Saudiya Arabistoni rasmiylari Hajda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tmagan 300 mingdan ortiq odamni aniqladi.
Sharqpress xabariga ko‘ra, 157 mingga yaqin xorijlik ziyorat vizasi o‘rniga turistik vizada Haj ziyoratiga borishga uringan.
Haj xavfsizligi qo‘mitasi rahbari Muhammad ibn Abdulloh Al-Basamiy Haj qoidalari va ko‘rsatmalariga rioya qilmagan ziyoratchilarning 140 ta guruhi va 64 ta transport tashkiloti aniqlanganini ma’lum qildi.
Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko‘ra, 8 iyundan buyon mamlakatga ro‘yxatdan o‘tgan 1,3 milliondan ortiq ziyoratchi Hajda qatnashish uchun kelgan.
Saudiya Arabistoni rasmiylari har yili noqonuniy ravishda Haj ziyoratini ado etishga uringan shaxslarni qo‘lga oladi. O‘tgan yili 17 mingdan ortiq odam ruxsatsiz Hajga borishga uringani uchun hibsga olingan edi.
Avvalroq mamlakat hukumati xorij fuqarolari va rezidentlarini 2024 yilgi Hajda noqonuniy ishtirok etganlik uchun qattiq jazolanishidan ogohlantirgan edi. Bayonotga ko‘ra, ziyorat qilish uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan shaxslar 2 oydan 6 oygacha qamoq jazosiga va 50 ming Saudiya riyoligacha (13,3 ming dollardan ortiq) jarimaga tortilishi mumkin.
Shuningdek, qonunbuzar xorijliklar deportatsiya qilinadi va mamlakatga kirishi 10 yilga taqiqlanadi.
Saudiya Arabistoni qonunchiligiga ko‘ra, turistik viza bilan ziyorat qilish mumkin emas. Ziyorat uchun ikki xil viza mavjud - Haj vizasi va Umra vizasi. Bu ikki xil viza bo‘lib, birini o‘rniga boshqasidan foydalanish qoidabuzarlik hisoblanadi. Shuningdek, ushbu vizalar bilan mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin emas: Jidda, Makka va Madinadan boshqa shaharlarga kirish cheklanadi.