11-12 iyun kunlari AQSh Savdo vakili Ketrin Tay O‘zbekistonda bo‘lib, qator rasmiylar, xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashdi. Tayning fikricha, respublikaning JSTga a’zo bo‘lishi juda cho‘zilib ketdi. Lekin har bir a’zo davlat bilan kelishish, kerakli o‘zgarish va qarorlarni qabul qilish vaqt olishi tayin edi. Savdo vakilining qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston bu yo‘lda monopoliyani yengishi lozim. Xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb qilish buni osonlashtiradi.
Ketrin Tay rasmiy doiralar bilan muzokaralaridan keyin OAV vakillari bilan ko‘rishib, ularning savollariga javob qaytardi. Kun.uz jurnalistining aynan tashkilotga a’zo bo‘lish va bunda monopoliyaga barham berish lozimligi vazifasi xususida savolga Tay xonim javob berar ekan, vazifa og‘ir ekanini aytdi.
“Monopoliyani yo‘qotish oson ish emas, lekin O‘zbekiston bunga yaqin turibdi. Prezidentning nigohi qaratilgan. O‘zbekistondagi kompaniyalar ko‘proq innovatsion, bir-biridan foydali va ustun mahsulotlar ishlab chiqarishni oshirsa, bir-biridan ildamlashga urinsa, monopoliya zarba oladi. O‘zbekiston bu borada xorijiy investorlarni ham jalb qilib, ijobiy natijaga erishishi mumkin. Masalan, men bu yo‘ldagi xususiylashtirish siyosatini ijobiy baholayman. Chunki bu O‘zbekistonni dunyo iqtisodiyotiga ulaydi”, — deydi Ketrin Tay.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi Kremlga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar to‘lqinini keltirib chiqardi.
Masalan, 2023 yil hisobiga ko‘ra, AQSh Moliya vazirligi 2400 ga yaqin yuridik va jismoniy shaxslarga sanksiya qo‘ydi. Savdo vazirligi esa Rossiya va uning ittifoqchisi Belarusga eksportni taqiqlovchi nazorat o‘rnatdi. Biroq Moskva sanksiyalarni chetlab o‘tishga maksimal harakat qildi. Energetika sanoatiga nisbatan qo‘llangan keng qamrovli sanksiyalarga qaramay, Rossiya kompaniyalari vositachilardan foydalangan holda dunyo bo‘ylab neft tashishda davom etdi. Xitoy, Armaniston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston sanksiyalar siyosatini aylanib o‘tishda ko‘rsatilgan yordamda asosiy gumondor davlatlar. AQSh savdo vakilidan ayni masala xususida so‘ralganda, Tay buni uzoq yillik hamkorlikka burdi.
“Mening o‘ylashimcha, mintaqani bunga jalb qilish – savdo aloqalarini diversifikatsiyalash tomon xohish. Bu davlatlar tarixan iqtisodiy bog‘liq ekani ham hisobga olinsa, sanksiyalar siyosatining buzilishi bo‘lmaydi. Lekin hozirgacha biz bu davlatlardan G‘arb va AQSh sanksiyalarini hurmat qilgan holda savdoda ko‘proq hamkorlarni izlash, ko‘proq variantlarni izlashga urinishni ko‘ryapmiz”, — deydi AQSh savdo vakili.