Janubiy Koreya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi to‘rt asosiy yo‘nalishni qamrab oladi

O‘zbekiston 22:05 / 12.06.2024 6746

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 13-15 iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif to‘rt asosiy yo‘nalishni qamrab oladi. Bu haqda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, «Koreya tarixi, madaniyati, siyosati va iqtisodiyoti» kafedrasi mustaqil izlanuvchisi Gulbahor Dushayeva ma’lumot berdi. 

– Iqtisodiy hamkorlik kutilayotgan tashrifning markaziy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Janubiy Koreya kompaniyalari energetika, texnologiya va qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalarga sarmoya kiritish orqali O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, eksport va import tovarlari turlarini kengaytirish imkoniyatlari ham e’tiborda bo‘ladi, dedi Gulbahor Dushayeva. 

Uning qayd qilishicha, O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga zarur homashyo yetkazib berish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan. Raqamli iqtisodiyot va texnologiyalar sohasida yetakchi bo‘lgan Janubiy Koreya O‘zbekistonga iqtisodiyotni raqamlashtirish, elektron hukumatni rivojlantirish hamda sanoat va qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni taklif etadi. 

Shu bilan birga, global iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanishga o‘tish zarurati sharoitida yashil iqtisodiyot sohasidagi qo‘shma tashabbuslar muhokamasi ham kutilmoqda. Bu qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni o‘z ichiga oladi. 

«Tashrifning eng muhim jihatlaridan biri – Janubiy Koreyaning innovatsion imkoniyatlarini Markaziy Osiyoning rivojlanish salohiyati va boy resurslari bilan bog‘lovchi yangi modelni yaratishga qaratilgan «K-Silk Road» tashabbusi boshlanganini e’lon qilish. Bu Osiyo va Yevropani bog‘lab turgan Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlik aloqalarini keyingi bosqichga olib chiqadi. «K-Silk Road» tashabbusi hamkorlikning to‘rtta asosiy ustuniga ega hisoblanadi. Resurslar, rasmiy taraqqiyot yordami, madaniy almashinuv, hukumatlararo va xususiy sektorda hamkorlik kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi», dedi Dushayeva. 

Ta’kidlanishicha, Janubiy Koreya Markaziy Osiyoning iqtisodiy o‘sishi va sanoat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan energiya va mineral resurslar kabi tabiiy resurslardan foydalanishdan manfaatdor. Ushbu yo‘nalish doirasida foydali qazilmalarni qidirish va qazib olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ularni tashish va qayta ishlash infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan. 

Tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘rsatayotgan rasmiy taraqqiyot yordamini o‘z ichiga oladi. Asosiy sa’y-harakatlar infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Koreya tomoni mintaqa mamlakatlariga ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish va aholi turmush darajasini oshirishda yordam berish uchun o‘z tajribasi va texnologiyalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor. 

Uchinchi muhim yo‘nalish – madaniy almashinuvdir. Ushbu yo‘nalish doirasida Markaziy Osiyoda koreys madaniyatini, Koreyada esa Markaziy Osiyo madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan turli tadbirlar, festival va ko‘rgazmalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Talabalar, o‘qituvchilar va olimlar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Madaniy almashinuv mamlakatlarning ijobiy qiyofasini yaratishda muhim rol o‘ynaydi va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. 

To‘rtinchi yo‘nalish hukumat va xususiy sektor darajasidagi tarmoqlarni yaratish hamda mustahkamlash bilan bog‘liqdir. Mazkur yo‘nalish doirasida ikki davlat hukumati vakillari, ishbilarmonlar va ekspertlar o‘rtasida muntazam uchrashuvlar, muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunday tarmoqlarning yaratilishi samarali axborot, ilg‘or tajriba almashish imkonini beradi, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni tezda hal qilish va hamkorlik uchun yangi imkoniyatni topishda ko‘maklashadi. 

«Prezident Yun Sok Yolning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ilgari suriladigan «K-Silk Road» tashabbusi Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo bilan sherikligini mustahkamlashga bo‘lgan strategik istagini aks ettiradi», dedi Dushayeva.

Ko‘proq yangiliklar: