AQSh, Britaniya va Kanada Rossiyani Moldovada oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalariga ta’sir o‘tkazishga urinayotganlikda aybladi. 13 iyun, payshanba kuni AQSh Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan uch hukumatning qo‘shma bayonotida aytilishicha, Rossiya dezinformatsiya va onlayn tashviqotdan foydalanib jamiyatdagi keskinlikni kuchaytirishga va g‘arbparast Moldova prezidenti Mayya Sanduning amaldagi jamoasiga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirishga harakat qilmoqda.
«Biz demokratik hamkorlarimiz va ittifoqchilarimizni Rossiya sub’yektlari Moldovada 2024 yil kuzida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalariga ta’sir o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirish uchun shunday qadam tashlamoqdamiz», — deyiladi bayonotda. AQSh, Britaniya va Kanada hukumatlari Rossiya hozirda prezidentlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlayotganini va «bu Rossiya sub’yektlari o‘z maqsadlariga erishish uchun internetda, havoda va ko‘chalarda dezinformatsiya va tashviqotdan faol foydalanayotganini» ta’kidladi.
Ular, xususan, Sandu hamda uning «Harakat va birdamlik» partiyasini (PAS) «norozilik namoyishlarini qo‘zg‘atish maqsadida» tanqid qilish va «hozirgi prezidentning xarakteri va niyatlari haqida yolg‘on» tarqatishni rejalashtirish, shuningdek, «saylovlar paytidagi qonunbuzarliklar»ni tarqatishni rejalashtirmoqda», deyiladi bayonotda. «Agar Rossiyaning Moldovadagi saylovlarga aralashuvi muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, Moskva norozilik uyg‘otishga harakat qiladi, deyishga asos bor», — deya ogohlantirgan uch hukumat.
Prezident saylovlari va YeIga kirish bo‘yicha referendum
Moldovada prezidentlik saylovlari 20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari lavozimini 2020 yil dekabridan beri Mayya Sandu egallab kelmoqda. U ikkinchi muddatga prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatida. Prezidentlik saylovlari bilan bir kunda respublikaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Ovoz berish natijalari ijobiy bo‘lsa, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish Moldova konstitutsiyasiga «strategik maqsad» sifatida kiritiladi.