“Mening bog‘im”ga qanday qilib taklif qoldiriladi?
Habibullo Hamidov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i:
— Fuqarolarimizni budjet mablag‘larining sarflanishi jarayonlarida o‘zlarining ijtimoiy-iqtisodiy takliflarini qondirish maqsadida “Mening bog‘im” loyihasi joriy etildi. Prezidentning 199-sonli farmoniga asosan “Yashil makon” umummilliy harakatini takomillashtirish yuzasidan farmoni imzolandi. Bunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 156-sonli qarori tasdiqlandi. Unga muvofiq, “Yashil makon” harakati doirasida davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning 50 foizi aynan “Ochiq budjet” portali orqali keng jamoatchilik ishtirokida sarflanishi belgilab o‘tildi. Shu loyihaga joriy yilning 10 iyunidan start berildi.
Bu jarayonlar 3 bosqichda tashkil etiladi. “Mening bog‘im” “Tashabbusli budjet” jarayonlari bilan bir xil tashkil qilinadi. Dastlabki 10 kun, ya’ni 10 iyundan 20 iyungacha takliflar qabul qilinadi. Ammo bildirilayotgan takliflar biroz “Tashabbusli budjet”dan farq qiladi. “Tashabbusli budjet”da fuqarolar tashabbus mazmunini o‘zlari kiritgan bo‘lsa, “Mening bog‘im”da Ekologiya vazirligi tomonidan 1000 dan oshiq hududlar tanlangan. Bu yerda fuqarolar yashil zonalarni tashkil etish va belgilangan manzillarga manzarali daraxtlar ekish takliflarini ilgari surishlari mumkin. Taqdim etilgan 1000 dan ortiq lokatsiyalar portalga joylashtirilgan, bu berilgan takliflar moderatsiya jarayonlarida rad etilmasligiga yordam beradi. Ayrim fuqarolar tomonidan ma’lum hududlarda yashil bog‘lar tashkil qilish takliflari bildirilganda bu aynan o‘sha manzil boshqa fuqaroga tegishli yoki boshqa fuqaroning tomorqasi, yo biror korxonaga tegishli bo‘ladigan bo‘lsa, shu taklif moderatsiya jarayonida rad etilishi tayin. Shuning uchun belgilangan lokatsiyalar bo‘yicha takliflar kiritiladi.
Yashil parklar uchun hududlar qanday tanlanadi?
O‘lmas Sobirov. Ekologiya, atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ul xodimi:
— Har bir tuman shaharda ekologik muhit yaratish uchun yashil bog‘lar, yashil parklar va jamoat bog‘lari bo‘lishi kerak. Yer bilan bog‘liq masalalarni mahalliy hokimliklar har yili dekabr oyida hal qiladi, ya’ni qayerda bog‘ qilinadi, qayerda aholi punkti quriladi, aniqlab chiqiladi. Rejalashtirilgan loyihaga ko‘ra aholining dam olishi, sayr qilishi uchun shunday joylar tanlanadi. Har bir tumanda bir nechta joy tanlanib, platformaga kiritiladi. Bu uzluksiz jarayon bo‘ladi, bu yil tanlangan yer bilan bu to‘xtab qolmaydi, keyingi yil boshqa hudud tanlanadi.
“Bir lokatsiya bo‘yicha kelib tushgan bir xil takliflar rad etiladi”
Habibullo Hamidov:
— 20 iyundan 3 iyulgacha tuman va shahar ekologiya bo‘limlari tomonidan moderatsiya jarayonlari o‘tkaziladi. Bunda bir lokatsiya bo‘yicha kelib tushgan loyihalar bir nechta bo‘lsa, birinchi taklif kiritgan fuqaroning taklifi inobatga olinadi. Boshqalariga esa “hurmatli fuqaro, siz tomoningizdan bildirilgan taklif boshqa fuqaro tomonidan bildirilgan taklifda aks etgan” degan xabar yuborilib, uning taklifi rad etiladi.
“Har bitta tumandan bitta taklif g‘olib bo‘ladi”
Habibullo Hamidov:
— Uchinchi bosqichda 10 kunlik ovoz berish jarayonlari o‘tkaziladi. Eng yuqori ovoz olgan takliflar tuman, shahar g‘aznachilik hisobvarag‘i tomonidan moliyalashtirib beriladi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, 2024 yil “Yashil makon” uchun davlat budjetidan 104 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. “Mening bog‘im” loyihasiga “Yashil makon”ga ajratilgan mablag‘larning yarmi, ya’ni 52 mlrd so‘mi yo‘naltiriladi. Har bitta taklif miqdori 250 mln so‘mni tashkil qiladi. Respublikada 208 ta tuman va shaharlar bo‘lsa, har bittasida bittadan loyihalar g‘olib bo‘ladi va ularda yashil zonalar va yashil parklar tashkil qilish uchun yo‘naltiriladi.
Har bir g‘olib loyihalar tuman va shaharlarda ochilgan hisob g‘azna mablag‘laridan moliyalashtiriladi. Bunda tuman va shahar ekologiya bo‘limlari loyihachi etib belgilangan. G‘oliblar aniqlangach, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga asosan ular to‘liq moliyalashtiriladi.
250 mln so‘m yashil zonalar tashkil etish va daraxtlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun yetarlimi?
O‘lmas Sobirov:
— Yirik loyiha bo‘ladigan bo‘lsa, unga ajratiladigan summa ham shunga yarasha bo‘ladi. 250 mln so‘mlik miqdor o‘rtacha hisobda olingan. Agar tashabbus ko‘proq mablag‘ talab qiladigan bo‘lsa, hokimiyatlarning mahalliy budjetlaridan orttirilgan mablag‘laridan ham moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.
Daraxtlarga kim g‘amxo‘rlik qiladi?
O‘lmas Sobirov:
— Tashabbuslar ovozga qo‘yilib, g‘oliblar aniqlangach, eng ko‘p ovoz olgan bog‘ yoki jamoat parki asosida moliyalashtirish boshlanadi. Ishchi guruh tomonidan hududlarda har bir tuman va shaharda pudratchi tashkil qilinadi (loyihachi esa tuman va shahar ekologiya bo‘limlari). Deylik, bir hududda jamoat parkini tashkil qilish kerak. Loyihachi parkdagi yo‘laklar, yoritish chiroqlaridan tortib sug‘orish tizimigacha qanday bo‘lishini loyihalashtiradi. Pudratchi u yerga ajratilgan mablag‘ hisobidan ko‘chatlarni tuproq iqlim sharoitiga mosligini tanlaydi va shu asosda ularni ekadi. 3 yilgacha sug‘orishdan tortib agrotexnik tadbirlargacha, hamma vazifalar pudratchiga yuklanadi. 3 yildan keyin bu park mahalliy budjetga qaytariladi.
Amaliy jarayon qachon boshlanadi?
O‘lmas Sobirov:
— Platformadagi jarayon tugagach, ovoz berish jarayonlari boshlanadi. G‘oliblar tanlangach, loyihalash, pudratchi tanlash, yer tayyorlash kabi ishlarga kuz mavsumi, ya’ni ko‘chat ekish mavsumigacha vaqtimiz yetarli. Bu yilgi tadbir bu yil tugaydi. Yakunida qancha ko‘chat ekilgan bo‘lsa, yashil makon platformasiga hisobot kiritiladi. Joylardagi hududiy ekologiya bo‘limlari tomonidan haqiqatan daraxt ekilganmi, mos ko‘chat tanlanganmi, o‘rganiladi. Keyin platformada bu tasdiqlanadi. Bu to‘liq nazoratda olib boriladi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.