Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol 3 kunlik davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Rasmiy Toshkent ikki ma’muriyat davrida ham Koreya bilan iliq, do‘stona aloqalarga ega. Kun.uz muxbiri mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik masalalari haqida so‘z yuritish uchun siyosiy tahlilchi Jasurbek Po‘latov va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili Dostonbek Olimjonovni taklif etdi.
So‘nggi bor 2019 yilning aprel oyida Koreyaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Mun Chjye In O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan edi. 2022 yilda lavozimga saylangan Yun Sok Yol esa shu kunlarda Markaziy Osiyoning 3 respublikasiga turnesini yakunladi: dastavval Turkmaniston, so‘ngra Qozog‘iston hamda O‘zbekistonda bo‘ldi.
Bugun Koreya Respublikasi – O‘zbekistonning tashqi savdodagi eng katta 5 hamkoridan biri. Shuningdek, Markaziy Osiyodagi koreys diasporasi vakillaridan eng ko‘pi ham O‘zbekistonda yashaydi. Koreys prezidentlar, mulozimlar o‘tgan asrning 30-yillari oxirida bu hududga ko‘chirilgan koreyslarni iliq qabul qilgani uchun mintaqa davlatlariga minnatdorligini bildirib keladi.
Siyosiy tahlilchi Jasurbek Po‘latovning fikricha, Koreyadan O‘zbekistonga u yoki bu masalada bosimlar yo‘q, gigantlardan farqli ravishda Seul Markaziy Osiyo davlatlari bilan geosiyosiy manfaatlarsiz, beminnat hamkorlikka kirishadi.
Suhbatda, shuningdek, Koreya va O‘zbekiston aloqalaridagi eng muhim va qaynoq yo‘nalish – migratsiya masalalari ham ko‘tarildi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Dostonbek Olimjonovning ma’lum qilishicha, bugungacha 40 ming nafardan ortiq mehnat muhojirlari Koreyaga ishga jo‘natilgan. 2023 yilning o‘zida jo‘natilganlar soni 4 mingdan ortiq.
Lekin mehnat qilishga ketayotganlarning hammasi ham qonun-qoida va shartnoma talablariga bo‘ysunayotgani yo‘q. Masalan, 2021 yilda E-8, ya’ni Koreyaning ish vizasi bilan davlatga borgan 421 nafar o‘zbek muhojirlaridan 307 nafari shartnomani buzib, noqonuniy ishlashga chiqib ketgan. Shundan so‘ng, Koreya o‘zbekistonliklarga bu turdagi viza berishni butunlay to‘xtatdi, deydi Olimjonov.
Koreya va uning xalqidan o‘rgansa bo‘ladigan jihatlar juda ko‘p. Masalan, koreyslar siyosiy faol va davlatidagi jarayonlarga, saylovlar-u, ovoz berishlarga befarq emas. Har bir fuqaro o‘z ovozini qadrlaydi va tanlagan nomzodidan natija ham talab qiladi. Eng asosiy o‘rganadiganimiz – jamoatchilik nazoratidir. Koreyada OAV to‘la erkin va davlat rahbariga ham bemalol jiddiy savollar beradi, deydi siyosatshunos.
Shuningdek, Koreya tashqi siyosatining borishi, davlatlar bilan aloqalardagi faolligi uning ittifoqchilariga ham bog‘liq. Masalan, AQShda Donald Tramp prezidentlik qilganda, Amerika izolyatsion siyosat yuritgandi, Koreya esa bu yillarda anchagina erkin tashqi siyosat olib borgan. Bayden esa, aksincha, global siyosat tarafdori. Uzoq Sharqdagi asosiy ittifoqchilar Yaponiya va Janubiy Koreyaning tashqi siyosatiga ham bu ta’sir qiladi, deydi tahlilchi.
Shohrux Majidov suhbatlashdi.
Janubiy Koreya