Ukrainada urushning 838-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Azov dengizida ukrain dronlari buksir va barjaga hujum qildi.
- RF qo‘shini Xarkivga uchta aviabomba tashladi. Sakkiz kishi yaralangan.
- Polshada harbiy zavodda portlash ro‘y berdi, bu yerda Ukraina uchun zenit-raketa komplekslari ham ishlab chiqarilgan.
- Finlandiya rossiyaliklar samolyoti o‘z havo kengligini buzib kirganini gumon qilmoqda. Bu holat mamlakat NATOga a’zo bo‘lganidan buyon ilk bor kuzatilgan.
- Belgoroddagi telegram-kanalda bolalarning gubernatorga murojaati joylandi — ular o‘z maydonchalari atrofida bombapanagohlar qurishni so‘rashgan.
- Ukraina oladigan F-16 qiruvchilarining bir qismi boshqa mamlakatlardagi aviabazalarga joylashtiriladi.
- Z harfi aks etgan bolaga do‘q urgan yekaterinburglik ayol uch yilga qamaldi.
- Shebekinoda o‘zini mudofaa qilish kuchlarining uch jangchisi hamda «Rossiya 24» telekanali xodimi minada portlab ketdi.
- Moskvada trizub aks etgan kulon uchun talaba yetti kun muddatga hibsga olindi. Uni Aleksey Navalniy dafn etilgan Borisov qabristoni hududida qo‘lga olishgan.
Xarkiv o‘qqa tutilishi
Xarkiv oblastida yurish qilishga urinayotgan Rossiya qo‘shini oblast markazi bo‘ylab zarbalar berishni davom ettirmoqda. Region rahbari Oleg Sinegubovning aytishicha, 10 iyun kuni shaharning Kiyev va Saltikov rayonlariga KAB-500 aviabombalari tashlangan.
Vovchansk atrofidagi ukrain harbiylari hayoti
Xarkivdan 50 kilometr masofada Vovchansk uchun janglar davom etmoqda, Rossiya qo‘shinining shaharni bir hamlada egallab olishga bo‘lgan urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shahar qariyb to‘liq vayron bo‘lgan, Britaniyadagi The Guardian gazetasi Vovchansk haqidagi maqolasida uni «XXI asrning mini-Stalingradi», «o‘lim, qurollar ovozi va yaqin janglar joyi» deb atagan. Vaziyat og‘ir bo‘lishiga qaramay, ukrainalik harbiylar mudofaani ushlab turishga muvaffaq bo‘lmoqda. Rossiya qurolli kuchlari bo‘linmalari hamon shaharning shimoliy yarmini egallashga va shahar o‘rtasidan o‘tuvchi Volchya daryosini kechib o‘tishni uddalay olmagan. Ukraina qo‘mondonligi Vovchansk uchun janglarda qatnashayotgan harbiylariga dam berish uchun muntazam ravishda rotatsiya amalga oshirmoqda.
Chasiv Yar yaqinida yonib ketgan mashina
RF qo‘shini Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahrini ham egallashga harakat qilmoqda, bu frontning mazkur uchastkasidagi janglar uchun strategik ahamiyatga ega aholi yashash punktidir. Ukrainadagi telegram-kanallar 9 iyun kuni Rossiya qo‘mondonligi bir necha kundan buyon Kanal mikrorayonida kuch to‘playotgani haqida yozgan — bu Chasiv Yarning sharqiy chekkasi sanaladi. «Ukrainskaya pravda»ning Ukraina qurolli kuchlaridagi manbasi ham rossiyalik harbiylar shahar sharqiy chekkasida turgani va artilleriya hamda dronlar ko‘magida oldinga siljishga urinayotganini tasdiqlagan.