Shengen vizasini berish nega rad etiladi? Yevroittifoq vakili bilan suhbat

O‘zbekiston 07:56 / 10.06.2024 17816

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari Mindaugas Kacherauskis Kun.uz'ga bergan intervyusida Shengen vizasi uchun arizachiga rad javobi berilishining eng ko‘p uchraydigan sabablarini sanab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vizani olish uchun Shengen zonaga kiruvchi davlatlarni “osonroq” yoki “qiyinroq” deb ajratib bo‘lmaydi, chunki barcha konsulliklar yagona qoidalar asosida faoliyat yuritadi.

Yevropa komissiyasi Shengen vizasi bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston fuqarolari Shengen vizasini so‘rab 46 503 ta ariza bergan bo‘lsa, shundan 38 333 ta holatda arizachi vizani qo‘lga kiritgan, 16,5 foiz holatda esa rad javobini olgan.

Kun.uz bu mavzudagi savollar bilan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari o‘rinbosari, Mahalliy Shengen hamkorligi raisi Mindaugas Kacherauskis bilan suhbat tashkil etdi.

YeI rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Shengen vizasi uchun topshirilayotgan arizalar soni oshib bormoqda. Bu ko‘rsatkich allaqachon pandemiyadan avvalgi darajaga yetgan. Olingan rad javoblarining asosiy sababi esa – arizachilarning hujjatlarni to‘liq topshirmagani, yolg‘on ma’lumotlarni taqdim etgani yoki noto‘g‘ri davlat elchixonasiga murojaat qilganiga borib taqaladi.

Rad etishlar soni O‘zbekistonga qaraganda Qozog‘istonda kamroq, lekin O‘zbekistonning “natijalari” Markaziy Osiyoning qolgan uchta respublikasiga qaraganda yaxshiroq.

Mindaugas Kacherauskis viza so‘roviga javob berilishida qaysi omillar chuqurroq tahlil qilinishi haqidagi savolga javob berdi. Uning ta’kidlashicha, har bir ariza beruvchiga individual yondashiladi. Lekin viza berishdagi tamoyillar umumiy va bu Shengen viza kodeksida belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, ittifoq va Shengen zonaga kiruvchi davlatlar elchixonalariga topshiriladigan hujjatlar ham deyarli bir xil. Olingan radlarning sababini viza beruvchi davlatlar kesimida tahlil qilish – ma’nosiz, chunki rad etilganlikning sababi hujjatlarning yetishmovchiligida, kamligida yoki taqiqlar borligida.

“Masalan, arizachi uchun Shengen axborot tizimiga kiritish bo‘yicha taqiq yo‘qmi, fuqaro a’zo davlatlarning jamoat tartibiga, ichki xavfsizligiga, sog‘lig‘iga yoki xalqaro doiradagi aloqalariga tahdid solmaydimi? Bu faktorlar alohida o‘rganiladi. Yana bitta eng asosiy omil esa yetarli yashash sharoiti va imkoniga ega bo‘lish. Bu juda muhim”, – deydi Kacherauskis.

Suhbatdoshimiz rad javoblarining boshqa sabablariga ham to‘xtalar ekan, arizachi Shengen zonasiga borgach, qayerda yashamoqchi ekani haqidagi ma’lumotlarni taqdim etmagani yoki bo‘lmasa, viza so‘rab noto‘g‘ri davlat elchixonasiga murojaat qilish holatlarini ham tilga oldi.

“Masalan, siz bir davlatga boryapsiz, lekin Shengen zona deya boshqa davlat elchixonasi, viza beruvchi tashkilotiga murojaat qildingiz. Albatta, bu noto‘g‘ri. Qaysi davlatga borsangiz, shu davlatning o‘ziga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Yana bir holat esa noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar. Qisqa muddatli viza talabgorlarining ortga qaytishi so‘roq ostida bo‘lsa ham, rad javobini oladi. Yana sabablari bor, lekin asosan shularni ko‘rsatsa bo‘ladi”, – deydi Mindaugas Kacherauskis.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Shengen vizasi uchun butun dunyodan jami 10,3 milliondan ortiq arizalar kelib tushgan. Bu – 2022 yilda kelib tushgan 7,5 millionta so‘rovdan 37 foizga ko‘p.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: