SpaceX’ning sakkiz nafar sobiq xodimi kompaniya va uning asoschisi, amerikalik milliarder Ilon Maskni jinsiy shilqimlik qilishda ayblab, sudga berdi, deb xabar tarqatdi NBC News 12 iyun, chorshanba kuni kechqurun. Advokatlar jurnalistlarga da’vo nusxasini taqdim etishdi, u Los-Anjyelesdagi Kaliforniya shtati sudiga yuborilgan.
Shikoyatchilar ta’kidlashicha, Mask SpaceX kompaniyasida jinsiy shilqimlik va Maskning jamoat joylaridagi xatti-harakatlari «sharmandalik manbasi» bo‘lganligi haqida ochiq xat yozganidan keyin ularni ishdan bo‘shatishga shaxsan buyruq bergan.
SpaceX sobiq xodimlari Maskni nimada ayblamoqda?
Ilon Mask kompaniyani «qorong‘u paytlarda» boshqaradi, deyiladi arizada. «U ayollarga jinsiy obekt sifatida qaraydi, xodimlarga behayo shahvoniy hazillar qiladi va bunga qarshi chiqqanlarga, agar yoqmasa, boshqa joyda ish qidirishi mumkinligi aytadi», dedi ayollar.
Da’voda federal va shtat mehnat qonunlari bir necha bor buzilganligi, shu jumladan Maskning «shaxsan jinsiy shilqimlik bilan shug‘ullangani va yomon ish muhitini yaratganligi», xodimlardan «kamsitish, ta’qib qilish va yomon ish muhitiga qarshi chiqqanlik uchun» o‘ch olgani aytiladi, deyiladi NBC News xabarida.
«Da’voga ko‘ra, Maskning Twitter, hozir esa X ijtimoiy tarmog‘idagi postlari oddiy xodimlar o‘rtasida ish joyida jinsiy jihatdan nomaqbul nutq va xatti-harakatlarni rag‘batlantirgan. Da’voda uning (Ilon Mask) kamida 20 ta posti eslatib o‘tilgan», - deya ta’kidlaydi nashr.
SpaceX prezidentining izohi
11 iyun kuni The Wall Street Journal internet-nashri ham SpaceX sobiq xodimlarining xuddi shunday ayblovlari haqida yozdi. SpaceX prezidenti va bosh operatsion direktori Gvinn Shotvell nashrga bergan izohlarida matbuot xabarlari «chalg‘ituvchi ekani»ni bildirgan hamda Ilon Mask «u tanigan eng yaxshi odamlardan biri» ekanligini aytgan. SpaceX jinsiy zo‘ravonlik haqidagi barcha ayblovlar bo‘yicha to‘liq tekshiruv o‘tkazmoqda va tegishli choralar ko‘rmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.
Sakkizta ishdan bo‘shatish holati yanvar oyida SpaceX’ga qarshi Milliy mehnat munosabatlari kengashi (NLRB) mintaqaviy vakili tomonidan kompaniyani federal mehnat qonunlarini buzganlikda ayblagan shikoyat mavzusi bo‘lgan, deb eslatadi NBC News. O‘shanda SpaceX NLRB tuzilmasini konstitutsiyaga zid deb e’lon qilishni talab etib, qarshi da’vo bilan chiqdi. NLRB shikoyati va tegishli da’vo hali ham ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi nashrda.
Biroq, 12 iyun kuni ommaga e’lon qilingan da’vo ushbu shikoyatdan farq qiladi, chunki u SpaceX ish joyidagi yomon muhit va ishdan bo‘shatishlar uchun javobgarlikka tortilishi so‘ralayotgan Ilon Maskka qaratilgan.