«Boshqalarga o‘xshamaganlar» bilan bir partada: Samarqanddagi inklyuziv sinflar haqida

Jamiyat 14:06 / 13.06.2024 4525

Avvaliga qo‘lida qalam tutishga qinalgan Adisa hozir daftarga qunt bilan husnixat yozmoqda, endi u yozayotgan harflar, ayniqsa bosh harflar binoyidek chiqmoqda.

— Qarang, «A» qanday chiroyli chiqdi! — xursand bo‘ladi qiz.

— Yaxshi, yanada harakat qil! — qo‘llaydi onasi.

Ota-ona qizining muvaffaqiyatidan xursand. Ammo buning ortida qanchalar iztirob va tashvish yotgani faqat ularga ayon.

— Qo‘lida chandiqlar bor, barmoqlar qisqa bo‘lib qolgan. Lekin muhimi, endi qizim qalam tutishni biladi, chizish va yozishni o‘rganmoqda. Ushbu ko‘nikmalarsiz u qiyin davrni boshidan kechirdi. Axir, bir necha yil oldin, uning yozish yoki chizishi mumkinligini hech kim tasavvur ham qila olmasdi.

Adisa Abdullayeva

Adisa yetti yoshga to‘lganda ko‘plab bolalar singari maktabga borishni orzu qilsa-da, ota-onasi tengdoshlari tomonidan masxara bo‘lishidan qo‘rqib, uni uyda o‘qitishga qaror qilishdi. Uning oldiga tog‘li Urgut tumanidagi 7-maktabdan har kuni o‘qituvchilar keladi. Qiz hech qachon dars qoldirmaydi va o‘qituvchi ko‘rsatmalarini astoydil bajaradi.

Onasining (u anonim qolishni afzal ko‘rdi) so‘zlariga ko‘ra, qiz maktabga borishni va tengdoshlari bilan muloqot qilishni juda xohlaydi. Ammo, ona qizidan xavotirda va albatta birinchi navbatda uni himoyasini o‘ylaydi.

O‘ziga xos bolalarning bunday hikoyalari kam emas. Nogiron bolalar! Ular ham jamiyatda bog‘cha va maktablarga borish huquqiga ega bo‘lishiga qaramay, munosabatlar hali-hamon o‘sha-o‘sha. Ota-onalar farzandini maktabga yuborishda atrofdagilar tomonidan izza va kamsitishlarga, kamchiliklarga duch bo‘lishidan qo‘rqishadi. Bundan tashqari, ana shunday xavotirda bo‘lgan ayrim ota-onalar hatto «nuqsonli bolani dunyoga keltirgani» uchun aybdorlik hissini tuyishadi. Qayg‘u va alamga botib, barcha sinovlarni faqatgina o‘z gardaniga olishadi.

— Albatta, har bir ona o‘z farzandini himoya qilishga va uni muammolardan xoli qilishga harakat qiladi, — deydi Adisaning onasi. — Oilamizda qizimizning maktabga borishi haqida savol tug‘ilganda, men qarshi edim. Nazarimda, tengdoshlari bolamni masxara qilib, uning nogironligini ro‘kach qiladigandek edi. Yillar o‘tib, farzandimni cheklab, uni tengdoshlari bilan muloqot qilishdan mahrum qilishimni, rivojlanishiga va to‘garaklar, musobaqalar hamda maktabning ijtimoiy hayotida qatnashishiga to‘sqinlik qilayotganimni angladim. Bola jamiyatda ijtimoiylashishi kerakligini tushundim. O‘ylaymanki, yangi o‘quv yilida qizimning orzusi ushaladi va u ilk bor partaga o‘tiradi.

Samarqand viloyatida Adisa singari 1956 nafar bola uyida ta’lim-tarbiya olmoqda. Ular uchun maxsus dastur yaratilgan va individual dars jadvali ishlab chiqilgan. Ammo nogiron bolani uyda ta’limga o‘tkazishdan oldin psixologik, tibbiy, pedagogik komissiya xulosasi va ota-ona arizasi talab etiladi.

Adisa Abdullayeva o‘qituvchisi bilan

O‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lanmayapti, bunga kim aybdor?

Samarqandda inklyuziv ta’lim haqida 2014 yilda aytila boshlandi. Tajriba tariqasida shahardagi 35, 13, 7, 45 va 15-sonli beshta maktab tanlab olinib, ularda inklyuziv sinflar ochildi. Bu inklyuziv ta’lim yo‘lidagi birinchi qadam edi.

Inklyuziv ta’limni joriy etish loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshirilgan. Samarqand shahridagi 13-maktabda ilk inklyuziv sinf ochildi. Loyiha doirasida bir necha maktab o‘qituvchilari maxsus treningdan o‘tdi. Loyiha tugadi, lekin bolalar ketishmadi, aksincha, yangilari kela boshladi. Hozir maktabda 30 nafar bola bor, lekin o‘qituvchilar qonunda belgilangan ustamani hech qachon olmagan.

2020 yilda O‘zbekistonda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan edi. Biroz vaqt o‘tib, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi «Bolalarni inklyuziv ta’minlash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 638-son qarori bilan inklyuziv ta’limga alohida e’tibor qaratilayotgan maktablar ochilishi boshlandi. O‘sha paytdan boshlab o‘qituvchilar maoshlariga qo‘shimcha haq olishlari kerak edi, lekin aslida ularga bugungi kungacha maosh berilmagan.

Hujjatda sinfdagi alohida ta’limga muhtoj bir bolaga — o‘qituvchi maoshining 10 foizi, 2 nafar bolaga — 20 foizi, 3 nafar bolaga — 30 foizi miqdorida to‘lovlar nazarda tutilgan. Ya’ni o‘qituvchi o‘rtacha 5 million maosh olsa, uch nafar imkoniyati cheklangan o‘quvchisi bo‘lsa 2 million so‘mdan ortiq ustama olish huquqiga ega.

Biz 13-maktab direktori Ra’no Babayarovaga murojaat qildik, u hech qachon to‘lov bo‘lmaganini tasdiqladi, lekin kameraga intervyu bermadi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid G‘oziyev ushbu muammoga to‘xtalar ekan, inklyuziv ta’lim sinflari o‘qituvchilariga alohida mehnat sharoitlari uchun oylik ustama to‘lash lozimligi, ammo Samarqand shahridagi 13-maktabda o‘qituvchilarning ish haqiga qo‘shimcha olmaganidan bexabarligini ta’kidladi. Biz bilan suhbatda rahbar muammoni o‘rganib chiqib, o‘qituvchilarga o‘sha yillar davomida to‘lanmagan ustamani to‘lashga va’da berdi.

13-maktab o‘quvchisi Sohibjon Jumanov.

Hozir viloyatda 22 ta maktab inklyuziv sinflarga ega bo‘lib, ulardan uchtasi shaharda joylashgan. Inklyuzivlikka kiritilgan bolalarning umumiy soni 40 kishini tashkil etadi. Albatta, bu mintaqa uchun juda kam ko‘rsatkich bo‘lib, inklyuziv ta’limda bo‘shliq mavjudligini va ehtimol, o‘qituvchilarga maosh to‘lamaslik uchun maktablarda o‘qiyotgan ko‘plab bunday bolalar shunchaki hisobga olinmayotganidan dalolat beradi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu muammoni nazoratga olsa va har bir o‘qituvchi o‘ziga tegishli ustama pulini olishiga harakat qilsa adolat qaror topgan bo‘lar edi.

«Status» sharoit mavjudligiga kafolat bermaydi

Inklyuziv sinflarning holati va ochilishi haqida gapirganda, biz sog‘lig‘i muammoli bolalar hamma bilan teng ravishda to‘liq ta’lim olishlari mumkin bo‘lgan maktablarni tasavvur qilamiz. Ya’ni nogiron va nosog‘lom bolalar uchun alohida sharoitlar yaratiladi: o‘quv xonalarini qayta moslashtirish, maxsus sanitariya xonasi, o‘ziga xos o‘qitish usullari va boshqa sharoitlar. Lekin aslida, bu yerda ham kamchiliklar bor.

Masalan, Samarqand shahridagi Qorasuv massivida 2021-2022-yillarda qurilgan va inklyuziv maqomga ega bo‘lgan 81-maktabda nogironlar aravachasida harakatlanish uchun alohida shart-sharoit yo‘q. Xususan, maxsus sanitariya xonalari mavjud emas, tor eshiklar aravachadagi bolaning bemalol harakatlanishi uchun to‘siq bo‘ladi. Ammo boshqa maktablardan farqli o‘laroq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim muassasasiga kiraverishda panduslar o‘rnatilgan.

Maktab direktori Alouddin Ochilovning aytishicha, bu yerda 7 nafar imkoniyati cheklangan bola tahsil olmoqda, yana 14 nafari uyda ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu maktabda o‘qituvchilarning oylik maoshi talab darajasida oshirilayotgani ham quvontiradi.

Nima bo‘lganda ham bunday ta’limni inklyuziv deb atash qiyin, bu nogironlar va alohida ta’limga muhtojlar oddiy ta’lim muassasalarida o‘qishga va o‘zgarishsiz qolgan ta’lim tizimiga moslashishga majbur qiladigan integratsiyadir.

— Albatta, bizda nogiron bolalarni qabul qilganimizda bolaning jamiyatga qanday moslashishi, sinfdoshlari uni qanday qabul qilishi, oddiy sinfda qanday o‘qishidan havotirda edik. O‘quvchilarning ota-onalari ham bezovta edi, — deya tan oladi maktab direktori Aloviddin Ochilov. — Ammo bu xavotirlar ortda qoldi va o‘quvchilar ijtimoiylashuvi muvaffaqiyatli o‘tdi. Misol uchun, bizda koxlear implantatsiya operatsiyasi (bu eshitishni jarrohlik yo‘li bilan tiklash)dan so‘ng eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchi bor, bola sinfdoshlari bilan gaplasha boshladi. Vaholanki, o‘quv yili boshida tengdoshlari bilan muloqotdan qochar edi. Hozir u turli materiallardan buyumlar yasashni o‘zlashtiradigan va turli tanlovlarda qatnashadigan faol o‘quvchilardan biri. Inklyuziv ta’lim haqida gapirganda, har bir bola o‘zi yashayotgan hududda sifatli ta’lim olish huquqiga ega ekanligini ta’kidlamoqchiman. U ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga borishi yoki inklyuziya maqomiga ega maktabni izlashi shart emas. BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida har bir bola o‘z yashash joyidagi maktabda o‘qishi, buning uchun unga teng sharoit yaratilishi kerakligi ta’kidlangan.

Maxsus maktab-internatlar — uydan uzoqda

Viloyatda alohida ehtiyojmand bolalar orasida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga boradiganlar ham bor. Mazkur ta’lim muassasalarida 2 ming 192 nafardan ortiq maktab yoshidagi alohida sharoitga muhtoj — asosan, ko‘zi ojiz, zaif ko‘ruvchi va aqli zaif bolalar tahsil oladi. Ular uchun o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishi uchun tegishli shart-sharoitlarga ega turli turdagi ixtisoslashtirilgan kasb-hunar ta’lim muassasalari tashkil etilgan. Maktab-internatlarda ta’lim davlat ta’lim standartlariga muvofiq maxsus ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.

Turli shakldagi nogironligi bo‘lgan bolalarni sog‘lom bolalardan ajratish tamoyiliga asoslangan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o‘tgan davrdan qolgan merosdir.

Shubhasiz, bu turdagi ta’limda ham sezilarli kamchiliklar bor. Asosiylaridan biri, bunday maktab-internatlar soni cheklangan va chekka hududlarda yashovchi bolalar internat yotoqxonalarida oilasidan uzoqda qolishga majbur. O‘quv jarayoni qanchalik sifatli bo‘lmasin, uydan uzoqda yashash bolaning rivojlanishi, ruhiy holati va tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Umumta’lim maktablarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun sharoit yaratilishi hozirda maxsus maktablarga ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan budjetni tejash va inklyuziv ta’limni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Masalan, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar umumiy ta’lim maktablarida brayl yozuvi asosidagi darsliklar va maxsus jihozlar bilan ta’minlansa, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga ehtiyoj qolmaydi.

Darhaqiqat, inklyuziv ta’limni yaratish borasidagi natijalar va muvaffaqiyatlar haqida hozircha gapirib bo‘lmaydi. Bunda ta’lim tizimini ayblash oson, ammo bu bolalarni jamiyatga ijtimoiylashtirish muammosini hal qilishda yordam bermaydi. Birinchi navbatda sa’y-harakat odamlarning o‘zidan. Afsuski, jamiyatda nogironlarga nisbatan e’tiborsizlik, befarqlik mavjud bo‘lib, bu tizim rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, jamiyat qanchalik bag‘rikeng bo‘lsa, dasturlarni amalga oshirish shunchalik oson bo‘ladi. Eng muhimi, xususiyatlaridan qat’i nazar, bolalarga umumiy tilni topish osonroq bo‘ladi.

Zamira BALTAYeVA, jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: