Rafah sohiliga chiqqan Isroil armiyasi, AQSh bilan xavfsizlik bitimi imzolagan Ukraina va rekord darajaga yetgan qochqinlar - kun dayjesti

Jahon 13:55 / 14.06.2024 5554

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil qo‘shinlari tobora Rafahning ichkarisi tomon siljib bormoqda. Isroil tanklari osmon, yer va dengizdan turib bombalashlar amalga oshirilgan eng og‘ir tunda Rafahning g‘arbiy tumanlaridan birining ichkarisigacha kirib kelgan. Ko‘plab oilalar o‘z uylari va chodirlarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari sohil yaqinidagi Al-Mavasiy tumani tomon siljiy boshlagan. Bu hudud Isroil armiyasi tomonidan may oyida Rafahga hujum asnosida e’lon qilingan barcha xaritalarda humanitar zona sifatida belgilangan edi.

Isroil tomoni so‘nggi vaqtlarda milliondan ortiq aholi istiqomat qilib kelgan Rafahga hujumidan maqsad HAMASning omon qolgan so‘nggi bo‘linmalarini yo‘q qilish ekanini ta’kidlagan. Hozir aholining katta qismi shimolga — G‘azoning markazidagi Xon Yunus va Dayr-ul-Balah shaharlariga yo‘nalgan.

Isroil toki HAMAS yo‘q qilinmas ekan, o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortib kelmoqda.

Urushning 251-kuniga kelib Isroil agressiyasining qurbonlari 37 ming 232 kishiga yetgan. Yaradorlar soni esa 85 ming kishidan oshgan.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil armiyasi tomonidan uchta ommaviy qirg‘in uyushtirilgan. Unda 30 nafar g‘azoliklar o‘ldirilgan, 105 kishi yarador qilingan.

Ukraina bilan xavfsizlik bitimlari

AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi 10 yillik bitimni imzoladi, deb xabar berdi Reuters.

«Tomonlar ushbu kelishuvni Ukrainaning NATO ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun ko‘prik sifatida tan oladilar», deyiladi xabarda.

Natijada, endi Ukraina «Katta yettilik»ka (G7) kiruvchi barcha davlatlar, bundan tashqari, yana 8 ta davlat bilan shunday bitimga ega bo‘ldi.

AQSh bilan kelishuvda aytilishicha, Ukrainaga qurolli hujum yoki qurolli hujum tahdidi yuzaga kelgan taqdirda, AQSh va Ukrainaning yuqori martabali rasmiylari javob choralari bo‘yicha maslahatlashish va Ukrainaga qo‘shimcha mudofaa zarurligini aniqlash uchun 24 soat ichida uchrashadi.

Kelishuvga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi.

Jo Baydenga ko‘ra, Ukraina va AQSh o‘rtasida tuzilgan xavfsizlik bo‘yicha kelishuv amerikalik askarlarni Ukrainaga jo‘natishni nazarda tutmaydi.

«AQSh Ukrainaga yordam beradi, biroq Amerika qo‘shinlarini Ukrainaga urushish uchun yubormaydi. Biz qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib beramiz, razvedka ma’lumotlari bilan bo‘lishishni kengaytiramiz, jasur ukrain askarlarini o‘qitishda davom etamiz», — degan AQSh prezidenti.

Qayd etilishicha, AQSh Ukrainani himoya qilishga qodir bo‘lgan xavfsizlik va mudofaa kuchlarini rivojlantirish va kelajakdagi tajovuzning oldini olish uchun uzoq muddatli moddiy, o‘quv, maslahat, razvedka, xavfsizlik, mudofaa-sanoat, institutsional va boshqa yordam ko‘rsatish niyatida.

Avvalroq, Italiyada o‘tkaziladigan G7 sammiti oldidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida mamlakatlar o‘rtasida 10 yilga mo‘ljallangan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan edi. Hujjatga ko‘ra, Tokio Kiyevga 2024 yil oxirigacha 4,5 milliard dollar beradi.

Ukrainaga yordam

G7 davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan ko‘riladigan daromadlar hisobidan Ukrainaga 50 mlrd dollar kredit taqdim etadigan bo‘lishdi.

Bu xabarni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar yil oxirigacha Ukrainaga paydar-pay yetkaziladi.

Reuters’ning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, masalaning texnik jihatlari yaqin haftalar ichida hal qilinadi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh to‘liq summani taqdim etishga tayyor, boshqa mamlakatlar esa bu kelishuv doirasida Ukrainaga qancha pul jo‘natishi mumkinligini e’lon qilmagan.

Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinadigan daromadlarni Ukrainaga yordam sifatida ishlatish g‘oyasini G7 davlatlari may oyida muhokama qilishgan edi. O‘shanda muayyan qaror qabul qilinmagan, Rossiya Ukrainaga yetkazgan zararni qoplamaguncha aktivlar muzlatilganicha turadi, degan qarorga kelingan.

Keyinroq AQSh Ukrainaga muzlatilgan aktivlar hisobidan so‘ndiriluvchi 50 mlrd dollar kredit berishga tayyor ekanini e’lon qilgan, biroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaga muddatsiz sanksiya qo‘llay boshlasa, degan shartni qo‘ygan. Hozir Yevropa sanksiyalari har 6 oyda cho‘zib turilibdi.

O‘tgan kuni Le Monde nashri Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning vakiliga tayanib, G7 davlatlari bu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlaganini xabar qilgan.

Ukraina frontidagi vaziyat

Rossiyaning oldinga siljishi deyarli barcha yo‘nalishlarda to‘xtab qoldi, holbuki Putin RF qurolli kuchlari ukrain armiyasini «siqib chiqarayotgani»ni aytgandi.

Rossiya armiyasi 2023 yil oktyabrida bir necha yo‘nalishda boshlangan yurishlarini iyun oyida ham davom ettirmoqda. RF qurolli kuchlarining asosiy zarbasi berilgan va eng katta qo‘shin harakatga keltirilgan Avdiyivka yo‘nalishida sakkiz oy mobaynida 15–20 km masofa bosib o‘tildi. Shu bilan birga, Avdiyivkaning o‘zi egallab olingan fevral oyidan keyingi davrdagi ilgarilash 7–10 kmni tashkil etgan.

May oyida RF qurolli kuchlari Xarkiv yaqinida yangi front ochgan, bir necha kun ichida ukrainlar nazoratidagi hudud bo‘ylab 7–8 km masofaga kirib kelingandi. Boshqa yo‘nalishlarda esa oldinga harakatlanish yanada sekin va kamtarona bo‘lmoqda.

Vladimir Putin 7 iyun kuni RF qurolli kuchlarining hujum metodlarini Ukraina qurolli kuchlarini Rossiya «o‘z nazorati ostiga olishi kerak bo‘lgan» hududlardan «siqib chiqarish» taktikasi deb atagandi. Bunday yurish sur’atini tezlashtirish ham mumkin — faqat Rossiya armiyasining son jihatdan ustunligini sezilarli darajada oshirish hisobiga.

Buning uchun esa yangi safarbarlik ochish kerak, boz ustida yo‘qotishlar soni ham ortadi — bunday variantlar Putinni qoniqtirmaydi.

Uning rejasiga ko‘ra, gap kamida Donetsk va Zaporijjya oblastlarini to‘liq egallash haqida boradi. Ammo Donetsk oblastining logistik va sanoat markazlari — Kramatorsk, Slovyansk, Pokrovsk, Kuraxovo, Liman shaharlarigacha Rossiya qurolli kuchlari 30 kmdan ortiq masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Oblast chegarasigacha 40–50 km yo‘l bosish kerak. Bundan xulosa qilish mumkinki, hozirgi sur’atlarida faqat Donetsk oblastining o‘zini egallashga bir yildan ortiq vaqt ketishi mumkin.

Bu orada Ukraina qurolli kuchlari Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov Rossiyaga g‘arb qurollari bilan zarba berila boshlaganini tasdiqladi.

Budanovga ko‘ra, bunday zarbalar albatta o‘z samarasini ko‘rsatadi va Ukraina uchun frontdagi «vaziyatni aniq yengillashtiradi». U shuningdek Rossiya prezidenti Vladimir Putinning «qizil chiziqlar» to‘g‘risidagi gaplari omma oldida o‘zini ko‘rsatish ekanini ta’kidlagan.

Qochqinlar soni rekord darajaga yetdi

Dunyoda qonli urushlar davom etar ekan, 2023 yil oxiriga 117,3 million kishi turli sabablarga ko‘ra qochqin maqomini olgani ta’kidlanmoqda. Bu rekord raqam ekani BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (UNHCR) tomonidan ma’lum qilingan.

«2023 yil oxirida 117,3 million kishi ta’qiblar, mojarolar, zo‘ravonlik, inson huquqlari buzilishi va jamoat tartibini jiddiy buzgan voqealardan qochganligi uchun majburan ko‘chirildi va ko‘rsatkich yangi tarixiy darajaga yetdi», deyiladi hisobotda.

BMT komissarligining hisob-kitoblariga ko‘ra, qochqinlar soni 2024 yilning birinchi oylarida ham o‘sishda davom etgan va aprel oyi oxiriga ko‘ra, 120 milliondan oshishi mumkin.

Ko‘chirilganlar sonining ko‘payishiga Sudan, Kongo DR, Myanma va G‘azo sektoridagi mojarolar ta’sir ko‘rsatgan. BMT Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oxiriga kelib, «halokatli zo‘ravonliklar 1,7 millionga yaqin odamni G‘azo sektorini tark etishga majbur qilgan».

«Bu azob-uqubatlar xalqaro hamjamiyatni majburiy ko‘chirilishning asosiy sabablarini bartaraf etish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga undashi kerak», dedi qochqinlar bo‘yicha BMT Oliy komissari Filippo Grandi. 

Ko‘proq yangiliklar: