Vengriya NATOning Ukrainaga rejalashtirilgan ko‘magini kengaytirishda ishtirok etmaydi, lekin bu loyihaga aralashmaydi, dedi Vengriyaning o‘ng qanot populistik hukumati rahbari Viktor Orban 12 iyun, chorshanba kuni alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan uchrashuvdan so‘ng.
NATO bosh kotibi kelishuvga erishilganidan mamnun ekanini ta’kidladi. Vengriya xodimlarining hech biri alyansning Ukrainaga yordam berish rejalarida ishtirok etmaydi, Vengriyadan moliyaviy yordam ham bo‘lmaydi. Stoltenberg ta’kidlaganidek, Orban uni «bu sa’y-harakatlarga qarshi chiqmasligiga va boshqa ittifoqchilarga oldinga siljish imkoniyatini berishiga» ishontirdi.
Budapesht bir necha bor Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilgan
«Vengriya NATOning boshqa a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qarorlarini bloklashni istamaydi», dedi Orban o‘z navbatida. Vengriyaning Rossiya Ukrainaga qarshi urushida qanday qilib tinchlikka erishish bo‘yicha pozitsiyasi ittifoqdagi boshqa davlatlarning qarashlaridan farq qiladi, ammo Budapesht «biznikidan farq qiladigan fikrlarning og‘irligi va soni muhimligini» tushunadi hamda Vengriya buni o‘zgartira olmaydi, deya qo‘shimcha qildi u. Avvalroq Orban hukumati Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishga bir necha bor to‘siq qo‘ygan edi.
NATOning yangi missiyasi, birinchi navbatda, Kiyevga qurol yetkazib berishni xalqaro darajada muvofiqlashtirish va ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash bilan bog‘liq. Bu loyiha iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi ittifoq sammitida taqdim etilishi mumkin. Tashabbus, shuningdek, Donald Trampning AQSh prezidentligiga qaytishi ehtimoli fonida o‘ziga xos ehtiyot chorasi sifatida ham ko‘rilmoqda. Respublikachining o‘tmishdagi bayonotlari Qo‘shma Shtatlar, agar u qayta saylansa, Rossiya harbiy aralashuvidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi borasida shubhalar keltirib chiqardi.