14 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

O‘zbekiston 20:16 / 14.06.2024 3529

Janubiy Koreya bilan imzolangan 17 ta hujjat, O‘zbekiston va Xitoyni bog‘lovchi temiryo‘l qurilishi boshlanadigan sana, parlamentning progulchi deputatlariga qarshi qo‘llanadigan choralar.

Janubiy Koreya prezidentining davlat tashrifi

Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning mamlakatimizga davlat tashrifi boshlandi. Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida Koreya prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ikki davlat bayroqlari ko‘tarilgan qarorgohda saf tortgan faxriy qorovul qarshisidagi shohsupada prezidentlar sharafiga davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-birlariga tanishtirdi. Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng tor doiradagi muzokaralar boshlandi.

Muzokaralar chog‘ida hamkorlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yirik yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va ilgari surish uchun yangi sheriklik modelini shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol o‘rtasida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi. O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida jami 17 ta hujjat imzolandi.

Ular orasida JST doirasida hamkorlik bayonnomasi, o‘ta muhim minerallar sohasida sheriklik, tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish, maktablar uchun texnologik uskunalarini yetkazib berish to‘g‘risida kelishuv bor.

Shuningdek, davlat rahbarlari Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. 

Sadir Japarov O‘zbekistonga keladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishi kutilyapti. Bu haqda Bishkekda Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Sanjar Bolotov 13 iyun kuni Bishkekda Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes-forumining ochilish marosimida ma’lum qildi.

Ikki davlat prezidentlarining bo‘lajak uchrashuvi mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi mushtarak irodani o‘zida mujassamlashtirgan muhim payt bo‘ladi.

«Prezidentlarimiz oldimizga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd AQSh dollariga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Bu - katta, ammo erishish mumkin bo‘lgan maqsad. Bu maqsadga erishish uchun biz birgalikda harakat qilishimiz, barcha mavjud vosita va mexanizmlardan foydalanishimiz kerak», — dedi Bolotov.

Forum yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiluvchi istiqbolli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilish uchun noyob imkoniyat ekanini aytgan vazir o‘rinbosari ham ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida muvaffaqiyatli va samarali hamkorlikka umid bildirdi. 

Xitoyga temiryo‘l qurilishi yozda boshlanadi

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi yozda boshlanishi mumkin. Bungacha liniya yotqizish ishlarini boshlash sanasi sifatida shu yilning oktyabr oyi qayta-qayta tilga olingandi.

Qirg‘iziston bosh vaziri Oqilbek Japarov Jo‘qorg‘i Kengeshning 13 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida avgust oyida uch davlat rahbarlarining uchrashuvi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda ishlarning rasmiy boshlanishi marosimi bo‘lib o‘tadi.

Japarovning ta’kidlashicha, o‘tgan hafta Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston transport vazirlari liniya loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolagan. Hujjat hamkorlik, jumladan, moliyalashtirishning asosiy tamoyillari va mexanizmlarini belgilaydi.

6 iyun kuni O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov temiryo‘lga tamal toshi oktyabr oyida qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham may oyida xuddi shunday muddatni tilga olgan edi.

Majlislarni uzrsiz qoldiruvchi deputatlar ishdan haydaladi

Qonunchilik palatasida deputatlar maqomi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi kiritildi.

Unga ko‘ra, majlislarda bir kalendar yilda 30 va undan ortiq kun davomida uzrli sabablarsiz qatnashmagan deputatlar vakolati muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Shuningdek, uzrli sabablarsiz majlislarda ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat bo‘yicha deputatning bir kunlik ish haqi uning roziligisiz ushlab qolinadi.

Deputatlar ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin ham haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullangan taqdirda ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.

Bundan tashqari, chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjat olishi ham ularning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishiga sabab bo‘ladi.

Bu qoidalar Senatda doimiy asosda ishlaydigan senatorlarga ham tegishlidir.

Indoneziya elchisi Toshkentda vafot etdi

Joriy yilning 13 iyun kuni Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchisi Toshkentda vafot etdi. Bu haqda elchixonaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berildi.

74 yoshli Sunario Kartadinata 2019 yildan beri O‘zbekistonda diplomatik faoliyat olib borayotgandi.

Tibbiyot fanlari magistri, professor Sunario Kartadinata bir vaqtning o‘zida Indoneziyaning Qirg‘izistondagi elchisi ham hisoblangan.

Ko‘proq yangiliklar: