Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi may oyi uchun O‘zbekiston avtomobil bozoridagi holat tahlilini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, may oyida respublikada avtotransport vositalarining umumiy savdosi aprel oyiga qaraganda 14 foizga o‘sib, 101 ming donani tashkil etgan. Shunga qaramay, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan bozordagi faollik 35,4 foizga kam.
May oyida yengil avtomobillar savdosi qariyb 90 ming donani tashkil etib, 14 foizga oshdi. Yengil avtomobillar savdosining o‘sishi fevral oyidan beri so‘nggi 4 oy ichida bozor tiklanishining birinchi ijobiy ko‘rsatkichi bo‘ldi.
Yengil avtomobillar savdosida eng sezilarli o‘sish Surxondaryoda – 62 foiz, Navoiyda – 25,6 foiz va Farg‘ona viloyatlarida – 19,6 foiz kuzatildi.
Shunga qaramay, yengil avtomobillar bozori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,5 foizga kamaydi. Ushbu pasayishni ikkilamchi bozor ulushining sezilarli darajada pasayishi bilan izohlash mumkin, bu bozor shu davrda 1,8 baravarga qisqargan.
Birlamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
Birlamchi yengil avtomobillar bozorida may oyida sotuvlar aprel oyiga nisbatan 45,5 foizga oshdi va deyarli 29 mingni tashkil etdi. Biroq yillik ko‘rsatkichlarda faollikning 13,6 foizga pasayishi kuzatilmoqda.
May oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi aprelga nisbatan salkam 2 barobarga oshib, 26 mingtani tashkil etdi. Shu bilan birga, 2023 yil may oyiga nisbatan ushbu segmentda faollik 12,4 foizga kam bo‘lgan.
Xorijiy yengil avtomobillar segmenti
Xorijiy yengil avtomobillar bozori ham faollik oshganini ko‘rsatdi. May oyida sotuvlar bir oy oldingiga nisbatan 20 foizga oshib, 2,4 mingtani tashkil etdi. Biroq, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga kam.
Ikkilamchi yengil avtomobillar bozori
May oyida ikkilamchi yengil avtomobillar bozoridagi faollik aprelga nisbatan 3,4 foizga oshdi – ikkilamchi bozorda 61 mingga yaqin avtomobil sotildi. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan deyarli 43 foizga kam.
Elektromobillar bozoridagi vaziyat
May oyida yengil elektromobillar segmenti yana yuqori darajadagi o‘sish sur’atlarini namoyish etdi. Sotuvlar aprel oyiga nisbatan 31,6 foizga ko‘payib, rekord darajaga yetdi: bir oyda 3,8 mingta elektromobil sotildi.
O‘tgan yilning may oyi darajasiga nisbatan elektromobillar savdosi 2 baravarga oshdi.
May oyida elektromobillar umumiy savdosining 76 foizdan ortig‘i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.