi. T turdagi poyezdlar 55 soatda, uchinchi, L turdagi poyezdlar 65 soatda manzilga yetadi.
5. Inin – Shanxay: 4 742 kilometr
Inin–Shanxay temiryo‘l yo‘nalishi Xitoyning shimoliy-g‘arbini dunyoning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Shanxay bilan bog‘laydi.
Bu yo‘nalishda poyezdlar ilk marta 2014 yil 10 dekabrdan boshlab qatnay boshlagan. Poyezdlar qatnov davomida yettita provinsiyani kesib o‘tadi va 32 ta bekatda to‘xtaydi.
Ular orasida Nilki, Kuytun, Tszinxe, Tsaven, Turfan, Urumchi, Shanshan va Xami shaharlaridagi vokzallar ham bor. Inin–Shanxay yo‘nalishida poyezdlar o‘rtacha 56-60 soat yurishadi.
4. Lxasa – Guanchjou: 4 980 kilometr
Dunyodagi eng uzun temiryo‘llardan yana biri Lxasa-Guanjou yo‘nalishi hisoblanadi. Bu yo‘lning uzunligi 4 980 km bo‘lib, u Tibetning ma’muriy markazi Lxasa shahrini Xitoy sharqidagi Guanjou bilan o‘zaro bog‘laydi.
Ushbu temiryo‘lda ham tezyurar poyezdlar qatnaydi va ular vaziyatga qarab o‘rtacha 54-60 soatda manzilga yetadi.
Lxasa-Guanjou yo‘nalishida qatnaydigan poyezdlar Chenchjou, Lanchjou, Uchan va Sian kabi yirik shaharlar vokzallarida ham to‘xtab o‘tadi.
Ushbu yo‘nalishdan ham asoson mahalliy sayyohlar foydalanishadi, poyezdlar restoranida xitoy milliy oshxonasining 100 dan oshiq taomlari tayyorlanadi.
Vagon xizmatchilari yo‘lovchilarga ma’lumotlarni uch tilda: xitoy, ingliz va tibet tillarida e’lon qilib boradi.
3. Moskva – Pekin: 8 984 kilometr
Moskva-Pekin yo‘nalishida poyezdlar 1954 yildan qatnay boshlagan. O‘shandan buyon bu yo‘nalishda poyezdlar muntazam qatnab kelmoqda.
Moskvadan yo‘lga chiqqan poyezd qariyb 9 ming kilometr yo‘l bosib, Pekinga yetib boradi. Yo‘l vaqti 145 soatni tashkil etadi va yo‘nalish davomida poyezd 44 ta bekatda to‘xtab o‘tadi.
Ushbu yo‘nalishning katta qismi Transsibir temiryo‘l magistrali orqali o‘tadi va Rossiyaning Chita shahriga borib yo‘l Xitoy tomon buriladi.
Poyezd Rossiya va Xitoy chegarasidagi bojxona nazorat bekatida uzoq to‘xtab qoladi. Bu yerda yo‘lovchilarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish va vagonlarning g‘ildiraklarini Xitoy temiryo‘llariga moslash uchun 6 soat vaqt sarflanadi.
2. Moskva – Vladivostok: 9 289 kilometr
Moskva-Vladivostok o‘rtasida ilk poyezd 1903 yilda harakatlangan. O‘shanda Transsibir temiryo‘li orqali yurgan poyezd Sibirda Xitoy hududiga o‘tgan va Sharqiy-Xitoy temiryo‘li orqali Vladivostokka yetib borgan.
1916 yilda Xabarovsk yaqinida Amur daryosi ustiga ko‘prik quriladi. Shundan so‘ng Moskva-Vladivostok yo‘nalishidagi poyezdlarning yo‘li biroz qisqaradi.
Moskva-Vladivostok yo‘nalishidagi poyezdlar yuradigan Transsibir temiryo‘l liniyasining tarixi XIX asrning oxiriga, aniqrog‘i, 1891 yilga borib taqaladi.
O‘shanda Rossiyaning Yevropa qismini Uzoq Sharqdagi shaharlar bilan bog‘lash rejasi tayyorlanadi. Ma’lum bir uchastkalarda temiryo‘l liniyalari quriladi. Biroq ishlarni oxiriga yetkazish uchun Rossiyada mablag‘ yetmasdi.
XX asr boshlarida Moskvadan avvaliga Sibirdagi, so‘ng Xitoy orqali Vladivostokka poyezdlar qatnay boshlaydi. Rossiyaning Yevropa qismi bilan Uzoq Sharqdagi shaharlarni temiryo‘l orqali tutashtirish, rejalangandan qariyb yuz yil o‘tganidan so‘ng 1984 yilga kelibgina amalga oshiriladi.
Bungacha esa 50–60 yil davomida Transsibir temiryo‘l magistrali va Baykal – Amur magistral temiryo‘li qurildi. Poyezdlar esa Uzoq Sharqqa Xitoy orqali harakatlanishda davom etadi.
Moskvadan Vladivostokka boradigan poyezd 178 soat yoki yetti sutka yuradi. Uzunligi 9 288 km bo‘lgan bu yo‘nalishda qatnaydigan poyezdlar 70 tacha bekatda to‘xtab o‘tadi.
Ushbu yo‘nalishda yuradigan sayyohlar Rossiyaning juda katta hududlarini, jumladan, Sibir va Baykal ko‘lini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
1. Iu – Madrid: 13 052 kilometr
Iu shahri Xitoy sharqidagi Chjetszyan provinsiyasida joylashgan. Bu shahar xalqaro darajadagi katta-katta ulgurji bozorlari bilan mashhur. Shu sababli Iuni “Dunyo supermarketi” deb atashadi.
2014 yilda Xitoy tomoni Iu shahridan Ispaniya poytaxti Madrid shahriga yangi poyezd yo‘nalishini tashkil qildi. Bundan maqsad Xitoy mahsulotlarini temiryo‘llar orqali G‘arbiy Yevropaga yetkazib berish edi.
O‘shanda Iu shahridan yo‘lga chiqqan poyezd sakkiz mamlakat – Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Polsha, Germaniya, Fransiya va Ispaniya hududi bo‘ylab yurib, 21 kun deganda Madridga yetib bordi.
O‘shandan buyon Xitoy va Ispaniya orasida poyezd muntazam qatnamoqda. Iu-Madrid yo‘nalishining uzunligi 13 ming kilometrdan oshadi. Xitoy bu yo‘nalishni “Yangi ipak yo‘li” deb nomlagan.
Iu-Madrid yo‘nalishini ochishdan avval Xitoy ayrim joylarda temiryo‘llar qurish va ta’mirlash uchun 40 mlrd dollar mablag‘ sarflagan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.