Britaniya O‘zbekistondan mavsumiy ishchilarni yollashni davom ettirmoqchi

O‘zbekiston 07:51 / 14.06.2024 7754

Tashqi ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va "Vatandoshlar" jamoat fondi vakillaridan iborat mamlakat delegatsiyasi Linkolnshir shahridagi Staples Vegetables fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, bu yerda vaqtincha ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi fuqarolarning yashash va ish sharoiti bilan yaqindan tanishdi. Ularning Britaniyada bo‘lishlari, maishiy va boshqa muammolari yuzasidan fikr almashildi, mahalliy qonunchilikka rioya etish yuzasidan suhbat o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida fermer xo‘jaligi rahbariyati va Britaniyaning Pro-Force rekruting kompaniyasi bilan muzokaralar tashkil etildi.

Unda Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zbekistonlik ishchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Britaniya tomoni ushbu yo‘nalishda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuqori baholab, O‘zbekistondan mavsumiy ishchilarni yollashni davom ettirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

Pro-Force rekruting kompaniyasi direktori Endi Simpsonning ta’kidlashicha, joriy yilda uning kompaniyasi 600 dan ortiq kishini ishga olgan. U, shuningdek, kelasida O‘zbekistondan mehnat migrantlari sonini ko‘paytirish rejalashtirilganini bildirdi.

Umuman olganda, 2025 yilda Britaniya hukumati tashqi ishchi kuchining umumiy sonini 40 ming kishiga yetkazmoqchi, ularning ma’lum qismi Markaziy Osiyodan jalb qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: