O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari Toshkentdagi muzokaralar yakunlarini yuqori baholadi. Yetakchilar muzokaralar do‘stona muhitda, konstruktiv va ishonchli muloqot ruhida o‘tganini ta’kidladi.
Mirziyoyev Janubiy Koreyani jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan mamlakatlardan biri, O‘zbekistonning vaqt sinovlaridan o‘tgan alohida strategik hamkori ekanini ta’kidladi.
– Janubiy Koreya bizdan ancha olisda joylashgan bo‘lsa-da, xalqlarimizning urf-odat va qadriyatlari, ma’naviy olami va dunyoqarashi bir-biriga o‘xshashdir. Biz yaqin do‘st sifatida olijanob va bag‘rikeng koreys xalqi erishayotgan katta muvaffaqiyatlardan behad quvonamiz va faxrlanamiz, dedi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyev koreys hamkasbi bilan muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangani, yangi reja va marralar olinganini ta’kidladi. Hamkorlikning barcha mexanizmlariga tizimli tus berish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, o‘zaro savdoda muvozanatni ta’minlash muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mita va tashqi siyosat idoralari o‘rtasida Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi.
O‘zbekiston rahbari Janubiy Koreya prezidenti bilan birga mamlakatimizga katta ishbilarmonlar delegatsiyasi kelganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Bugungi biznes forumida Janubiy Koreyaning 80 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani va 9,6 milliard dollarlik yangi loyihalar to‘plami tayyorlangani savdo-iqtisodiy hamkorlikka kuchli turtki berishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarga mo‘ljallab O‘zbekiston-Janubiy Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda yetakchilar O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab tashkil etish bo‘yicha Strategik dasturni tayyorlashga kelishib oldilar.
O‘ta muhim mineral resurslar, yarimo‘tkazgichlar, kimyo, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va shaharsozlik, “yashil” energetika sohasidagi hamkorlik strategiyaning tayanch yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
O‘zbekiston rahbari koreys kompaniyalari bilan hamkorlikning ayrim ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.
Masalan, o‘ta yupqa mis folgasi, “yashil” vodorod, ammiak, agrokimyo, yarimo‘tkazgichlar va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar mavjud. O‘zbekiston avtomobil rusumlari qatorini kengaytirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirishdan manfaatdor. Qishloq xo‘jaligi sohasida Janubiy Koreyaning “yashil” va “aqlli” texnologiyalarini transfer qilish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishilgan.
Janubiy Koreya kompaniyalari davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etadi.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
O‘zbekistonning an’anaviy hamkorlari – Eksimbank, EDCF jamg‘armasi va Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sheriklikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
EDCF bilan umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan yangi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Janubiy Koreyaning rivojlanish institutlari bilan samarali hamkorlikka yana bir yorqin misol – zamonaviy ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi ishga tushirilgani. Qo‘shma universitet, kattalar shifoxonasi va onkologik klinikaga ega noyob tibbiy klaster qurilishi bo‘yicha yangi loyihalarni tezlashtirishga kelishildi.
Tomonlar, shuningdek, kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasi, ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishdilar.
Muzokaralar chog‘ida yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan pozitsiyalar o‘xshashligini tasdiqladi.
Mirziyoyev kelgusi yil Seulda “Markaziy Osiyo - Janubiy Koreya” formatidagi birinchi sammitni o‘tkazish taklifini ma’qulladi va Yun Sok Yolning Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy qadamlarini qo‘llab-quvvatladi.
Madaniy-gumanitar sohada tomonlar 2025 yilni “O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi almashinuvlar yili” deb e’lon qilishga kelishib oldi. Uning doirasida o‘zaro madaniyat haftaliklari, yoshlar, ta’lim, til va sport forumlari, san’at va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, turizm tadbirlari o‘tkaziladi.
Umuman, O‘zbekiston va Janubiy Koreya zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldi.
– O‘zaro munosabatlarimizda “Yuqori texnologik va innovatsion sheriklikning yangi davri” boshlanmoqda. Bugun imzolangan Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot va yigirmaga yaqin boshqa hujjatlar bu ezgu niyatlarimizga xizmat qilishiga aminman, – dedi Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, barcha kelishuvlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.