Raqamlar kun sayin oshmoqda
Avvalroq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik va mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilgandi.
Oliy sudning interaktiv xizmatlari portaliga ko‘ra, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun birinchi ish 2024 yil 14 may kuni ko‘rilgan. Unda 29 yoshli yigit “Binance” platformasi orqali hech qanday tegishli hujjatlarsiz, jami 125 marotaba kripto-aktivlarni sotib olish, o‘zga shaxsga o‘tkazish amaliyotini amalga oshirgani aniqlanib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
O‘tgan 1 oyda respublikada jami 15 kishi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgani uchun javobgarlikka tortilgan. Ularning 3 nafariga jarima (ikkitasiga 6,8 mln so‘mdan, bittasiga 3,4 mln so‘m) va 12 nafariga ma’muriy qamoq (beshtasi 10 sutka, ikkitasi 5 sutka hamda beshtasi 3 sutka) jazosi berilgan. Javobgarlikka tortilganlarning 5 nafari 20 yoshga ham to‘lmagan o‘smirlardir.
Qanday jazo bor?
Prezident imzolagan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimcha moddalar kiritilgan.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirgan mansabdor shaxslarga esa BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 278-8-moddaga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish yoxud kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar ushbu harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan ko‘p miqdorda hamda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosi tayinlanadi.
O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda, xizmat mavqeyidan foydalangan holda va uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.
Qonuniy ravishda kripto-aktiv sotib olsa bo‘ladimi?
O‘zbekistonda kriptovaluta oldi-sotdisiga ruxsat etilgan. Bu Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan kripto-birjalarda amalga oshiriladi.
“Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra, kriptovalutani sotish va sotib olish bo‘yicha xizmatlar ro‘yxatga olingan provayderlar tomonidan ko‘rsatiladi. Xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya faqat O‘zbekiston rezidentlari — yuridik shaxslariga beriladi.
Nizomda keltirilishicha, xizmatlar provayderlari faoliyatining turlari kripto-birja, mayning-pul, kripto-depozitariy va kripto-do‘kondan iborat. Ushbu faoliyatlarning har bir turi bo‘yicha alohida, cheklanmagan muddatga litsenziya beriladi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmatlar provayderlari turlari bo‘yicha litsenziyalarning elektron reyestriga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda ikkita MChJga kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berilgan.
1 oyda javobgarlikka tortilgan 15 yigitning 9 nafari “Binance” platformasi orqali kripto-aktivlarni sotib olish va o‘zga shaxsga o‘tkazish amaliyotini amalga oshirgan. “Binance” kripto-birja O‘zbekistonda bu faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olmagan. Shu sababli, undan kripto-aktiv sotib olish noqonuniy hisoblanadi.
O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan kripto-birjalardan jismoniy va yuridik shaxslar kriptovaluta sotib olishlari mumkin. Faqat “Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalari”ga asosan kripto-birja voyaga yetmaganlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga asosan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilganlar bilan munosabat o‘rnatishga haqli emas.
Kripto-aktivlar muomalasi borasida mavjud qonunchilikni buzish, albatta, javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sud jarayonida “mening xabarim yo‘q edi” deyish esa hech kimni jazodan ozod qilmaydi.