Qishga tayyorgarlik uchun bu yil ham 14 trln so‘m ajratiladi. Prezident mas’ullarni ogohlantirdi

O‘zbekiston 19:05 / 10.06.2024 12971

O‘tgan yili kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun 14 trln so‘m ajratilgan edi. Bu yil ham shu maqsadlar uchun yana 14 trln so‘m ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kungi yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Endi “muddat kam edi, mablag‘ bo‘lmadi”, deb bahona qilishga hech kimning haqqi yo‘q”, – deya mutasaddilarni ogohlantirdi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari yil boshidan viloyatlarda 250 ta avariyaviy o‘chish bois ayrim joylardagi iste’molchilarga elektr barqaror yetkazilmaganini ta’kidladi. Chunki ba’zi ko‘p qavatli uylardagi elektr qutilar va undagi simlar muddatini o‘tab bo‘lgan.

Mutasaddilarga bu boradagi kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish topshirildi. Ishlarni eng og‘ir mahallalardan boshlab, yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformatorni yaxshilash vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq energetika vazirining matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev 2023 yilda (yil boshidagi energetika inqirozidan keyin) sohaga ajratilgan 14,5 trln so‘m mablag‘ hisobiga vazirlik “sohani ancha-muncha modernizatsiya qilib olgani”ni aytgandi.

“To‘g‘ri, 100 foiz ta’mirlab oldik deyolmaymiz. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni 100 foiz deb oladigan bo‘lsak, bu mablag‘ga 18-20 foizi qilindi”, – degandi Toshxo‘jayev.

Ko‘proq yangiliklar: