Rossiyada dollar va yevroning birjadagi savdolari to‘xtatildi 

Jahon 20:49 / 12.06.2024 22394

AQSh Moliya vazirligi Rossiyaga ilgari kiritilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam bergan 33 kishi va 300 ga yaqin rossiyalik va xorijiy kompaniya va tashkilotlarni o‘z ichiga olgan sanksiyalar ro‘yxatining yangilanganini e’lon qildi. 

Cheklovlarga duchor bo‘lgan yuridik shaxslar orasida Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Bolgariya, Serbiya, Janubiy Afrika, Birlashgan Arab Amirliklari, Belarus va Britaniya Virjiniya orollari kompaniyalari kiritilgan. 

Shuningdek, Rossiya valuta bozorida dollar savdosida vositachilik qiluvchi Rossiyaning bir qancha moliya institutlariga, xususan, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga nisbatan ham sanksiyalar joriy etildi. 

Mutaxassislarning qayd qilishicha, bu dollar tizimidan izolyatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin, jumladan, dollar savdosining to‘xtatilishiga. Misol uchun, Milliy kliring markaziga qarshi sanksiyalar birjada dollar savdosini imkonsiz qiladi va «yevrodagi birja savdosini ham shubha ostiga qo‘yadi». 

Yangi sanksiyalar e’lon qilingani ortidan Moskva birjasi 13 iyundan boshlab dollar va yevro savdosi to‘xtatilishini e’lon etdi. 

Rossiya Markaziy Banki dollar va yevro bitimlari birjadan tashqari bozorda amalga oshirilishini ma’lum qildi. 

Shuningdek, «Sogaz» sug‘urta kompaniyasi va Rossiya milliy sug‘urta kompaniyasi ham cheklovlarga duch keldi. 

100 dan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar Rossiya energetika, metallurgiya va tog‘-kon sanoati ishlab chiqarish va eksport salohiyatini rivojlantirish bilan shug‘ullanayotgani, shuningdek, ilgari kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bergani uchun ro‘yxatga kiritilgan, deb tushuntirdi AQSh Moliya vazirligi. Kiritilgan cheklovlar, shuningdek, bunday kompaniyalar uchun ikkilamchi sanksiyalar xavfini oshirishga qaratilgan. 

Bundan tashqari, ro‘yxatga Rossiya uchun oltin yuvish bilan shug‘ullanadigan o‘ndan ortiq transmilliy tarmoqlar, dron ishlab chiqarish, Rossiyaning kimyoviy va biologik qurollar dasturi uchun muhim materiallarni yetkazib beruvchi kompaniyalar ham kiritilgan. Joriy sanksiyalar, shuningdek, Rossiyaning suyultirilgan gazdan keladigan kelajakdagi daromadlarini cheklashga qaratilgan, deb qayd etdi Moliya vazirligi.

Ko‘proq yangiliklar: