Toshkentning Sergeli tumanida King Long rusumli 18 metr uzunlikdagi avtobus xuddi shunday rusumdagi boshqa bir avtobusga borib urildi, oqibatda 4 kishi jarohatlandi.
“Toshshahartransxizmat” axborotiga ko‘ra, 14 iyun kuni soat 16:14 larda 131-yo‘nalishdagi avtobus Yangi Sergeli ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib, piyodalar o‘tish yo‘lagida piyodani o‘tkazish uchun to‘xtagan vaqtda, orqadan oraliq masofa saqlamay harakatlanib kelayotgan 58-yo‘nalish avtobusi kelib urilgan.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, avtobus haydovchisi, chiptachisi va 2 nafar yo‘lovchi tan jarohati olgan. Avtobuslar texnik shikastlangan.
Kompaniyada holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan, holatni YHXB ham o‘rganmoqda.