O‘zbekiston hududida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlarining ro‘yxati va ularning belgilarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qo‘shma qaror loyihasi e’lon qilindi.
Mazkur qaror loyihasi prezidentning 2024 yil 4 yanvardagi PF–5-son “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni 6-bandi uchinchi xatboshi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.
Qaror loyihasi O‘zbekiston hududida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha ro‘yxatni tasdiqlash va muntazam ravishda zaruratga qarab majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlari belgilari bo‘yicha ro‘yxatga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritib borish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qaror loyihasini qabul qilish va kelgusida amalga oshirish davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ talab etmaydi.
Taklif etilayotgan qaror loyihasi qabul qilinishi tufayli hosil bo‘lgan chiqindi tovarlariga qo‘yilgan belgilarga qarab ularni qayta ishlashga yo‘naltirishda qulayliklar yaratiladi hamda atrof-muhit ifloslanishi oldi olinadi.