Yevropa Ittifoqi Ukrainaga xususiy sarmoya kiritishni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi, dedi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen. Ukrainani qayta tiklash konferensiyasi doirasida YeI Rossiya hujumidan jabr ko‘rgan mamlakatga xususiy sektor investitsiyalarini rag‘batlantirish uchun banklar bilan taxminan 1,4 milliard yevrolik shartnomalar imzolaydi, dedi u 11 iyun, seshanba kuni Berlinda konferensiya ishtirokchilari bilan suhbatda.
Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, bu davom etayotgan urush bilan bog‘liq investitsiya xatarlarini kamaytirishga qaratilgan. Yevrokomissiya rahbari xorijiy kompaniyalarning Ukrainadagi faoliyatini ham yuqori baholadi. «Men biznes katta hissa qo‘shishga tayyor ekanligini bilaman, - dedi u. - Biz birgalikda Ukrainaning tiklanishini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli moliyaviy imkoniyatlarni safarbar qilamiz».
Yevropa investitsiya banki banklar va kompaniyalarga kafolatlar beradi
O‘z navbatida, Yevropa investitsiya banki Ukraina banklariga moliyaviy kafolatlar va Yevropa kompaniyalarining Ukrainaga eksporti uchun mablag‘ ajratilishini e’lon qildi. Ushbu kafolatlar banklarga Ukraina kompaniyalariga 1 milliard yevrodan ortiq kreditlar ajratish imkonini beradi, deyiladi bayonotda.
Yana 300 million yevro kichik va o‘rta kompaniyalarning Yevropa Ittifoqidan Ukrainaga eksportini ta’minlash uchun ajratiladi. Shuningdek, asosiy infratuzilma – maktablar, shifoxonalar va ijtimoiy uy-joylarni tiklash uchun millionlab yevro ajratiladi.
Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha uchinchi konferensiya
11-12 iyun kunlari Berlinda bo‘lib o‘tayotgan Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha ikki kunlik konferensiyada, jumladan, Ukrainadagi kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, zarur mutaxassislarni izlash masalalari muhokama qilinyapti. Tadbirda 60 mamlakatdan 2 mingga yaqin ishtirokchi – siyosat, xalqaro tashkilotlar, biznes, fuqarolik jamiyati, munitsipalitetlar va mintaqalar vakillari ishtirok etyapti.
Ukraina bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyani o‘tkazish orqali Germaniya hukumati Ukrainaning tiklanishiga uzoq muddatli istiqbolni taqdim etish va sarmoyalarni rag‘batlantirish niyatida. Bundan tashqari, gap Rossiya Federatsiyasi tomonidan davom etayotgan hujumlar fonida favqulodda yordam ko‘rsatish masalalari haqida ketyapti. Anjumanga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy keldi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining harbiy tajovuzidan Ukrainaga yetkazilgan zarar allaqachon kamida 486 milliard dollarni tashkil etyapti. Shunga o‘xshash konferensiyalar 2022 yilda Shveytsariyaning Lugano shahrida va 2023 yilda Londonda bo‘lib o‘tdi. Ukraina bilan birdamlik belgisi sifatida 10 iyun oqshomida 147 metrli Berlin radiominorasi Ukraina bayrog‘i ranglarida yoritilgan.