London G7 yig‘ilishida Kiyevga deyarli 300 mln yevro ajratadi

Jahon 12:35 / 13.06.2024 1659

Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitida Kiyevning «shoshilinch gumanitar, energiya va barqarorlik ehtiyojlarini» qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga 242 million funt sterling (taxminan 286 million yevro) ajratilishini e’lon qiladi. Bu haqda uning idorasi 12 iyun, chorshanba kuni ma’lumot berdi.

«Ushbu moliyalashtirish Britaniyaning Ukraina bilan davom etayotgan xalqaro birdamligini va Rossiya tajovuzkorligi natijasida yuzaga kelgan shoshilinch ehtiyojlarga javob berishda moslashuvchanligimizni namoyish etadi», — deyiladi Britaniya hukumati bayonotida. Unda Rossiya Federatsiyasi tomonidan o‘qqa tutishdan jabr ko‘rgan Ukrainaning energetika infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlanadi. 

Sunak ofisi bildirishicha, uning G7 sammitidagi ustuvor vazifasi hamkorlar bilan «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan qanday foydalanishni kelishib olish» bo‘ladi. 

G7 davlatlari Rossiya aktivlari hisobidan Ukrainaga 50 mlrd dollar ajratadi - Le Monde

Avvalroq Fransiyaning Le Monde gazetasi G7 davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan Ukrainaga 50 milliard dollar ajratishga kelishib olgani haqida yozgan edi. Taxminlarga ko‘ra, Kiyev bu pulni ittifoqdoshlaridan kreditga oladi va uni Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining G‘arb mamlakatlarida joylashgan aktivlaridan unga o‘tkazilgan foizlar hisobidan to‘laydi. 

«Agar u yoki bu sababga ko‘ra Rossiya aktivlari muzlatilgan bo‘lsa yoki Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘lar kreditni moliyalashtirish uchun yetarli bo‘lmasa, biz yukni qanday bo‘lishish haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi», deb o‘z suhbatdoshining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Le Monde. 

AQSh Ukraina bilan xavfsizlik shartnomasini imzolaydi

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden Kiyev bilan xavfsizlik shartnomasini imzolashni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Bu haqda Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ma’lum qildi. 

Shartnoma doirasida Qo‘shma Shtatlar Ukrainani uzoq muddatda qo‘llab-quvvatlash majburiyatini olishi kutilmoqda, dedi Sallivan. «Ushbu shartnomani imzolash orqali biz Rossiyaga ham o‘zimizning qat’iyatimiz haqida signal beramiz. Agar Vladimir Putin Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi koalitsiya ustidan g‘alaba qozona oladi deb o‘ylayotgan bo‘lsa, demak, adashadi», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Shu bilan birga, AQSh prezidenti maslahatchisi kelishuv «Ukrainaning islohotlar bo‘yicha majburiyatlari» va Qo‘shma Shtatlar tomonidan yetkazib berilayotgan qurollar «yakuniy foydalanish monitoringini» o‘tkazish qobiliyatini o‘z ichiga olishini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, CNN manbalarga tayanib da’vo qilishicha, hujjatda AQShdan «Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq pul majburiyati» ko‘rsatilmagan. Biroq u Vashingtonni Ukraina Qurolli kuchlarini 10 yil davomida tayyorlashni davom ettirish, Kiyev bilan qurol va harbiy texnika ishlab chiqarishda hamkorlik qilish, harbiy yordam ko‘rsatish va «razvedka ma’lumotlari almashinuvini kengaytirish» majburiyatini oladi. CNN alohida ta’kidlashicha, kelishuv AQShning kelajakdagi prezident ma’muriyatlari tomonidan bekor qilinishi mumkin. 

Italiyada G7 sammiti 

G7’ning 50-sammiti 13 iyun kuni Italiyaning Apuliya shahrida ochiladi. Unda «Katta yettilik» mamlakatlari yetakchilari, jumladan, Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash, energetika va iqtisodiy xavfsizlik, migratsiya masalalari, Xitoy bilan aloqalar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarni muhokama qiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: