Rossiya Karib dengiziga harbiy kemalar yubordi. Bundan maqsad nima?

Jahon 14:40 / 10.06.2024 27640

Vashingtonning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi kuchaygan bir paytda, Rossiya harbiy kemalari ham AQSh biqinidagi Karib dengiziga yo‘l oldi. RF harbiy-dengiz kuchlari 12-17 iyun kunlari Kuba poytaxti portida bo‘ladi va ikki davlatning dengiz mashg‘ulotlari tashkil etiladi. “Geosiyosat”da tahlilchi Shuhrat Rasul mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi.

Sovet ittifoqining muhim ittifoqchisi bo‘lgan Kuba bilan Rossiyaning yaqindan munosabatlarni tiklash jarayonida muhim nuqtalar nimalar?

— 1962 yil oktyabrdagi Karib inqirozida ham, hozir ham mana shu Karib havzasi urg‘ulanyapti, buning o‘ziga xos ma’nosi bor. Sovuq urush davrida 1962 yil dunyo yadro urushi yoqasiga kelib qolgan edi. O‘sha paytdagi voqealarni biroz ochib bermasak, bugungi bo‘layotgan ishlarni tushunish qiyin bo‘ladi. 1962 yili 24 mayda SSSR siyosiy byurosi Kuba bilan kelishib, Kubaga yadro raketalarini joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Buni amalga oshirish uchun «Anadyr» operatsiyasi tashkil qilinadi. Operatsiya doirasida Kubaga 90 ortiq yadro zaryadlari, 100 ga yaqin raketalar o‘rnatilishi kerak bo‘ladi va operatsiya muvaffaqiyatli bo‘ladi.

AQSh razvedkasi o‘sha paytda faollik kuzatilganini sezadi, ammo aniq bilolmaydi. Rossiya tomoni savdo kemasi niqobida bir necha oy davomida raketa va yadro kallaklarini joylashtiradi. AQSh razvedka samolyotlari raketalar startga tayyor holatga kelgandan keyin aniqlagan 14 oktyabrda. Ma’lumotlar to‘liq yig‘ilib 16 oktyabrda prezident Kennediga ma’lum qilinadi, AQSh hukumati shok holatiga tushadi. Bu voqelik Karib inqirozi deb ataladi va yadro urushiga eng yaqin kelgan vaziyat hisoblanadi. 27 oktyabrda Kubani blokada qilib, barcha tomondan harbiy flot o‘rab oladi. AQShning razvedka samolyoti Kuba ustidan uchib o‘tayotganda SSSR tomonidan urib tushiriladi va mana shu holat Karib inqirozining kulminatsiyasi bo‘ladi, ikki tomon ham yadro raketalarni hujumga tayyor holatga keltiradi.

Jon Kennedining ukasi Robert Kennedi SSSR elchisi bilan gaplashadi Jon Kennedining topshirig‘iga ko‘ra va shu suhbat bilan urush xavfining oldini olish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘yiladi.

Hozir Rossiya xuddi shu eskalatsiya ssenariysini qaytarmoqchi bo‘lyapti. 4 ta kema, 1 ta suvosti kemasi 12 iyunda Gavana portlariga boradi. Bu kemalar Rossiyaning so‘nggi turdagi qurollari bilan qurollantirilgan. Eski Oniks raketalar tizimi ham zamonaviylashtirilgan.

Kuba tomoni bu kemalarda yadro quroli yo‘q, deb alohida urg‘ulayapti. Lekin Rossiya OAVlari Karib inqirozi bilan taqqoslab, hozir ham eskalatsiya shu darajada, AQShdan takliflar kutyapmiz, deb yorityapti. Ssenariy bo‘yicha «Kennedi» paydo bo‘lib, eskalatsiyani to‘xtataylik deyishi kerak, ya’ni buning uchun Ukrainaga yordamni to‘xtatishi kerak reja bo‘yicha. Ammo AQSh Xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kelbi Rossiya kemalari kelishini qiziq holat va biz buni kuzatamiz, o‘zimizga xavf ko‘rmayapmiz, bu orqali Rossiya bizga emas, o‘zining ichki jamiyatiga signal yuboryapti, deb baholadi. Bu baho bilan Rossiya mantig‘ini yo‘qqa chiqarib bo‘ldi. Agar kemalarda yadro qurollari bo‘lsa, AQSh eskalatsiyani jiddiyroq qabul qilgan bo‘lardi. Lekin Rossiya tomoni bu kemalarga yadro kallaklari joylashtirmadi. Rossiya ssenariysi o‘tmay qolyapti, maqsad — Karib inqirozi darajasiga ko‘tarib, muzokaralar boshlash edi.

Rossiyaning maqsadlari tushunarli, Kubaning manfaatlar nimada? So‘nggi vaqtlarda AQSh bilan aloqalari yaxshilanib borayotgandi.

— 80 yillar oxiri, 90 yillar boshida sotsialistik blok quladi, lekin marksizmdan voz kechmay qolgan davlatlar ham qolgandi, shulardan biri Kuba. Kuba bugun ham shu g‘oyalar bilan yashayapti va yakkalanib qoldi, marksizmni qo‘llayotgan davlatlar 2-3 ta qoldi xolos.

Kuba nazdida Rossiya bilan hamkorlik qilish ularning manfaatiga to‘g‘ri keladi, Rossiyani o‘ziga himoyachi deb biladi. AQSh bilan yaqinlashish oxirigacha yetmay qoldi, Obama ham Kuba hali o‘zgarishlarga tayyor emas ekan, deb bayonot bergandi.

Rossiyaning Karib dengizidagi harbiy mashg‘ulotlari G‘arb uchun javob yurishimi?

— Rossiya may oyida taktik yadro qurollarini kompyuter sinovidan o‘tkazdi. Bunga javoban 11 ta G‘arb davlati o‘z qurollaridan Rossiya ichkarisiga zarba berishga ruxsat berdi Ukrainaga. Bu davlatlar ichida Fransiya, Germaniya kabi lider davlatlar bor. Bayden ham qisman foydalanishga, ya’ni faqat Xarkov yo‘nalishiga ruxsat berdi. Rossiya esa mana shu Kubaga harbiy kemalar yuborish bilan javob beryapti. Lekin bunga ham G‘arbning javobi tayyor: NATO Boltiq dengizida katta o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish arafasida. Bunda 9 mingta harbiy, 50 tadan ziyod samolyot (24 ta taktik yadro quroli olib yura oladigan 2 ta B52 samolyoti ham bor) ishtirok etadi.

Aytib o‘tish kerak. Ukraina urushi masalasida BMTda Rossiyaning yonini olayotgan 3-5 ta davlat ichida Kuba ham bor.

Putin Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forumda Ukraina bo‘yicha ham bayonotlar berdi. Boshqa davlatlar qurollari Rossiya ichkarisiga hujum qilish uchun ishlatilsa, buning javobi assimetrik ko‘tarilish darajasida bo‘ladi, dedi Putin. Bundan nimani tushunish kerak?

— G‘arbga dushman bo‘lgan kuchlar bor, ko‘proq terrorchilar. Agar qurol berilsa, ularga farqi yo‘q, ishlataveradi G‘arbga ham, AQShga ham. Rossiya bular qaysi tashkilotlar ekanini biladi. Bu narsa eskalatsiyaning keyingi bosqichi bo‘lishi mumkin, hozircha faqat ritorikada aytildi. Agar Iskandar, Oniks raketalari (2,5 ming km) berilsa, imkoniyati juda oshadi va Yaqin Sharqda NATOga muammolar keltirib chiqarishi mumkin. AQShdan «Robert Kennedi»ni kutayotgan bo‘lsa, Yevropadan «Chemberlin»ni kutyapti, ya’ni kimdir chiqib, bo‘ldi, eskalatsiya oshib ketyapti, Ukrainaga yordam bermaylik, deyishi kerak.

Rossiya yadroviy doktrinasiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin, degan Putin. Bu bilan nima demoqchi?

— Rossiya yadro doktrinasida Rossiya davlatchiligining asoslariga xavf tug‘ilsa, yadro quroli qo‘llanadi, deyilgan. Putin mana shuni o‘zgartirish mumkin, deyapti, bu ham eskalatsiyaning bir bosqichi hisoblanadi. Lekin bu narsaga hozircha ehtiyoj yo‘q, deb ketdi. Menimcha, Rossiya yadro urushini boshlash uchun ritorikadan boshqa hech narsa qilayotgani yo‘q. Ukraina va G‘arbni holsizlantirish taktikasida turibdi haliyam. Urush tugatishda egallagan hududlarni olib qolmoqchi yoki urushni muzlataylik, deyapti. Sobiq SSSRda bunaqa muzlatish bo‘yicha tajriba katta. Karaganov biz tezroq taktik yadro qurolini ishlatishimiz kerak deyapti, bu ritorikadan Putinning o‘zi ham cho‘chib qoldi.

Rossiya mashg‘ulotlarda qanday qurollardan foydalanmoqchi?

— SSSR harbiy floti bilan Rossiya harbiy flotini solishtirsak, SSSR flotining 30 foizini ham tashkil qilmaydi. SSSR floti juda qudratli, AQShniki bilan deyarli teng flot edi. Boshqa davlatlarga bo‘linib ketgani uchun shunday kamayib ketgan, masalan, Qora dengiz flotining yarmini Ukraina olib ko‘ygan. SSSRda Boltiq dengizi floti, Shimoliy Muz okeani floti, Tinch okeani floti, Qora dengiz floti, Kaspiy va O‘rtayer dengizi flotiyalari bor edi. Flotiyalar ham deyarli flot edi, masalan, O‘rtayer flotiliyasida 60 ta kema bo‘lgan, Suriyada bazasi ham bo‘lgan. Hozir Qora dengiz floti deyarli yakson bo‘ldi, Ukraina floti ustun keldi. Suvosti kemalarini modernizatsiya qilinadi deb buzib, hali 4 tasini qildi faqat. SSSR suvosti flotidan taxminan 5 barobar kuchsiz hozirgi Rossiya suvosti floti.

Jon Kelli aytganidek, bitta suvosti va 4 ta suvusti kemasi Kubaga borishi qiziq holat o‘zi. AQSh ham Rossiya va SSSR flotlari orasida katta farq borligini yaxshi biladi. Qo‘rqayotgani yo‘q AQSh.

Bu missiya tarkibidagi mas’ullardan faqat admiral Gorshkov harbiy odam. Dengizda eng qudratli kemalar — kreyserlar, ularda turli qurollar bo‘ladi, hatto havo hujumlariga qarshi tura oladi. Bu tarkibda shu kreyser ham yo‘q, fregatlar boryapti.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: