Muqaddam 8 marta sudlangan shaxs bemor va masjid qurilishiga xayriyadan yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirib yubordi

Jamiyat 10:25 / 11.06.2024 4555

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudida o‘tkazilgan sud majlisida og‘ir bemor uchun va masjid qurilishiga xayriyadan yig‘ilgan pullarni o‘zlashtirib yuborgan fuqaroga sud hukmi o‘qildi.

Sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Xorazm viloyatida yashovchi, avval ham turli jinoyatlarni sodir etgani uchun 8 marta (!) sudlangan Jasur Allaberdiyev yana fuqarolarni chuv tushirib, pullarini o‘zlashtirgan.

U 2023 yilda Telegramdagi guruhlardan birida bemor fuqarolardan birining Hindistonga borib davolanib kelishi uchun pul yig‘ilayotgani haqidagi e’longa ko‘zi tushib qoladi.

Paytdan foydalangan retsividist bemor bilan bog‘lanib, unga pul xayriya qilmoqchi ekanini aytadi. So‘ng uni aldab karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritadi va bemorning bank kartasidagi 7 mln so‘m pulni qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi.

J.A. jinoiy harakatlarini davom ettirib, Andijon viloyati Jalaquduq tumanida qurilayotgan masjid uchun pul bermoqchiligini aytib, boshqa bir fuqaroning bank karta ma’lumotlarini bilib oladi va uning 2 mln so‘m pullarini o‘zlashtiradi.

Har ikki holat yuzasidan Jinoyat ishlari qo‘zg‘atiladi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruvlar davomida 2023 yil dekabr oyida Jasur Allaberdiyev qo‘lga olinadi.

Surishtiruvlar davomida Jasur Allaberdiyev firibgarlik bilan o‘zlashtirgan pullarini “1Xbet” internet qimor o‘yiniga tikib yuborgani aniqlangan.

2024 yil 26 mart kuni ishni ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tuman sudi sudyasi Ozod Ne’matillayev Jasur Allaberdiyevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, “b” va “g” bandlari bilan aybdor deb topgan va unga 6 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Ko‘proq yangiliklar: