AQSh va Ukraina G7 sammitida xavfsizlik shartnomasini imzolaydi

Jahon 00:09 / 13.06.2024 4725

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivanning aytishicha, 13 iyun kuni AQSh Ukraina bilan xavfsizlik shartnomasini imzolaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda Amerika tomonining Ukrainani himoya qilish uchun o‘z armiyasidan foydalanish bo‘yicha majburiyatlari haqida hech qanday eslatma yo‘q.

G7 sammiti 13 iyun kuni Italiyaning Brindizi shahrida boshlanadi. Sammit doirasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Amerika prezidenti Jo Bayden o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Jyeyk Sallivan so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar yakunida tomonlar xavfsizlik shartnomasini imzolaydi.

Jurnalistning tegishli savoliga javoban, Sallivan kelishuvda «dollar hisobidagi aniq raqamlar» mavjud emasligini aytdi. Hujjat moliyalashtirish bo‘yicha Kongress bilan ishlash majburiyatini o‘z ichiga oladi, shuningdek, Ukraina armiyasiga mablag‘ ajratish masalasida AQShning Ukraina va boshqa ittifoqchilar bilan o‘zaro hamkorligi asoslarini belgilaydi. Prezident yordamchisining so‘zlariga ko‘ra, kelishuvda Ukrainani himoya qilish uchun AQSh harbiy kuchlaridan foydalanishga oid bandlar ham mavjud emas.

Italiyadagi sammit 15 iyunga qadar davom etadi. Bloomberg nashriga ko‘ra, konferensiyada G7 yetakchilari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainaga yordam berish uchun ishlatish rejalarini muhokama qiladi.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga Rossiyaning bloklangan aktivlaridan keladigan kelajakdagi daromad evaziga kredit taklif qilgan. Kredit miqdori 50 milliard dollarni tashkil etadi. Italiyadagi sammitda kelishuv tafsilotlari va Ukrainaga kredit berish mexanizmi muhokama qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: