Litva Seymi 13 may, payshanba kuni harbiy xizmatni isloh qilish bo‘yicha qonunlar to‘plamini ma’qulladi. Tegishli hujjat mamlakat parlamenti saytida e’lon qilindi. Qabul qilingan o‘zgartishlarga ko‘ra, yoshlar maktabdan so‘ng darhol — 17 yoshdan boshlab harbiy xizmatga yaroqliligini aniqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Qonun loyihasiga 85 deputat ovoz berdi, 3 nafari qarshi chiqdi, 14 nafari esa betaraf qoldi.
O‘zgartirishlar kuchga kirgandan so‘ng, Litva maktablarining 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan bitiruvchilari 9 oylik majburiy harbiy xizmatga chaqiriladi. Harbiy xizmatni o‘tashdan oldin yigitlar oliy o‘quv yurtlariga kira olmaydi. Shu bilan birga, «Litva armiyasida yetishmayotgan kasblarni egallagan» universitet bitiruvchilari faqat uch oyga chaqiriladi.
«Litvaning NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zoligi, geosiyosiy vaziyat va davlat xavfsizligiga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni inobatga olgan holda yaratilgan milliy mudofaani yetarli darajada ta’minlash va harbiy xizmatni huquqiy tartibga solish maqsadida Seym harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririni tasdiqladi», deyiladi press-relizda.
Chaqiruv tenglik tamoyillariga asoslanadi
«Ushbu qonunning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, unda hamma uchun amal qiladigan tamoyil mavjud: qaysi oiladan bo‘lishi, ota-onasi kimligi muhim emas. Hamma bir xil mas’uliyatga ega», - deyiladi mamlakat bosh vaziri Ingrida Shimonitening bayonotida.
Qayd etilishicha, maktab o‘quvchilari uchun dastlabki tibbiy ko‘riklar 2025 yilda o‘tkaziladi va ular islohot kuchga kirgan 2026 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Litvada muqobil xizmat muddati 10 oydan 12 oyga uzaytirildi. Ixtiyoriy harbiy xizmatni o‘tash istagida bo‘lgan mamlakat fuqarolari 39 yoshga to‘lgunga qadar harbiy xizmatni o‘tashi mumkin.
Germaniya va Litva o‘rtasidagi mudofaa hamkorligi
2022 yil o‘rtalaridan boshlab Litvada Rheinmetall tomonidan Krauss-Maffei Wegmann (KMW) mudofaa kompaniyasi bilan birgalikda ochilgan harbiy texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishlamoqda. U Germaniya tomonidan Ukrainaga berilgan Leopard 2 jangovar tanklarini ta’mirlaydi.
Bundan tashqari, Ukrainada Rossiya Federatsiyasi to‘liq miqyosli harbiy harakatlar boshlaganidan keyin, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining NATOning sharqiy qanotidagi tahdidlariga javoban Germaniya Litvada bundesver zirhli tank brigadasini joylashtirishga qaror qildi. Birinchi nemis qo‘shinlari, shu jumladan, bundesverning 10-tank diviziyasi allaqachon mamlakatga yetib kelgan. Brigada 2027 yilgacha xizmatga kirishi kutilmoqda.