O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi bilan birgalikda 13-15 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘ladi.
Bugun, 13 iyun kuni Koreya prezidenti respublikaga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng, Koreya prezidenti turmush o‘rtog‘i hamrohligida o‘zlari uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston–Koreya do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
Savdo, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi, energetika, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qo‘shma dasturlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, mintaqaviy, shu jumladan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.
Sammit yakunlari bo‘yicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.