“Zararli chigirtkalarga qarshi kurashish uchun moddiy-texnik baza yaratilgan” – agentlik

O‘zbekiston 17:57 / 10.06.2024 4994

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati rahbari Sabina Sadinovaning ma’lum qilishicha, agentlik tarkibidagi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatining viloyatlardagi otryadlari chigirtkalarga qarshi kurash ishlarini olib boryapti. Zararli chigirtkaga qarshi kurash mavsumini betalafot o‘tkazish uchun moddiy-texnik baza, yoqilg‘i, kimyoviy vositalar zaxirasi jamg‘arilgan.

Jumladan, 144 ta OVX va VP-1 traktor purkagichi, 309 ta motorli osma qo‘l purkagichi, 28 ta yuqori unumli purkagichli avtomashinalar – jami 500 dan ortiq texnika jalb etilgan”, – dedi Sadinova.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda respublikada zararli chigirtkalarga qarshi 574,8 ming gektar maydonda kurash tadbirlari olib borilishi prognoz qilingan. Hozirgacha respublika bo‘yicha 375,4 mingdan ortiq gektar maydonda kimyoviy ishlov o‘tkazilgan. Shuningdek, zararli chigirtkalar tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan Turkmaniston bilan transchegaraviy hududlar Buxoro va Xorazm viloyatlarida ham nazorat kuchaytirilgan. Monitoring jarayonida Buxoro viloyatining Romitan, Qorako‘l, Olot, Jondor tumanlarida chigirtka tarqalgani aniqlanib, kimyoviy ishlov olib borilgan. Hozirgacha Buxoro viloyatida 12321 gektar, Xorazm viloyatida chigirtka o‘choqlarining oldini olish maqsadida 3272 gektarda kimyoviy ishlov o‘tkazilgan.

Shuningdek, munosabatda O‘zbekiston hududidagi saksovulzorlarda, xususan, Qizilqumda eng xavfli bo‘lgan katta va kichik saksovul bukur chigirtkasiga qarshi kurash aprel oyining uchinchi dekadasidan boshlangani ma’lum qilingan.

Bir necha kun avval Qozog‘iston Respublikasi hududida misli ko‘rilmagan darajada zararli chigirtka tarqalgani haqida xabarlar e’lon qilindi. Qozog‘iston Respublikasida zararli chigirtkaga qarshi kurash xizmatlari mavjud emasligi vaziyatni murakkablashtiradi. Qo‘shni mamlakatda qarshi kurash tadbirlari tender tanlovlarida g‘olib bo‘lgan xususiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Buning natijasida eng qimmatli resurs vaqt boy berilib, chigirtkalarning chegaradosh hududlardan uchib o‘tishiga olib kelmoqda”, – deyiladi munosabatda.

Ma’lumot uchun, chigirtkalar havo harorati ko‘tarilgani sari o‘rtacha 5-6 kunda 1 yoshni o‘taydi, ya’ni eng xavfli hisoblangan fazaga – qanot chiqarish davriga yetib keladi. Bunda hasharotlar kuniga 50-60 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Chigirtkalar xavfini bartaraf etish maqsadida BMTning FAO dasturi doirasida qo‘shni davlatlarda tizimli ish tashkil qilish taklifi ilgari surilgan.

Agentlik zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini olib borish bepulligini eslatib, aholidan 1288 va 71 202 28 88 raqamlariga murojaat qilishni so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: